Ona tabiat ne'matlarga boy. Uning bag'rida ming bir dardga davo bo'luvchi o'simliklaru turfa minerallar jamuljamdir. Faqat ularni anglash, zararlisini foydalisidan ajrata bilish g'oyat muhim. Bunda bizga qadimdan shakllanib, takomil bosqichini o'tab kelgan tabobat ilmi g'oyat asqotadi. Sharq tabobatining otasi, ulug' bobokalonimiz Ibn sino tabiatdagi ne'matlar qatorida, sholg'omning ham shifobaxsh xususiyatlari haqida qimmatli ma'lumotlarni yozib qoldirgan.

Ulug' allomaning qayd etishicha, sholg'om urug'i og'rigan joyga qo'yib bog'lansa, og'riqni bartaraf etadi. Ichini o'yib, unga mum bilan gulmoyi solib, qo'rga ko'mib eritilgani teri xastaliklari, sovuqdan paydo bo'lgan va yaraga aylangan yoriqlarga naf beradi. Go'sht bilan pishirilganda, tomoqni yumshatadi. Uni pishirib yoxud xomligicha iste'mol qilinsa, ko'zga foyda keltiradi. Nafas yo'lini rostlaydi. Yurak behalovat bo'lganda ajoyib malham bo'ladi. Sholg'omning asal bilan aralashgan sharbati yo'talga barham beradi. Harorat ko'tarilganda, tomoq og'riganda foyda qiladi. Ushbu sabzavot ham piyoz, sarimsoqpiyoz, turp kabi tabiiy antibiotik hisoblanadi. Chunki uning tarkibida fitonsidlar mavjud. Bu modda viruslarga qiron keltiradi hamda  o'tkir respirator virusli infeksiyalarga qarshi kurashda ijobiy ta'sirga ega.

Sholg'om, odatda, suyuq taomlar bilan birgalikda iste'mol qilinadi. Uning shifobaxsh xususiyatlari bisyor. 100 gramm sholg'omning kaloriyasi 30 kilokaloriyaga teng. Uning tarkibida karotin, A, V1, V2, V5, V6, V9 (foliy kislotasi) kabi ko'pgina vitaminlar guruhi, K, S va RR singari kletchatkalar hamda kaliy tuzi, magniy, kalsiy, fosfor, temir, oltingugurt, mis, natriy, marganes va yod moddasi mavjud.

Sholg'om tarkibi mikroelementlar, uglevod va vitaminlarga juda boy. Ushbu sabzavotda juda kam uchraydigan glyukorafanin moddasi mavjud. U diabet va saratonni davolashga yordam beradi. Uning tarkibida rediskaga nisbatan fosfor ko'p. Karamga nisbatan esa S vitamini bisyorligi bilan   ajralib turadi.

Sholg'om jigar faoliyatini yaxshilaydi. O't pufagi suyuqligining ishlab chiqarilishini me'yorlashtiradi. Qovuqda toshlarning paydo bo'lishiga to'sqinlik qiladi. Tarkibidagi sellyuloza ichaklar faoliyatini faollashtiradi. Me'da-ichak tizimi faoliyatiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Qolaversa, qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi. Qadimdan sholg'om sil va moxov kasalligining oldini oluvchi sabzavot sanalgan. Undan tayyorlangan murabbo immunitetni ko'taradi. Sholg'om qaynatmasi esa angina (bodomcha bezlari yallig'lanishi) va tish kasalliklarida foydalidir. Bu sabzavot pishirilganda uning shifobaxshligi yanada ortadi. Chunki sholg'om pishirilish jarayonida undagi glyukozid moddasi xantal moyiga aylanadi. U ishtahani yaxshilaydi. Sholg'omni xomligicha yeyish qabziyatda foydali. Me'da va ichaklar o'tkir yallig'langan paytda, gastrit va o'n ikki barmoq yarasi borlarga uni xomligicha yeyish tavsiya etilmaydi.

Sholg'omni ichak yallig'lanishi bor insonlar iste'mol qilmagani ma'qul. Chunki kuchli va surunkali gepatit (jigar ho'jayralari yallig'langanda), xoletsistit (o't pufagi yallig'lanishi) va markaziy asab tizimi bilan bog'liq kasalliklarda ham uni iste'mol qilish tavsiya etilmaydi.

Internet manbalari asosida

Asolat AHMADQULOVA tayyorladi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan