— deydi yetmish ikki yoshli otaxon

Tahririyat — juda ko'p ko'ngil kechinmalariga guvoh dargoh. Avval maktublar yo'llashardi, endi esa qo'ng'iroqlar turfa taqdirlar hikoyasini so'zlaydi…

Etmish ikki yoshli Zohidjon aka (ismi va manzillarini to'liq yozmasligimizni iltimos qildi) bilan suhbatlashar ekanmiz, uning boshdan kechirganlari va mulohazalari balki kimlargadir saboq bo'lar degan umidda qog'ozga tushirdik…

— Umrim bo'yi yaxshi lavozimlarda ishladim, ko'p pul topdim, — deya so'z boshladi ota mahzun ohangda. — Ayolim ham mehnatkash edi. Joyi jannatda bo'lsin, sakkiz yil avval bandalikni bajo keltirdi. U bilan juda yaxshi yashadik, meni hamisha qo'llab-quvvatladi, ro'zg'orimizning borini oshirib, yo'g'ini yashirdi. Yoshlikdagi orzularimizning deyarli bariga yetdik. Uch o'g'il, bir qizni ulg'aytirdik. Uylab-joyladik. Nabiralar ko'rdik. Ammo ularning rohatini ko'radigan payt kelganida, ayolim meni bu hayotda yolg'iz tashlab ketdi. Men o'sha paytgacha bolalarimga yaxshi tarbiya berganman, ularni hech nimadan kam qilmay o'stirdim, o'qitdim, yaxshi ishlarga joyladim, uyli-joyli qildim, qariganimda xizmatimda bo'lishadi, deb o'ylar edim…

Qo'limda pulim borligida, ishlab yurgan paytlarimda katta havaslar bilan uchta oila uchun ajratilgan yerni sotib oldim. Bolalarimga bir xil qilib zamonaviy imorat soldim, hatto deraza, darvozalarigacha bir xilda o'rnatdim. Birin-ketin o'g'illarimni uylantirdim. Hozir bolalarim bir mahallada qo'shni bo'lib yashashadi. Mahalla-ko'y ularga havas qiladi. Bolalarim hammalari alohida yashaganlari uchunmi, ular orasidan gap-so'z o'tmadi. Yolg'iz qizimizni ham uzatdik. Lekin o'rtamiyona yashaydigan xonadonga kelin bo'lgani sababli qizimning talabi bilan kuyovimga ham shaharning o'rtasidan hovli-joy olib, uy qurib berdim.

Bolalarimizning hayotidan endi ko'nglimiz to'q, deb turganimizda to'satdan ayolim vafot etdi. Birdaniga ko'tarilib ketgan qon bosimi uni hayotdan erta olib ketdi.

Ma'rakalarni o'tkazganimizdan keyin o'g'illarimning bari o'z uylariga chiqib ketishdi. Hech yo'qsa bittasi, hatto kenjam otamizni yolg'izlatib qo'ymaylik, deb o'ylamadi. Katta hovlida bir o'zim so'ppayib qoldim. Baraka topishsin, kelinlar har kuni bir kosadan ovqat olib chiqishadi, navbati bilan uylarni tozalab, kiyimlarimni yuvib berishadi. Lekin yolg'izlik yomon ekan, buni nafaqaga chiqqanimdan keyin yanada yaxshiroq anglay boshladim.

Olti yilni shunday o'tkazdim. Bir kuni bolalarimni to'plab, ularga maqsadimni aytdim. Bir yaxshi ayol bo'lsa, uylanaman dedim. Men ming andisha bilan aytgan gapimga xayrixohlik bilan javob berishadi, deb o'ylagandim. Yo'q, ularning hammasi biri qo'yib, biri qarshilik bildirishdi. Men bunday gapni aytishdan uyalishim kerakmish. Shunday qilsam, onalari go'rida tik turarmish. Elu xalq ustimdan kularmish, o'g'illarim va kelinlarim mahalla-ko'yda bosh ko'tarolmay qolisharmish.

Xullas, men tugul, yaqin bir do'stim ham ularga fikrimni tushuntirolmadi. Uylanishimga hammalari tish-tirnoqlari bilan qarshilik qilishdi. Odam keksaygani sayin yolg'izlikdan qo'rqadigan bo'lib qolar ekan. Shuning uchun men ham fikrimdan qaytmadim. Sakkiz oy tortishuvlar bilan o'tdi. O'g'illarim shu darajaga borishdiki, go'yoki arazlab menga osh-ovqat chiqarmay qo'yishdi. Mayli, dedim, o'zimning uddamdan o'zim chiqa boshladim. O'zimga ovqat qilar, kirlarimni ham o'zim yuvardim. Shunday kunlarda ko'p o'yladim,  aslida ayolim ham bolalarimning qoshu qovog'iga qarayverib, hamma mayda-chuyda tashvishlarni o'ziga olib, menga bildirmay  siqilaverib, qon bosimi dardini orttirib olgan ekan.

Bir kuni mahalla kattalaridan biri xotinining beva qolgan yaxshi bir qarindoshi borligini, o'sha ayol bilan bir ko'rishib, ma'qul kelsa, uylanishimni aytib qoldi. Bu gap o'g'illarimning qulog'iga yetgani hamon ular uyimga bostirib kelishdi.

— Uylanadigan bo'lsangiz, bu uydan chiqib ketasiz! — deyishdi baravariga. Onamiz yashagan uyga boshqa ayolni olib kelmaysiz!

— Meni, o'z otangizni ko'chaga quvib solyapsizlarmi? Shu uydan chiqib ketsam, sizlar el-yurtda bosh ko'tarib yura olasizlarmi?

Shu gapimdan keyin o'g'illarim bir-birlariga ma'noli qarab olishdi.

— Siz shu yoshingizda uyalmay uylansangiz, biz nega uyalishimiz kerak? — dedi katta o'g'lim.

Boshqa o'g'illarim ham uning gapini tasdiqlashdi.

— Mayli, minib yurgan mashinangiz o'zingizda qolsin, — dedi o'rtancha o'g'lim saxovatli boylardek…

Ichimdan nimadir uzilib ketganday bo'ldi. Men bolalarimga hamma narsani beribmanu, mehrimni va yaxshi tarbiyamni bermagan ekanman. Shu tobda yillar davomida ularni deb tortgan mashaqqatlarim ko'z oldimga keldi. Bundan ko'ra ularga qotgan non yedirib bo'lsa-da, ota-onani izzat qilishni o'rgatmaymanmi?! Shunday o'ylar qalbimdan o'tgani bilan bolalarimni ayblamadim. Ichimdagi og'riqni chiqarib yuborish uchun ko'ksimga mushtlab-mushtlab, mashinamga o'tirdim-da, uyni tashlab chiqib ketdim. To'g'ri qabristonga, ayolimning qabri yoniga bordim. Dardimni aytib-aytib yig'ladim.

Yaxshiyam, bolalarimga bildirmay anchagina pul jamg'arib qo'ygan ekanman, o'sha pulga ikki xonali kvartira sotib oldim. Tanish-bilish, do'stlarim o'rtaga tushib, ellik besh yoshli bir ayolni topishdi, uylandim. U ikki bora ro'zg'or qilib, farzandli bo'lmagan ekan. Keyingi turmushida to'rt bolali erkak bilan yigirma yil yashabdi. Eri o'lgach, o'gay bolalari uni ham chiqishtirishmabdi.

Endi bu gaplardan foyda yo'qligini bilaman. Lekin yuragimni iztirob ezaveradi. Hozirgi turmush o'rtog'im ham yaxshi ayol, meni yosh boladay parvarishlaydi. So'zlari ma'nili, doim menga umid beradi. Lekin men bolalarimni, nabiralarimni sog'inaman, juda qattiq sog'inaman…

Bayramlardan birida ularni ko'rgani bordim. Katta o'g'limning darvozasidan hatlab ichkari kirganimni bilaman, o'z bolam menga qovoq uyib, ko'chani ko'rsatdi. “Bolalarimga qorangizni ko'rsatmang, ular sizdan yomon ibrat olmasin”, dedi. Bu gap juda og'ir edi, judayam og'ir… Boshqalarining uyiga kirolmadim…

Shu tobda o'z hayotim, bolalarim haqida gapiryapmanu, o'zimning yoshligim, yo'llarimga intizor ko'z tikib o'tgan ota-onam esimga tushadi. O'shanda yosh edim, ota-onam hali uzoooq yashaydi, deb o'ylagandim. Ular ham meni qiynalib o'qitishgan, o'zlari yemay-ichmay topganlarini menga va ukalarimga sarflashgan edi.

O'qishni bitirib, tuman markaziga ishga joylashdim. Onam har kuni ishdan qaytishimni kutib o'tirardi. Keyinchalik viloyat markaziga ishga o'tib, oilam bilan ko'chib ketdik. Ish, bolalar va oila tashvishlari bilan bo'lib ota-onamdan bir oyda bir xabar olardim. Otam kuzning yomg'irli kunlarida yelkalari xo'l bo'lib meni yo'qlab kelar, men esa do'stlarim bilan choyxonaga ketardim…

Onam o'z qo'llari bilan nonlar yopib, qaymoq, sariyog'larni asrab, yo'limga ko'z tikib o'tirardi. Men o'sha vaqtlarda ularning yuragidagi sog'inchini his etmabman…

Endi bilyapman, bolalarni, nabiralarni sog'inib yashash qanchalik og'riqli dard ekanini… Afsuski, endi kech. Shuning uchun ham bolalarimdan xafa bo'la olmayman. Bugun men his qilayotgan og'riqli iztiroblarni ularga aslo ravo ko'rmayman… Ularni qarg'amayman. Ko'ksimga mushtlab-mushtlab ko'nglimdagi og'riqlarni chiqarib yuborishga urinaman. Boshimga tushgan bugungi qismat erta bir kuni bolalarimning boshiga tushishini aslo istamayman.

Shuning uchun ham odamlarga aytmoqchiman: kech bo'lmasidan avval ota-onangizni qadrlang, ularni diydoringizga zoriqtirmang! Zero, yaqinlar diydoriga zor bo'lish azobi judayam og'ir.

Zohidjon otaning hikoyasini Shahlo Toshbekova qog'ozga tushirdi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan