Ayol… bu so'z zamirida guldan-da noziklik hissi, bo'rondan-da kuchli matonat tuyg'usi, olmosdek keskir tafakkur va donishmandlik, mo''jizalar yaratguvchi qalb mujassamdir. Har nafasida, hayotining har bir lahzasida o'z e'tiqodi, ahdi va faoliyatida sobit turib,  oilasini ko'z qorachig'idek asrab, el-yurtimiz ravnaqi yo'lida fidoyilik ko'rsatgan, xalqimizning  ardoqli farzandiga aylangan xotin-qizlar juda ko'p.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan shifokor, tibbiyot fanlari doktori, professor Naima Mahmudova ham shubhasizki, xalqimizning ana shunday farzandlaridan biri edi. Olima aholining salomatligi, ayniqsa, sog'lom onalik va bolalikni muhofaza qilishga qo'shgan hissasi ortidan ezgu xotiralar bilan eslanadi.

Naimaxon Mahmudova 1928 yil 10 avgustda Toshkent shahrida tug'ilgan. Otasi Mahmud Hodiyev Botu taxallusi bilan ijod qilgan, shuningdek, partiya va davlat organlari tahririyatida ishlagan.

Afsuski, Naimaxonimning bolaligi ota-ona diydoridan uzoqda kechadi. 1930 yilda Mahmud Hodiyev millatchilikda ayblanib, 1938 yilda otuvga hukm qilinadi. Hatto ayoli ham ta'qib ostiga olinib, Sibirga surgun qilingan. Naimaxon bu paytda hali ikki yoshli qizaloq edi, uni bobosi Maqsud ota va buvisi To'xtaxon aya tarbiya qiladilar. To'xtaxon aya kichik Naimaga o'zbek xalq ertaklaridan o'qib berar, bu bevosita Naimaxonning o'zbekona qadriyatlar, milliy tamaddun haqidagi qarashlarini shakllantirib borardi. Bobo-buvisi Naimani zamonaviy tillar o'qitiladigan maktabga berishadi.

1944 yilda O'rta Osiyo davlat  universiteti (hozirgi O'zMU)ning tayyorlov, so'ng sharqshunoslik fakultetiga o'qishga kiradi. Uning ta'lim olishida amakisi Sodiq Hodiyevning ham alohida o'rni bor. U Naimaga otalarcha mehr berib, g'amxo'rlik ko'rsatardi. Naima 1945 yilda amakisining tashabbusi bilan  Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi)ga o'qishga kiradi. Garchi ota-onasidan uzoqda o'sib-ulg'aysa-da, oilaviy muhit, yaqinlarining qo'llab-quvvatlovi sabab, Naima odamlardan, jamiyatdan uzilib qolmadi. Aksincha bemorlarning dardiga shifo topish, kasalliklarni davolashga e'tibor qaratdi.

Naima Mahmudova institutni tamomlagach, O'zbekistonning eng chekka hududi — Xorazm viloyati Xiva shahriga ishga yuboriladi. O'sha paytda Xivaga yetish uchun na uchoq, na temir yo'l bo'lgan. Naimaxon onasi (Sibirga surgun qilingach, 10 yildan keyin qaytgan) bilan Turkmanistonning Chorjo'y tumani orqali yuk poezdida Urganchga, keyin esa yuk mashinasi kuzovida Xivaga yetib oladi. Shahardagi poliklinikada nevropatolog bo'lib ish boshlaydi. Asab kasalliklari mutaxassisligini chuqurroq o'rganish maqsadida, 1952 yilda Toshkent malaka oshirish kursida o'qiydi. U aynan shu yerda turmush o'rtog'i — samarqandlik Umar Qurbonov bilan tanishgan. U bilan turmush qurishgach, Urgut tumani sanitariya-epidemiologiya xizmatida bosh shifokor, keyinroq Samarqand viloyati Sog'liqni saqlash boshqarmasi  bosh shifokori vazifalarida ishlagan. 1963 yildan 1971 yilgacha O'bekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vaziri o'rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. Bu davrda u bolalar va onalar salomatligi yo'lida salmoqli ishlarni amalga oshirgan. Pediatriya va akusher-ginekologiya ilmiy-tekshirish institutining qurilishi va ishga tushirilishida, Toshkent pediatriya tibbiyot institutini tashkil etishda Naima Mahmudova asosiy tashabbuskorlardan biri bo'lgan.

Naima Mahmudova bolalarda miya falaji kasalligi bo'yicha 2 ta monografiya yaratgan. Shuningdek, o'z izlanishlari davomida ko'p tarmoqli shifoxonalar, ixtisoslashtirilgan tug'uruqxonalar, ambulatoriya va tez tibbiy yordam ko'rsatish xizmatlari, sanatoriya tarmog'i, onalik va bolalar tibbiyot muassasalari tarmog'ini jadal kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sog'lom avlod yetishtirishda ona va bolalarni muhofaza qilish, ayniqsa, tug'ilgan chaqaloqlarning jismoniy rivojlanishiga e'tibor berish, qishloq joylarda ayollar va bolalarga tez tibbiy yordam ko'rsatishni rivojlantirish, aholining salomatligi bilan bog'liq muammolarni davolash yo'li bilan bartaraf etish haqida qayta-qayta ta'kidlab o'tgan. Uning bu kabi tadqiqot va tashabbuslari soha tizimida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishga ulkan hissa qo'shgan.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Naima Mahmudova 2017 yil 7 iyunda 88 yoshida vafot etgan. Uzoq yillik samarali mehnatlari e'tirof etilib, “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan shifokor” unvoni, I darajali “Sog'lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan