Inson kamolotida ta'lim-tarbiya qanchalik muhim bo'lsa, yanada muhimrog'i, uni murg'ak qalbga singdirguvchi ota-ona, bobo-yu buvi, ustoz deb atalgan nurli siymolarning borligidir.
Haqiqatan ham, yoshi ulug' nuroniylar — hayotimiz ko'zgusi, beminnat duogo'ylarimiz va yordamchilarimizdir. Ularning tafakkur mash'alasi hayot yo'llarimizni yoritadi. O'gitlari-yu maslahatlari, oltinga teng duolarini olib, kasb-hunarli, ilm-ma'rifatli, komil insonlar bo'lib ulg'ayamiz va jamiyatda o'z o'rnimizni topamiz.
Shuning uchun ham, hozirda muhtaram Prezidentimiz tomonidan nuroniylarni qo'llab-quvvatlash, ularning jamiyatimiz hayotidagi faolligini oshirish, ulkan bilim va hayot tajribalaridan barkamol avlod ta'lim-tarbiyasi yo'lida oqilona foydalanishga alohida e'tibor berilmoqda. Keksa, o'rta va yosh avlod o'rtasida o'tkazilayotgan uchrashuv hamda davra suhbatlaridan ko'zlangan maqsad ham shu aslida.
Toshkent viloyati Chirchiq shahri “Navbahor” MFY hududidagi harbiy qismda tashkillashtirilgan “Uch avlod uchrashuvi” ma'naviy-ma'rifiy tadbirini ana shunday tashabbuslardan biri deyish mumkin. Unda faol nuroniylar, harbiy xizmatchilar hamda yoshlar ishtirok etdilar.
Uchrashuv avvalida qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko'rgazmasi namoyish etildi. Faxriy qorovul hamda qo'l jangi jamoalarining ko'rgazmali chiqishlari barchaga birdek manzur bo'ldi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari harbiy qism muzeyi bilan yaqindan tanishdilar.
O'zaro muloqotda so'z olgan nuroniylar o'zlarining boy hayotiy tajribasi, mehnat faoliyati hamda yurt ravnaqi yo'lida olib borgan xizmatlari haqida so'zlab berdilar. Shu bilan bir qatorda, yoshlarni Vatanga sadoqatli bo'lish, tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, milliy qadriyat hamda an'analarni asrab-avaylashga chaqirdilar.
Harbiy qism vakillari harbiy xizmat tartib-qoidalari haqida gapirar ekanlar, uning mashaqqatli, shu bilan birga, g'oyat sharafli va mas'uliyatli vazifa ekanligini alohida qayd etdilar. Hozirgi kunda yurtimiz tinchligini asrab-avaylash, xavfsizligini ta'minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni e'tirof etdilar.
Nigora O'rolova,
Toshkent viloyati.