Mamlakatimizda davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi tantanalari shukuhi davom etmoqda. O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi tizimida ham “Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g'oyani o'zida mujassam etgan bayram tadbirlari, ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlar, davra suhbatlarida mustaqillikning 35 yilligi davrida, ayniqsa, so'nggi o'n yilda Yangi O'zbekistonni barpo etish jarayonida qo'lga kiritilayotgan tarixiy yutuqlar, mamlakatimiz hayotida yuz bergan yangilanishlar obodlik va farovonlik alohida e'tirof etilmoqda.

Bayram tantanalari arafasida “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi jamoasining qadimiy va navqiron Samarqand zaminiga sayohati tashkil etilgani tarix, ma'naviyat va bugungi bunyodkorlikni yana bir bor his etish imkonini berdi.

Samarqand — tarix bilan bugun, ulug' ajdodlar merosi bilan zamonaviy taraqqiyot uyg'unlashgan betakror shahar. Bu zaminga qadam qo'ygan kishi, avvalo, uning tarixiy nafasini his qiladi. Registon, Shohi Zinda, Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug'bek rasadxonasi singari obidalar xalqimizning buyuk davlatchilik, ilm-fan va madaniyat tarixidan so'zlaydi. Biroq bugun Samarqand faqat o'tmishning yodgorliklari bilan emas, zamonaviy qiyofasi, keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari, yangi infratuzilmasi bilan ham dunyo e'tiborini tortmoqda.

Sayohatning eng ta'sirli manzillaridan biri, shubhasiz, buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlari nomi bilan bog'liq muqaddas qadamjo bo'ldi. Jamoa vakillari butunlay yangicha qiyofada qad rostlagan Imom Buxoriy majmuasida bo'lib, ulug' allomaning ruhlarini yod etdilar, Qur'on tilovat qilib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi bardavom bo'lishini so'rab duolar qildilar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qayta bunyod etilgan maskan bugun allomaning yuksak maqomiga munosib zamonaviy ziyoratgohga aylangan. Bunday muhtasham majmuaning barpo etilishi xalqimizning buyuk ajdodlar merosiga bo'lgan ehtiromining yorqin ifodasidir.

Kunning ikkinchi yarmida Samarqand shahrida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil qilinib, unda “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi  o'rinbosari Shuhrat Usmonov, jamg'armaning Samarqand viloyati bo'limi raisi Shuhrat Negmatov ishtirok etib, bugungi kunda mamlakatimizda faxriylar faoliyatiga qaratilayotgan e'tibor va ularning o'ziga xos samaralarini e'tirof etgan holda, barchani bayram munosabati bilan muborakbod etdilar.

Tadbir davomida bir guruh nuroniylar, yosh avlod vakillari, jamg'arma vakillari so'zga chiqib, o'z dil izhorlarini bayon etdilar.

Ertasi kuni mehmonlar Registon maydoni, Amir Temur va Mirzo Ulug'bek bilan bog'liq tarixiy yodgorliklar, “Xo'ja Doniyor” ziyoratgohi, “Boqiy shahar” hamda O'zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildilar. Samarqand shahrining tarixiy obidalari, zamonaviy qiyofasi, obod va fayzli maskanlarini tomosha qilib, bir-birlari bilan samimiy muloqot qildilar.

Samarqand safari yakunlanar ekan, har bir ishtirokchi qalbida turfa taassurotlar bilan birga, yana bir ezgu tuyg'uni — Vatan bilan faxrlanish tuyg'usini olib qaytdi.

Bahodir Valiyev.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan