jahonda va Özbekistonda vaziyat qanday?
Iqlim özgarişi, çöllaniş, yaşil maydonlarning qisqarişi global muammolardan bölib turibdi. Bu odatdagi muammoli vaziyatlardan farqli ravişda umumjahon miqyosida çora-tadbirlarni darhol amalga oşirişni talab qilmoqda.
Mazkur ekologik muammolarga muvofiq yeçim topiş maqsadida 17 iyun sanasi dunyo miqyosida Butunjahon çöllaniş va qurğoqçilikka qarşi kuraş kuni sifatida belgilangan. Bugungi kunda çöllaniş faqat sahro hududlarining kengayişi emas, balki oziq-ovqat xavfsizligi, suv taʼminoti va aholi salomatligiga tahdid solayotgan global muammo sifatida qaralmoqda. Mutaxassislarning qayd etişiça, qurğoqçilik va çöllanişning asosiy sabablari qatoriga iqlim özgarişi, suv resurslaridan samarasiz foydalaniş, örmonlarning qisqarişi, yerlarning ortiqça işlatilişi hamda yaylovlardan meʼyoridan ortiq foydalaniş kiradi.
Sönggi yillarda dunyoning köplab hududlarida qurğoqçilik kuçayib, millionlab insonlarning turmuş tarziga salbiy taʼsir körsatmoqda. BMT maʼlumotlariga köra, quruq hududlar Yer yuzasining uçdan bir qismidan ortiğini egallaydi. Ayrim hisob-kitoblarga köra, har yili qariyb bir million kvadrat kilometr unumdor yer degradatsiyaga uçramoqda. Bu esa qişloq xöjaligi, suv zaxiralari va biologik xilma-xillikka salbiy taʼsir körsatmoqda. Özbekiston uçun ham mazkur masala dolzarb hisoblanadi. Ayniqsa, Orol dengizi fojiasidan keyin yuzaga kelgan Orolqum hududi Markaziy Osiyodagi eng yirik ekologik muammolardan biriga aylandi. Şamol orqali tarqalayotgan tuz va çang nafaqat atrof-muhitga, balki aholi salomatligiga ham salbiy taʼsir körsatmoqda. Şu bois, sönggi yillarda qurigan dengiz tubida saksovul va boşqa çöl ösimliklarini ekiş işlari amalga oşirilmoqda. Bunday yaşil qoplama tuproq eroziyasini kamaytiriş va çang köçişining oldini olişga xizmat qilmoqda.
Mutaxassislar Özbekistonda haroratning oşişi va suv tanqisligi xavfi kuçayib borayotganini taʼkidlamoqda. Ayrim tadqiqotlarda mamlakatda örtaça harorat global körsatkiçdan tezroq surʼatlarda ortayotgani qayd etilgan. Bu esa qurğoqçilik xavfini yanada kuçaytiradi. Jahon tajribasida qurğoqçilikka qarşi kuraşning bir neça samarali usullari mavjud. Ulardan biri “yaşil şaharlar” konsepsiyasidir. Masalan, ayrim Yevropa şaharlarida daraxtzorlar maydoni kengaytirilmoqda, tom va devorlarda yaşil qoplamalar barpo etilmoqda, yomğir suvlarini yiğiş tizimlari joriy qilinmoqda. Natijada, şaharlardagi issiqlik darajasi pasayib, havoning sifati yaxşilanmoqda. Iqlim özgarişining taʼsiri ayrim mamlakatlarda kundalik hayot tarzini ham özgartirib yubormoqda. Masalan, Avstraliyaning maşhur Coober Pedy şaharçasida aholi jazirama issiqdan saqlaniş uçun yerosti turar joylarida istiqomat qiladi. Yoz oylarida havo harorati 45-50 darajagaça kötarilişi mumkinligi sababli, yerosti inşootlari qulay yaşaş muhitini yaratadi. Bu holat iqlim özgarişiga moslaşişning noodatiy namunalaridan biri sifatida köriladi.
Şuni alohida taʼkidlaş kerak, qurğoqçilik va çöllanişga qarşi kuraş faqat hukumatlarning vazifasi emas. Suvdan oqilona foydalaniş, daraxt ekiş, yaşil hududlarni asraş va ekologik madaniyatni oşiriş har bir fuqaroning masʼuliyatidir. Çunki bugun tabiatni asraş yölida qilingan har bir saʼy-harakat ertangi avlodning yaşaş şaroitiga bevosita taʼsir körsatadi.
Umidjon Eşpölatov.