Bugungi kunda bir asrlik yoshni qarshilayotgan qahramonimiz — O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan shifokor, tibbiyot fanlari doktori, professor Bahron Hakimovich Vafoqulov mashaqqatli, ammo fayzli va barakali umr yo'llarida barchaga birdek namuna bo'lib yashamoqda.
Bahron Hakimovich Vafoqulov 1928 yilning 2 fevralida Samarqand viloyatining Samarqand tumani “Turkman” mahallasida, oddiy dehqon oilasida tavallud topgan.
1944 yilning erta bahorida Bahron Vafoqulov saboq olayotgan maktabda 9-sinf o'quvchilari bilan uchrashuvga kelgan harbiy komissariat vakillari, “…Sizlarning orangizdan tanlab olinganlar tibbiyot instituti qoshida tashkil etilgan tayyorlov bo'limida 5 oy o'qib, so'ng talabalikka qabul qilinadi va uch yarim yil o'qigach, shifokorlik diplomini olib frontga borasizlar…”, deyishdi.
Tanlanganlar safida Bahron Vafoqulov ham bor edi. 1944 yil 1 sentyabrida u ham tibbiyot institutining birinchi kursiga o'qishga qabul qilindi. 1945 yilda, ya'ni fashist bosqinchilari ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng front uchun tayyorlanayotgan bo'lajak shifokorlarning o'qishlari 3,5 yildan 5 yilgacha muddatga uzaytirildi.
Bahron Vafoqulov bilim maskanini 1949 yilda bitirgach Samarqand viloyatidagi Qo'shrabot tumani sog'liqni saqlash bo'limi mudiri, oradan bir yil o'tib, Pastdarg'om tumanidagi Charhin shaharchasi sog'liqni saqlash bo'limi mudiri, 1953 yilda Samarqanddagi Alisher Navoiy nomidagi universitetning salomatlik markaziga rahbar etib tayinladi. 1955 yilda Pastdarg'om tumani tibbiyot birlashmasida bosh shifokor bo'lib ish boshladi va olti yil davomida u pasdarg'omliklarga sidqidildan xizmat qildi. Xalqimiz salomatligini muhofaza qilishning ilg'or usullarini qo'llashga, tibbiy xizmat madaniyatini ko'tarishga, davolashning yangidan-yangi sohalarini tashkil etishda jonbozlik ko'rsatdi. 1962 yilda avval Payariq, keyinchalik Samarqand tumanlari bosh shifokorligi vazifasida faoliyat ko'rsatib, qisqa vaqt mobaynida u serg'ayrat xodim, bunyodkor rahbar sifatida har ikkala joyda ham arzigulik iz qoldirdi.
1963 yildan Samarqand viloyati Sanitariya-epidemiologiya boshqarmasi boshlig'i lavozimida ishladi. U nafaqat viloyat rahbarlarining, balki sog'liqni saqlash vazirligidagi rahbarlarning ham nazariga tushib ulgurgan edi. 1968 yilning may oyidan Qashqadaryo viloyati Sog'liqni saqlash boshqarmasi boshlig'i vazifasiga tayinlandi.
Yangi viloyat, yangi sharoit, yangi jamoa va yangi lavozim.
Bahron Vafoqulov “Mehnat insonni ulug'laydi” degan dono fikrga amal qildi. Dastlabki kunlarda u vohada tibbiy xizmat ko'rsatishning tarixi bilan tanishdi. Mahalliy odatlarni o'rganib, voha xalqining xususiyatlarini, ko'nglidagi orzu-armonlarini bilishni istadi. Har kuni tushgacha idorada bo'lib, kunning ikkinchi yarmida qishloq shifoxonalari va feldsherlik punktlari bilan tanishdi. Qisqa vaqtda viloyatdagi u kirib chiqmagan salomatlik dargohi qolmadi, ammo uni biror-bir holat qoniqtirmadi. Ayniqsa, o'sha kunlari Qarshi cho'lini o'zlashtirishga bel bog'lagan xalqning salomatligini muhofaza qilish uchun yetarli baza yo'q edi.
Bahron Vafoqulov Qashqadaryoda ish boshlagan yili viloyat tibbiyot sohasida bor-yo'g'i 2 nafar fan nomzodi faoliyat ko'rsatar edi. 1969 yilda uning o'zi ham nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Qashqadaryoda, ayniqsa, qishloq joylarida tibbiy xizmat ko'rsatishning sifatini, madaniyatini ko'tarishda Bahron Vafoqulov katta jonbozlik ko'rsatdi. 1976 yilda, ya'ni Samarqandga ishga qaytgan yili Qashqadaryoda bir nafar tibbiyot fanlari doktori va 22 nafar fan nomzodi faoliyat ko'rsatayotgandi.
Bahron Vafoqulov o'ziga xos tirishqoqligi va tashkilotchiligi sababli Qarshi cho'lini o'zlashtirayotgan “Qarshiqurilish” ixtisoslashtirilgan hududiy boshqarmasining tibbiy-sanitariya qismiga asas solindi.
1968 yilgacha viloyatdagi barcha davolash muassasalarini ta'minlash uchun atigi ikkita qon quyish stansiyasi mavjud edi. Bir yil orasida deyarli hamma tumanlarda bunday bo'limlar ochildi. 1970 yillarning boshlarida viloyatdagi ko'pgina maktablar huzurida stomatologiya kabinetlari ochishdek xayrli ish amalga oshirildi.
Xullas, Qashqadaryo vohasida davolash maskanlari respublika miqyosida maqtovga arzigulik darajaga ko'tarilib, xalqqa tibbiy yordam ko'rsatish saviyasi oshirilgan bo'lsa, bularning zamirida yirik tashkilotchi, o'z kasbining fidoyisi, jonkuyar va bunyodkor rahbar Bahron Vafoqulovning mashaqqatli mehnati turardi.
Qashqadaryoda o'tgan qariyb 9 yillik umr behuda ketmadi. Viloyatdagi barcha pog'ona rahbarlari, hamkasblari, eng asosiysi, xalq orasida katta obro' qozondi, ular bilan birodarlashdi. Hamjihatlik, ahillik, halollik va tadbirkorlik bilan ish tutilishi tibbiyot sohasida tubdan ijobiy o'zgarish yaratdi.
Ishlar ayni qizigan bir davrda, 1976 yilning dekabr oyida Respublika Sog'liqni saqlash vazirligi buyrug'iga binoan, Bahron Vafoqulovga Samarqand davlat tibbiyot institutiga o'quv ishlari bo'yicha prorektor lavozimida ishlash uchun yo'llanma berildi.
1950-1953 yillar davomida Samarqand tibbiyot institutining avval klinik ordinatori, keyinchalik assistenti bo'lib ishlagan Bahron Vafoqulov oradan qariyb 24 yil o'tgach, yana shu dargohga o'quv ishlari bo'yicha prorektor bo'lib qaytdi.
B.Vafoqulovning jonbozligi natijasida har yili o'quv-uslubiy konferensiyalar o'tkazilib, ularning yakunida ilmiy va uslubiy ishlar to'plami nashrdan chiqarildi.
Uning tashabbusi bilan yosh assistent-o'qituvchilarning mahorat va saviyasini oshirish maqsadida institut huzurida “Yosh pedagoglar universiteti” tashkil etilib, unga ma'ruza qilish uchun shahardagi oliy o'quv yurtlaridan tajribali olimlar jalb qilindi.
Professor-o'qituvchilar malakalarini oshirish uchun ularni markaziy shaharlar — Moskva, Leningrad (Sankt-Peterburg), Kiyev va boshqa ilmiy markazlarga yuborishga katta e'tibor berildi. Ular olib kelgan ilg'or tajribalar talabalar ilmiy to'garaklari ishini jonlantirishda, ayniqsa, qo'l keldi. Ilmiy izlanishga moyil yoshlar talabalar ilmiy anjumanlarida ishtirok etish uchun Moskva, Kiyev, Yerevan, Yaraslavl va boshqa ko'pgina shaharlarga borib, sovrinli o'rinlarni olib qaytdilar.
Bahron Vafoqulovning tashabbuskorligi, harakatchanligi natijasida institutning moddiy-texnika bazasi ancha mustahkamlandi, ko'pgina yangi tarmoqlar, bo'lim va kafedralar, hatto fakultetlar ham ochilib, faoliyat ko'rsata boshladi.
Bahron Vafoqulov 1981 yilda O'zbekiston Respublikasi Markaziy Qo'mitasining birinchi kotibi Sharof Rashidovning tavsiyasi bilan Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy tekshirish institutiga Bosh direktor etib tayinlandi.
1982 yildan 1986 yilgacha o'tgan davr mobaynida laboratoriya jihozlari va texnologik uskunalar, chet el apparaturalari sotib olindi. Shu jumladan, Yaponiyaning elektron mikroskoplari va boshqa noyob priborlar xarid qilindi. Ishlab chiqarish va ilmiy bo'lim uchun yangi binolar qurildi.
Ish jarayonida immunologiya, virusli preparatlar, qon mahsulotlari laboratoriyalari, texnologiyani tajribadan o'tkazish va yangilikni tadbiq qilish bo'limlari, shuningdek, ma'muriy-boshqarma idorasi va ilmiy kutubxonalar, yangidan qurilgan ilmiy-ishlab chiqarish korpuslari tashkil etildi. Zardob sexi, immunologiya klinikasi, vivariya, mahsulot chiqarish bo'limi, quyish va qadoqlash sexlari, biotexnologiya, bioximiya laboratoriyalari binolarida kapital ta'mirlash ishlari o'tkazildi.
Qondan tayyorlanadigan dorivorlar sexining yangi, qulay moslamalar asosida qurilgan binoga ko'chib o'tishi natijasida bu zarur preparatlarning oldingi 4 xili o'rniga 10 turdagi nusxalari ishlab chiqarila boshlandi.
Bahron Vafoqulov tashabbusi bilan yetishtiriladigan mahsulotlarning tannarxi sezilarli darajada arzonlashtirildi.
Bahron Vafoqulov ilmiy sohada ham o'z tashkilotchilik qobiliyatini namoyon qildi, ilmiy laboratoriyalarda bajarilgan ijodiy izlanishlar ishlab chiqarishda o'z samarasini ko'rsata boshladi. 1982 yildan e'tiboran, institut chiqarayotgan mahsulotlar hajmini oshira borib, ko'pgina ittifoqdosh respublikalar sog'liqni saqlash muassasalarining ham ehtiyojini to'la qondirishga kirishdi.
Sohada ilg'or va yangi turdagi preparatlarni tayyorlash ham yo'lga qo'yildi. Bifidum va laktobakterinlarning sifatliligi hatto sobiq ittifoqda ham tan olindi. 1987 yilda sobiq ittifoqda birinchi bo'lib virusli A gepatitning eritrotsitar immunodiagnostikasiga asos solindi. Ungacha bu kasallikning V formasiga taalluqli preparat sobiq ittifoqda ikkinchi bo'lib (Gorkiy epidemiologiya ITIdan keyin), 1985 yil yanvaridan ishlab chiqarishga kiritilgan edi. Shuningdek, sanoat korxonalari chaqiradigan turli xildagi allergiyalarga va changga qarshi davolash preparatlari ham 1987 yildan boshlab iste'molga chiqarildi.
Ilmiy va ishlab chiqarish faoliyatidagi ijobiy o'zgarishlarga ko'p jihatdan boshqaruv tizimidagi tashkiliy o'zgarishlar, ilmiy izlanishlar natijalari va mahsulot sifatini nazorat qiladigan bo'limlar ishini takomillashtirish oqibatida erishiladi. 1982-1983 yillar mobaynida 2 ta yangi ishlab chiqarish bo'limi — biotexnologiya hamda bakteriya va virusli preparatlar ishlab chiqaradigan bo'limlar tegishli laboratoriyalari bilan birga tuzildi.
Shu tariqa institut qisqa vaqt ichida sog'liqni saqlash tarmog'idagi va Tibbiyot Fanlar akademiyasidagi ko'pgina oliy va ilmiy tadqiqot institutlari bilan uzviy aloqalar o'rnatdi. Bu hamkorlik aholi salomatligini muhofaza qilishning yangi qirralarini o'zlashtirishga imkoniyat tug'dirdi. Ayniqsa, Bahron Vafoqulovning 1982 yildan boshlab jamoatchilik asosida boshqargan biotexnologiya ilmiy ishlab chiqarish bo'limi, shuningdek, bevosita uning tashabbusi bilan ochilgan bakteriyali va virusli preparatlar bo'limlari yuksak natijalarga erishdi.
Virusli gepatitning A formasi uchun ishlab chiqarilgan immunodiagnostikasi dunyo miqyosidagi sohaning birinchi qadami edi. Bu yangilik nazariy jihatdan asoslanib, mualliflik guvohnomasi bilan taqdirlandi. Biotexnologiya laboratoriyasining virusli gepatitlar immunoprofilaktikasiga bag'ishlangan preparatlarni ishlab chiqarish to'g'risidagi ilmiy-texnikaviy dasturini amalga oshirish uchun sobiq ittifoq biologiya va biotexnologiya Kengashining qarori bilan katta miqdorda xorij valyutasi ajratildi.
O'zining mehnati bilan yirik tashkilotchi, talabchan va tashabbuskor, kamtarin va g'amxo'r rahbar Bahron Vafoqulov nafaqat institut jamoasida, balki tibbiyot sohasi jamoatchiligi o'rtasida respublika va hatto sobiq ittifoq miqyosida haqli ravishda katta hurmat va e'tiborga sazovor bo'ldi.
Xalq xo'jaligida erishgan yutuqlari uchun u 1984 yili “Shavkatli mehnati uchun” medali bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, u I.I.Mechnikov nomidagi sobiq ittifoq mikrobiologiya, epidemiologiya va parazitalogiya ilmiy jamiyati boshqaruvi, Respublika Sog'liqni saqlash vazirligining tibbiyot sohasidagi ilmiy Kengashi Prezidiumining hamda Respublika Immunologlarining epidkengash a'zosi etib saylandi. 1989 yilga kelib, Toshkent Vaksina va Zardob ilmiy tekshirish instituti (ITI) sobiq ittifoqda tanilgan ilmiy maskan, yirik ishlab chiqarish korxonasiga aylandi.
Bahron Vafoqulovning tashabbusi bilan respublikadagi barcha ushbu tarmoq shoxobchalari birlashtirilib, “Vaksina” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tuzildi va uning birinchi Bosh direktorligiga Bahron Vafoqulovning o'zi saylandi. Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Farg'ona vodiysi va Toshkent viloyatlarida korxonaning filial va yordamchi xo'jaliklari tashkil qilindi. Jamoada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini amaliyotga tadbiq qilishda erishilgan ulkan natijalari uchun u sobiq Butunittifoq Xalq xo'jaligi yutuqlari ko'rgazmasi (VDNX)ning bronza medali bilan taqdirlandi.
1994 yilda 66 yoshni qarshilagan Bahron Vafoqulov ish faoliyati kindik qoni to'kilgan qishlog'idan yiroqda, qarindosh-urug'lar, do'stu birodarlar diydoridan uzoqda o'tganligini aytib, mehridan to'ymagan farzandlari va nabiralari og'ushiga qaytishga qat'iy ahd qilganini ma'lum qilgach, hukumat qarori bilan “Vaksina” IIChB 1994 yilda Bahron Vafoqulov bilan birga, uning ona shahri Samarqandga ko'chirildi.
O'tgan kunlar, oylar, yillarni sanash bugun osonday tuyuladi. Lekin bu davrda qancha ishlar amalga oshirildi, qancha shogirdlar, malakali kadrlar tarbiyalandi, qancha binolar, yangi muassasalar barpo etildi. Lekin baribir, qoniqish yo'q. Hali qilinishi lozim bo'lgan vazifalar talaygina edi. Mustaqillikka erishgan yosh davlatimizni mustahkamlash uchun, xalqimizning farovonligini oshirish uchun mehnat qilish kerak edi. Bahron otaning ko'nglida bir andisha bor edi: “samarqandlikman!” deb faxrlanish bilan tug'ilib-o'sgan zamining chiroyiga-chiroy, husniga latofat qo'shib bo'lmaydi.
Faxriyman deb, oyoqni uzatib, qarilik gashtini sursa ham bo'lardi, haqqi ham bor edi. Hech kim e'tiroz bildirmasdi. Faqat… ichki bir tug'yon unga tinchlik bermasdi. Butun umrini bunyodkorlikka, yaratuvchilikka baxsh etgan bu inson 3 yil ichida 6 ta laboratoriya, vivariya, tajriba sexi, kutubxona, sharqona davolash xonalari va shinamgina majlislar xonasiga ega bo'lgan Mustaqil davlatlar orasida yagona sanalgan “Sharq tabobati” ilmiy tadqiqot institutini tashkil etib, 1997 yilda mustaqil O'zbekistonning “O'simliklar, mavjudotlar va mineral mahsulotlardan tibbiyot uchun olinadigan dorivor vositalar” mavzuidagi 1 Respublika ilmiy-ishlab chiqarish konferensiyasini o'tkazdi.
Ulug' alloma Ibn Sino ilmiga ixlos Bahron otada juda erta uyg'ongan edi. Kimyoviy yo'l bilan tayyorlanayotgan dori-darmonlarning inson jismiga nafaqat shifo, balki ziyon tomonlari ham borligi to'g'risida ko'p bosh qotirgan edi. Turli giyohlardan, dorivor o'simliklardan tayyorlanadigan shifobaxsh dorilar qachondir iste'molga chiqishini kutib yurgandi. Bahron Vafoqulovning dastlabki ilmiy ishi o'simliklar dunyosiga bag'ishlanganligi ham bejiz emasdi. Bahron Vafoqulovning o'z zaminimizda o'sadigan arzon dorivor o'simliklarimizdan foydalanib, xalqimizning dardiga ota-bobolarimizdan meros sharqona uslublar bilan davo izlashga kirishishi mashhur bobokalon tabibimiz ruhini ham shod etgandi, albatta.
Bahron Vafoqulovning tashabbusi va bevosita harakati natijasida Respublikamiz Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Navoiy viloyatining Nurobod tumanidagi “Sazag'on” ijara xo'jaligi “Vaksina” IIChB balansiga o'tkazildi. Tog' va tog' etaklari bo'ylab cho'zilgan 25 ming gektarga yaqin yerni Bahron ota dorivor o'simliklar plantatsiyalariga moslashtirib o'zgartirish niyatida va kelgusida mustaqil Respublikamizning farmatsevtika sanoatini ta'minlaydigan yirik xom-ashyo bazasiga aylantirib, o'z mahsulotlari bilan dunyo bozoriga chiqish rejalari bilan ish boshlagandi.
Bahron Vafoqulovning xizmatlari hukumatimiz tomonidan ikki marta “Shavkatli mehnati uchun” medali, “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan shifokor” faxriy unvoni, ikki marta “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Tibbiyot fanlari doktori, professor Bahron Vafoqulov ilmiy faoliyati davomida 5 ta monografiya, 250 dan ortiq ilmiy-ommabop maqolalarga mualliflik qilgan.
Umr yo'ldoshi Xolidaxon Mo'minova (Alloh rahmatiga olgan bo'lsin) bilan umrguzaronlik qilib, sakkiz nafar farzandlarini “Insonni bilim bilan odob bezaydi. Ilm misoli bir jilov va u insonni barcha yomon ishlardan tiyib turadi” degan hikmatli nasihatlar bilan tarbiyalab, voyaga yetkazishdi. Ularning barchasi oliy ma'lumotli, o'z kasbining yetuk mutaxassislari sifatida Vatanimizning turli jabhalarida xizmat qilmoqdalar. Yuz bilan yuzlashayotgan Bahron ota Vafoqulov bugungi kunda farzandlari, nabiralaru evaralar og'ushida keksalik gashtini surmoqda.
Umida VAFOQULOVA,
qizi, tibbiyot fanlari nomzodi.
Shomurod ShAROPOV,
shogirdi, O'zbekiston Jurnalistlar va
Yozuvchilar uyushmalari a'zosi.