O'zbekiston jannatmakon o'lka, tuproqlari zar, suvi esa gavhar. Bu yurtda yashab o'tgan ulug' insonlar dunyoning tamaddun beshigini tebratgan, desak, aslo mubolag'a bo'lmaydi. Uzoq yillar “Nuroniy” jamg'armasining Farg'ona viloyati bo'limi raisi vazifasida mehnat qilgan fidoyi inson, ustoz Topiboldi Xoldarov ham o'zbekning oddiy, ammo qalbi dunyolardan keng, himmati baland farzandi edi.

Topiboldi Xoldarov 2000-2009 yillarda  O'zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi Farg'ona tumani bo'linmasi raisi, 2009 yildan 2021 yilning avgust oyi — umrining oxiriga qadar O'zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi Farg'ona viloyati bo'limi raisi lavozimida faoliyat yuritib, xalqimizning ma'naviyati va ma'rifatini yuksaltirish, nuroniylarni qo'llab-quvvatlash, salomatligini muhofaza qilish  yo'lida fidoyilik bilan xizmat qilgan. 2010 yilda Xalq deputatlari  Farg'ona tumani Kengashi, keyinchalik  Farg'ona viloyati Kengashi deputati, 2019-2021  yillarda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi sifatida faoliyat olib borgan.

Uning, ayniqsa, olis va chekka hududlardagi aholi bilan uchrashib, ularning dardu tashvishini eshitgan holda, yordam berishga oshiqishi  noyob fazilatlaridan biri edi. Masalan, 2020 yil avgust oyida uning tashabbusi bilan “Yangi yo'l” mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi 1920 yilda tug'ilgan, 100 yoshga kirgan yakka-yolg'iz nuroniy Jannat ona Husanovaning 100 yoshli yubiley to'yi  o'tkazib berildi. “To'yga qush qanotini qoqadi” degan naql bejiz aytilmagan. Kutilmaganda tumanda gastrolda bo'lgan  Respublikada xizmat ko'rsatgan san'atkorlar — Dilbar Rahmatova, rahmatli Fatxulla Ma'sudov, Madina Muxtorova, Saida Rametovalar tashrif buyurib, tadbirni ko'tarinki ruxda o'tkazishga hissa qo'shishgandi o'shanda.

Topiboldi Xoldarov, chinakam ma'noda, matonat va jasorat sohibi edi. U o'z ezgu maqsadiga erishguncha hech qanday to'siqdan cho'chimadi, juda ko'p insonlar bilan tanishdi, ularning dardini eshitdi, muammolarini bartaraf etishga xarakat qildi, kishilarga yaxshilik yo'lida to'g'ri yo'l ko'rsatdi.  Yoshlarga odamiylik, insoniylik saboqlarini o'rgatdi. Yuzlab shogirdlarga ustozlik qildi. Shogirdlariga odamlarni muammolar girdobida tashlab qo'ymaslikni, har bir muammoni hamjihtlikda bartaraf etishni uqtirardi.

Topiboldi Xoldarov 1942 yilning 1 fevralida O'zbekistonning eng chekka hududlaridan biri — Farg'ona viloyati Farg'ona tumanining tog'li Yordon qishlog'ida ishchi-dehqon oilasida tavallud topgan. Otasi Xoldar Sotiboldiyev 1896 yilda tug'ilgan bo'lib, tumandagi “Hakimzoda” nomli dehqon xo'jaligida ishlagan. Onasi — Doriniso Sotiboldiyeva  uy bekasi edi. 1942 yil — Ikkinchi jahon urushi davrida Xoldar buva ishchi batalonga xizmatga ketgan va 4 nafar farzand tarbiyasi Doriniso buvi zimmasiga tushgan.

Topiboldi ota farzandlar ichida eng kichigi edi. Doriniso buvi bolalarini yoshligidan mehnatga o'rgatdi. Toza-pokiza, tartib-intizomli bo'lishni uqdirdi. Ularning kichkinagina uylari hamisha saranjom-sarishta turar, farzandlar onaning undovi bilan ilm olishga intilishardi. Doriniso buvi farzandlari bilan  birgalikda kartoshka, sabzavotlar yetishtirar, chigit ekishdan boshlab, paxta yig'im-terimida ham  qatnashar, o'rik pishig'ida bog'larning mevalarini terib quritar, danagini ajratib, chaqib, qishga saqlab qo'yishar, uzoq bog'lardan olma, yong'oq terib kelib, qishga g'amlashar, shu tariqa ocharchilik yillarining qiyinchiliklarini yengishga harakat qilishardi.

Otasi Xoldar Sotiboldiyev xizmatdan qaytgach, “Hakimzoda” kolxozida ishini davom ettirdi va oila a'zolari yana jam bo'lishdi. Topiboldi ota 7 yoshga kirganda, ukasi Sirojiddin tug'ildi. Opalari va akasi qatnagan 1-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabiga o'qishga kirdi. Zehni o'tkir, ilmga chanqoq, tirishqoq Topiboldi barcha fanlarga qiziqib, kitoblar kam bo'lsa-da, ularni o'qib, matematika, ona tili va adabiyoti, keyinchalik esa rus tili, tarix, geografiya fanlarini a'lo darajada o'zlashtirdi. Ana shunday paytda oilada fojia ro'y berdi, Sirojiddindan keyin tug'ilgan  Erkinjon va Mashhuraxon ketma-ket betob bo'lib, vafot etishdi. Shundan so'ng Doriniso ayaning ham salomatligi yomonlashib, 40 yoshida olamdan o'tdi.

Uy yumushlari Topiboldining opasi Qimmatxon zimmasiga tushdi. Qimmatxon 2 yoshli Sirojiddin va 8 yoshli Topiboldiga bor mehrini berib, parvarishlay boshladi. Biroq uni Yozyovon tumaniga uzatishgach, kichik Sirojiddinga qarash hali o'zi yosh bola bo'lgan  Topiboldining zimmasiga o'tdi. Qimmatxondan keyingi qiz — Buvixon kolxozga dadasiga yordamga chiqib ketgandi.  Topiboldi har kuni ukasini opichlab, maktabga borar edi. Sirojiddin yosh bola bo'lganligi sabab, bir joyda turmas, tipirchilar, ko'chaga intilar, qaysarlik qilardi. Ammo aka sifatida u ukasining barcha injiqliklariga chidar, avaylab qarardi…

Xoldar aka har kuni ertalabki nonushta uchun Topiboldiga Yordondagi do'kondan 6 ta oq qandga yarasha pul berar, bolakay ukasiga shirinchoy  qilib berib, ovutardi. Ammo kunlardan bir kuni Topiboldi do'konga borsa, sotuvchi tekshiruvchi kelib qolganini, qand berolmasligini aytadi va uni do'kondan chiqib ketishga majburlaydi. Topiboldi rosa yalinadi, iltimos, ukam shirin choy ichmasa, maktabga bormaydi, deb tushuntirsa xam, sotuvchi baribir unga oq qand bermaydi. O'shanda do'kondan yig'lab chiqib ketayotgan Topiboldining ko'nglidan shunday kechinma o'tgan edi: “Hali katta bo'lsam, o'qib, sendan ham kattaroq ishda ishlab, yoningga salom bergani kelaman!”.

Keyinchalik Xoldar aka farzandlarining qiynalganini ko'rib, boshqa ayolga uylandi. Biroq u ayol bolalarga mehr ko'rsatmaydi. Bir kuni ishdan qaytgan Xoldar aka ayoli farzandlarini qattiq urib-so'kayotganini ko'rib,  uni uyiga olib borib qo'yadi.

Qiyinchilik va ocharchilikka qaramay, Topiboldining qalbida mehribon onasining suti bilan singigan, ona allasidan boshlab shakllangan  vatanparvarlik tuyg'usi, Vataniga bo'lgan muhabbati butun hayoti davomida kuchayib bordi. U 8-sinfga ko'chganida Samarqand shahrida joylashgan  kooperativ bilim yurtiga o'qishga kirishga ahd qildi. Bir yil davomida tog'lardan o'tin to'plab, uni eshak aravada Shohimardonga olib borib sotib, o'rikzorlarda to'kilgan o'riklarni terib-quritib, sotib, o'ziga yo'lkira uchun pul to'pladi va 1961 yilda 8-sinfni bitirib, Samarqand shahriga yo'l oladi. Piyoda, eshak aravada, yuk tashiydigan katta “Zil” mashinasi va avtobusda shaharga yetib bordi. Shu tariqa Samarqand kooperativ bilim yurtining kunduzgi bo'limiga o'qishga qabul qilinadi. Topiboldiga yotoqxonadan joy beriladi. U g'ayrat bilan bilim olishga kirishadi. Maktab davrida o'rganolmagan fanlarini chuqur o'zlashtiradi, dunyoqarashi kengayadi, maktab davrida rus tilini yaxshi o'zlashtirgani qo'l keladi. Ustozlar, kursdoshlar orasida tirishqoq, kirishimli, tartibli va chiroyli xulqli Topiboldi nafaqat o'qishda, balki paxta terimida ham ilg'or terimchilardan bo'lib taniladi.

Topiboldi Xoldarov Samarqand kooperativ bilim yurtini tamomlab, diplom olgach,   Farg'onaga qaytadi va Farg'ona tumani matlubot jamiyatida iqtisodchi, hisobchi bo'lib ishlaydi. 1966 yilda  Toshkent kooperativ bilim yurtini bitirib kelgan turmush o'rtog'i Xoldarova Zoyaxon bilan turmush quradi. Go'zal, serg'ayrat, jonkuyar, mehribon va irodali Zoyaxon bilan o'z mehnati, shijoati bilan  Topiboldining chinakam maslakdoshiga aylanadi.

1973 yilda Topiboldi ota Samarqand kooperativ institutiga o'qishga kiradi. Ko'p o'tmay, Farg'ona viloyatiga ishga o'tadi. Farg'ona  viloyatida matlubot jamiyati bosh iqtisodchisi, rais o'rinbosari, bo'lim boshlig'i lavozimlarida ishlaydi.

1974 yilda  Xoldarovlar oilasiga Farg'ona tumani Vodil qishlog'idan yer uchastkasi beriladi. Ana shu 8 sotixli hovlida Topiboldi ota va Zoyaxon aya  4 nafar farzand —  uch qiz va bir  o'g'ilni chiroyli tarbiyalab, voyaga yetkazdilar. Hovliga chinor ko'chatlari, meva-sabzavot, bahoriy, ertangi ekinlar yetishtiradilar.  Tomorqani begona o'tlardan tozalab, pomidor, bulg'or qalampiri, qalampir, baqlajon va boshqa sabzavotlar ekishda ota-ona o'zlari bosh bo'lishar, bolalar ham ularga yordamlashishardi. Hovlini rayhonu jambil, kashnichu turfa ko'katlar ifori tutib ketardi. Topiboldi ota farzandlariga: “Dunyoni go'zal qilish uchun dunyoni emas, o'zingiz yashayotgan joyni, o'zingizni va qalbingizni o'zgartiring”, derdi.  Qizlariga kichkinaligidan Navro'z, Hayit bayramlarida atlas kiyimlar olib berib, boshlariga do'ppilar kiydirib qo'yardi. O'zining boshidan ham do'ppi tushmas edi.

Topiboldi Xoldarov umri mobaynida millat kelajagi — bugungi avlod baxt-saodati, yurt farovonligi uchun yonib,  yurakdan mehnat qildi. O'zi va boshqalarga oltin qoidalarga amal qilishini, g'iybat qilmaslik, araz-gina saqlamaslikka da'vat qilar,  bolalikdan oilalarda ma'rifiy suhbatlar olib borishni, boshqalarni hurmat qilish, tashakkur bildirishni, harom rizq va birovning haqini oilaga kirgizmaslikni farzandlarga yoshligidan o'rgatishni uqdirardi.

Topiboldi ota  2021 yilning 22 avgustida olamdan o'tdilar. Hozirda oilani unga umri mobaynida yelkadosh, issiq-sovuq kunlarida safdosh bo'lgan, yangi yutuq va zafarlarini qo'llab-quvvatlagan oqila, mexribon, samimiy va mehnatkash inson — Zoyaxon aya boshqarmoqdalar.

Albatta, fidoyi mehnat hech qachon e'tibordan chetda qolmaydi. Yuksak e'tirof bilan yurtdoshlarimiz mehriga sazovor bo'lgan, xalqimiz ma'naviyati va ma'rifati yo'lida samarali xizmat qilgan   Xoldarov Topiboldi hoji ota 2016 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

Yorbek Tillaboyev,

“Nuroniy” jamg'armasi

Farg'ona viloyati bo'limi

bosh mutaxassisi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan