O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi va O'zbekiston mahallalari uyushmasi  tomonidan  2026 yil 30 yanvar kuni hamkorlikda qabul qilingan “Mahallalar faoliyatini yanada samarali tashkil etishda mahalla fuqarolari yig'ini raisi, uning keksalar va faxriylar ishlari bo'yicha maslahatchisi, “mahalla yettiligi”, “Keksalar maslahati” guruhining hamkorlikdagi faoliyatini tizimli ravishda amalga oshirilishini ta'minlash to'g'risida”gi qo'shma qarorida nuroniylar har bir ko'chaga “ko'chabay” biriktirilishi belgilandi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi  92-sonli Qarori, 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo'g'in sifatida ishlashini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to'g'risida”gi 209-sonli Farmoni va yana qator hujjatlarga asosan, bugun “mahalla yettiligi” hamda jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan mahalla raisining keksalar va faxriylar ishlari bo'yicha maslahatchisi, shuningdek, “Keksalar maslahati” guruhi a'zolari o'zaro hamjihatlikda ish olib borishmoqda.

O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi va O'zbekiston mahallalari uyushmasi  tomonidan  qabul qilingan qo'shma qarorda mahallalar faoliyatini yanada samarali tashkil etishda mahalla fuqarolari yig'ini raisi, uning nuroniylar ishlari bo'yicha maslahatchisi hamda “mahalla yettiligi”, “Keksalar maslahati” guruhining hamkorlikdagi faoliyatini tizimli tashkil etilishini ta'minlash bo'yicha “Yo'l xaritasi” tasdiqlandi.

Ushbu hamkorlik doirasida “Nuroniy” jamg'armasi tashabbusi bilan  har bir ko'chada ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilash, aholi o'rtasida hamjihatlikni mustahkamlash hamda milliy urf-odatlar va qadriyatlar asosida hashar ishlarini samarali tashkil etish maqsadida nuroniylarni har bir ko'chaga “ko'chabay” biriktirish belgilandi. 

Mazkur hujjatda mahallalarda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, sanitariya holatini yaxshilash, “yashil makon” loyihasi doirasida daraxtlar ekish ishlarida nuroniylar faolligini oshirishga alohida e'tibor qaratilgan.

Shuningdek, mahallalarga “Yangi O'zbekiston qiyofasi”ni tatbiq etishda nuroniylarning boy hayotiy tajribasi, ma'naviy salohiyati va jamoatchilikdagi nufuzidan samarali foydalanish, muddatli harbiy xizmatdan qaytib kelgan yoshlarni ijtimoiy moslashtirish, bandligini ta'minlash hamda ularni mahalla hayotiga faol jalb etish bo'yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirishda,  aholi va yoshlar o'rtasida shukronalik kayfiyatini shakllantirish, mahallalardagi obodlik va yangilanishlar mohiyatini tushuntirish,  sog'lom turmush tarzini aholi va yoshlar o'rtasida keng targ'ib etish va ijtimoiy ma'naviy muhitni yaxshilash, oilalar mustahkamligini ta'minlashda nuroniylarning boy hayotiy tajribasi va ko'magidan foydalanishga alohida e'tibor qaratilgan.

“Mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda oilalarda tinchlik va xotirjamlikni ta'minlashda sabr, matonat, qanoat fazilatlarini targ'ib etishda nuroniylarning eng ilg'or tajribalarini o'rganish va ularni ommalashtirish, kambag'allikni qisqartirishda va jinoyatchilik hamda ishsizlik yuqori bo'lgan mahallalarda, shuningdek, kambag'allikni qisqartirishda eng og'ir 903 ta mahallada targ'ibot-tashviqot va amaliy ishlarni tashkil etishda nuroniylarning ma'naviy ko'makchiligidan va imkoniyatlaridan samarali foydalanish belgilangan.

Mazkur hujjatga ko'ra, mahallalarda to'y va boshqa marosimlarni tartibga solish orqali isrofgarchilik, boqimandalik, iste'molchilikka chek qo'yish hamda tejamkorlik, tadbirkorlik fazilatlarini tarbiyalashda nuroniylar targ'ibotchiligi qo'llab-quvvatlanadi, ularning  jamoat ishlarida faol ishtiroki ta'minlanadi  hamda “yashil makon” loyihasi doirasida daraxtlar ekishda, kambag'allikni qisqartirishda faollik ko'rsatgan keksa-nuroniylarni “Navbahor” sanatoriysida salomatligini tiklash choralari ko'riladi.

Shuningdek, yuqoridagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida nuroniylarning sifatli va mazmunli dam olishlarini ta'minlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda hayotiy tajribalarini boyitish maqsadida O'zbekiston Respublikasining turli hududlariga sayohatlari tashkil etiladi. Davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari, keng ko'lamli islohotlarning mohiyati, qabul qilingan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda nuroniylar targ'ibotchiligini keng yorituvchi ma'naviy-ma'rifiy ko'rsatuvlar, medialoyihalar uchun tavsiya va takliflar tayyorlash, kontentni rivojlantirishda nuroniylar ishtirokini ta'minlashga alohida e'tibor qaratiladi.

Qo'shma qarorda belgilangan vazifalar nuroniylarning jamiyatdagi o'rni va rolini yanada yuksaltirish, yoshlar tarbiyasi va mahallalardagi ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirishdagi mas'uliyatini kuchaytirish, ularga e'tibor va g'amxo'rlik ko'rsatish yo'lida mamlakatimizda olib borilayotgan ezgu ishlarni yana yangi bosqichga ko'tarishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

B.Valiyev.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan