Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi Jom qishlog'ida joylashgan 79-sonli o'rta umumta'lim maktabida buyuk davlat va jamoat arbobi, sarkarda, Ikkinchi Uyg'onish davri — Temuriylar Renessansi bunyodkori Amir Temur tavalludining 690 yiligiga bag'ishlangan   “Uch avlod uchrashuvi” bo'lib o'tdi. 

Tadbirni faol nuroniy, faxriy o'qituvchi Xolboy Mahatov kirish so'zi bilan ochib,  bugungi kunda  o'quvchi-yoshlarning kasb-hunar egallashlari uchun yurtimizda barcha qulayliklar yaratilayotganligi, shunga javoban yigit-qizlarimiz o'qib, ilm olib, kelajakda jamiyatimiz uchun yetuk kadrlar bo'lib yetishish yo'lida g'ayrat ko'rsatishlari lozimligini, bu yo'lda buyuk davlat va jamoat arbobi, sarkarda Amir Temur hayoti barcha yoshlarimiz uchun katta ibrat ekanini aytib o'tdi.

Shundan so'ng “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi “Buvijonlar maktabi” rahbari Oygul Jo'rayeva, O'zbekiston Ekologik partiyasi tuman bo'limi rahbari Gulshan Shermatova, “Adolat” sotsial demokratik partiyasi tuman bo'limi rahbari Orol Tojiyev, “Omondara” mahallasi faoli Abdipattoh Tursunov, “Tegirmonboshi” mahallasi mehnat faxriysi Said Usmonov va yana qator nuroniylar so'zga chiqib, tadbir ahamiyatiga to'xtaldilar. O'z navbatida, keksa avlod vakillarining yoshlar kamoloti yo'lidagi o'rnini alohida e'tirof etdilar.

Uchrashuv davomida nuroniylar o'z mehnat va hayot tajribalaridan gapirib, yoshlarga vaqtni behuda o'tkzmaslik, kasb-hunar egallash, el-yurt koriga yaraydigan insonlar bo'lib yetishish, jamiyatga munosib xizmat qilish, oila degan muqaddas qo'rg'onni hamisha asrash, farzandlarni komil inson ruhida kamol toptirish, jamiyatda kechayotgan islohotlarda faol ishtirok etish lozimligini uqtirib o'tdilar.

Tadbir yakunida “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi raisi Doniyor Xushvaqtov so'z olib, bu kabi tadbirlar yosh avlod ta'lim-tarbiyasi uchun foydali tashabbuslardan biri ekanligini ta'kidladi.

Uchrashuvning badiiy qismida maktab o'quvchilari taniqli shoirlar va o'z ijod namunalaridan ijro etdilar. San'atkorlarning diltortar ijrolari davraga yanada fayz kiritdi.

Xursand Boychayev,

Nurobod tumani  “Jom” mahallasi

faol nuroniysi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan