Poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazida nuroniylar va yoshlar ishtirokida ma'naviy-ma'rifiy uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi, senator, O'zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev, jamg'arma raisining o'rinbosari Shuhrat Usmonov, hamkor vazirlik va idoralarning mas'ul vakillari, poytaxtlik faol nuroniylar hamda yoshlar ishtirok etdilar.
Uchrashuvning Islom sivilizatsiyasi markazida o'tkazilgani ham alohida ramziy ma'noga ega. Zero, bu maskan xalqimizning asrlar davomida shakllangan ilmiy, ma'rifiy va ma'naviy salohiyati, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ulkan meros haqida yosh avlodga yanada chuqur tasavvur berishga xizmat qiladi.
Muloqotda ta'kidlanganidek, bugun mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish, yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va o'z iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bunday imkoniyatlar, avvalo, yoshlarning o'z ustida ishlashi, ilm-ma'rifatga intilishi, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo'shishi uchun muhim zamin bo'lmoqda.
Shu ma'noda, nuroniylar hayoti va ularning boy tajribasi yoshlar uchun o'ziga xos hayot maktabidir. Yoshlarga kitobdan o'qib bilish mumkin bo'lgan ko'plab haqiqatlarni keksalar hayot tajribasi asosida so'zlab berishi yanada ta'sirchanroq ahamiyatga ega. Chunki har bir nuroniyning hayotida bir oila, bir mahalla, bir kasb, bir davr tarixiga daxldor ibratli voqealar mujassam.
Ular ko'pni ko'rgan, turli sinovlarni boshidan kechirgan, mehnat va sabrning qadrini yaxshi biladigan avlod vakillaridir. Shuning uchun ham keksa avlod vakillari bilan yoshlar o'rtasidagi muloqotlarni muntazam tashkil etish bugungi ma'naviy-ma'rifiy ishlarning muhim yo'nalishlaridan biri bo'lishi zarur.
Islom sivilizatsiyasi markazidagi uchrashuv yana bir muhim haqiqatni eslatdi: yoshlar kelajakka dadil qadam qo'yishi uchun, eng avvlo, ajdodlar merosini yaxshi bilishi kerak. Yurtimiz zaminidan dunyo ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shgan Muhammad al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug'bek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan. Ularning ilmiy va ma'naviy merosi nafaqat tariximizning faxri, balki bugungi avlod uchun ham katta tarbiya maktabidir.
Xorazmiyning aniqlik va tafakkurga asoslangan ilmiy yondashuvi, Ibn Sinoning tibbiyot va ilmga sadoqati, Beruniyning izlanuvchanligi, Ulug'bekning ilm-fanga e'tibori, Imom Buxoriyning hadis ilmidagi buyuk xizmati, Navoiyning insonparvarlik va ma'rifat g'oyalari yosh avlod uchun ulkan ibrat manbaidir.
Bugungi yoshlar zamonaviy texnologiyalarni yaxshi o'zlashtirishi, xorijiy tillarni bilishi, yangi kasblarni egallashi, raqamli dunyoda raqobatbardosh bo'lishi muhim. Ammo bilim ma'naviyat bilan uyg'unlashgandagina yuksak natija beradi. Shu bois, yoshlarga ta'lim berish bilan birga, ularning ma'naviy immunitetini mustahkamlash, milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanga sadoqat, mehr-oqibat, halollik, mas'uliyat va mehnatsevarlik kabi fazilatlarni singdirish dolzarb vazifadir.
Uchrashuv davomida nuroniylar o'z hayotiy tajribalari bilan o'rtoqlashib, yoshlarga ibratli fikr va tavsiyalarini bildirdilar.
Ayniqsa, ilm-ma'rifatga intilish, Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo'lish, ajdodlar merosini chuqur o'rganish, hayotda o'z o'rnini topish uchun mehnat qilish kabi masalalarga alohida e'tibor qaratildi. Yoshlar ham o'zlarini qiziqtirgan savollarga nuroniylardan atroflicha javob oldilar.
Islom sivilizatsiyasi markazida bo'lib o'tgan ushbu samimiy uchrashuv avlodlar o'rtasidagi ma'naviy ko'prikni mustahkamlash, yoshlarni ilm-ma'rifat, Vatanga sadoqat va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Hamroxon Musurmonova.