— deydi O'zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopova

— O'tgan yillarga nazar tashlasam, ta'lim va ilm-fan sohasida amalga oshirilgan ulkan o'zgarishlar, ayniqsa, o'qituvchi va ustozlarga bo'lgan e'tibor meni quvontiradi, — deydi O'zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopova. — Yangi O'zbekistonni bunyod etishga kirishar ekanmiz, Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev, eng avvalo, asosiy e'tiborni o'qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularning mehnatini munosib qadrlash, kasbiy salohiyatini yuksaltirish uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratdi. Ustozlarning malakasini oshirish, ilmiy izlanishlar olib borishi, zamonaviy bilim va texnologiyalarni egallashi uchun sharoitlar biz orzu qilgandan ham ko'proq kengaydi. O'z navbatida, pedagoglarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, ularning mehnatini rag'batlantirishga qaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar bizni quvontirish barobarida zimmamizga katta mas'uliyatni ham yukladi, kasbimizga bo'lgan mehrimizni oshirib yubordi. Bugun xalqaro fan olimpiadalaridan yurtimizga medallar bilan qaytayotgan, dunyoning eng nufuzli universitetlariga muddatidan oldin talabalikka qabul qilinayotgan o'quvchilar ana shu e'tibor, yaratilgan imkoniyatlar mevasi, uzoqni ko'zlab amalga oshirilgan islohotlarning natijasidir.

Darvoqe, bugun o'qituvchiga faqat dars beruvchi mutaxassis sifatida emas, balki yosh avlodning ma'naviy tarbiyasi, dunyoqarashi va kelajagi uchun mas'ul inson sifatida qaralmoqda va bu juda muhim. Chunki maktab ostonasida boshlangan tarbiya ertangi jamiyat qiyofasini belgilaydi.

Muhabbat Sharopova 1949 yilda Qashqadaryo viloyatining qadimiy va navqiron Shahrisabz shahrida tavallud topgan. Otasi Arapboy aka ichki ishlar xodimi edi, uyda ko'p bo'lmasa-da, oiladagi yetti bolaning o'qishi, odobini qattiq nazorat qilardi. Yosh Muhabbatxonning yuragida shifokor bo'lish istagi bor edi, ammo volidasi Halovat ayaning: “O'qituvchi bo'lish menga armon bo'lib qoldi, sen shu kasbni egallasang, xursand bo'lardim”, degan so'zlaridan keyin qarorini o'zgartirdi.

To'g'ri, shifokor bo'lganida ham u katta yutuqlarni qo'lga kirita olardi, bunga bilimi, izlanuvchanligi, salohiyati yetardi. Biroq o'qituvchi bo'lib ham kamlik ko'rmadi. Aksincha, kasbiga butun kuchini, borini berdi, uni sevdi. Mohir muallima sifatida qadr topdi, aziz ustozlik darajasiga yetdi. U bilim bergan o'quvchilar soni bir necha o'n mingdan oshib ketdi.

1971 yilda Samarqand davlat universitetini muvaffaqiyatli tamomlab, matematika fani o'qituvchisi mutaxassisligiga ega bo'lgan yosh o'qituvchi uchun pedagogika tez orada oddiy kasb emas, balki butun umrlik mas'uliyatga aylandi. U 1971 yildan 1997 yilga qadar Qarshi shahridagi 5-umumiy o'rta ta'lim maktabida matematika fanidan dars berdi. Qariyb chorak asr davomida maktabda ishlash — bu shunchaki yillar hisob-kitobi emas edi. Bu minglab darslar, turli taqdirlar, yuzlab o'quvchilar, quvonchli yutuqlar va ustoz zimmasidagi ulkan mas'uliyat demak edi…

Muhabbat Arapovna 1997-2000 yillarda Qarshi davlat universiteti qoshidagi litsey-internatida matematika fani o'qituvchisi sifatida mehnat qildi. 2000-2022 yillarda esa Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumiy o'rta ta'lim maktab-internatida matematika fanidan dars berdi. Bu dargohlarda u nafaqat matematik bilimlarni, balki o'quvchilarga ilmga intilish, mustaqil fikrlash, masalani tahlil qilish va to'g'ri yechim izlash ko'nikmalarini singdirdi.

Aslida, matematikada ham, hayotda ham eng muhim saboqlardan biri shu: har qanday murakkab masalaning yechimi bor. Faqat uni topish uchun sabr, bilim va izchil izlanish kerak. Ustozning ko'p yillik faoliyati aynan ana shu tamoyilga asoslangani bilan ahamiyatli.

2021 yil 4 sentyabrdan Qarshi davlat universiteti professori sifatida faoliyat yuritib kelayotgan ustoz bugun ham ta'lim va ilm ahli orasida o'zining munosib o'rniga ega.

Muhabbat Sharopovaning ko'p yillik samarali mehnati davlat tomonidan munosib baholandi. 1992 yilda O'zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig'i bilan taqdirlangan qahramonimiz 1996 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi. 2007 yilda unga “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan xalq ta'limi xodimi” faxriy unvoni berildi. 2016 yil esa ustoz hayotida alohida tarixiy ahamiyat kasb etdi. U yuksak davlat mukofoti — O'zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo'ldi.

Bu e'tiroflar bir qarashda turli yillarda berilgan mukofotlardek ko'rinadi. Ammo ularni birlashtirib turgan bitta tushuncha bor, bu — fidoyilik!

— Mukofotlar aslida mas'uliyat demakdir. Taqdirlandingmi, bu — davlatning, Prezidentning senga ishondi degani, endilikda bu ishonchni oqlashing kerak, — deydi Muhabbat opa. — Yanada ko'proq shijoat bilan ishlashga oshiqasan, bunda senga shunday tinch, osuda, inson qadri baland yurtda tug'ilib-yashayotganing, ezgu yo'lda ekaning kuch beradi.

Ustozlikda natija bir kunda ko'rinmaydi. U yillar davomida yaratiladi. Bugun ekilgan bilim urug'i ertaga shogirdning yutug'i, uning kasbiy mahorati va jamiyatga qo'shayotgan hissasi sifatida namoyon bo'ladi.

2022 yildan buyon Qarshi davlat universitetida professor-o'qituvchi bo'lib faoliyat olib borayotgan Muhabbat Sharopovaning 9 nafar shogirdi fan doktori, 7 nafari professor, yuzlab o'quvchilari fan nomzodlaridir. Ular respublikamizdagi qator oliy ta'lim dargohlarida va maktablarda matematika hamda informatika fanidan yosh avlodga saboq berib kelishyapti. Birgina umumta'lim maktablari o'qituvchilari bo'lgan shogirdlari soni 120 ga yaqin. Sezyapsizmi, kuchli bilimga ega bir ustoz — go'yoki tubsiz chashma. Uning zilol suvi irmoqlar hosil qilib, qanchadan-qancha nihollarga hayot baxsh etayotir.

Muhabbat opa tomonidan o'rta maktab o'quvchilari va yosh maktab o'qituvchilari uchun yaratilgan 9 ta uslubiy qo'llanmalari, oliygoh talabalari uchun mo'ljallangan 2 ta o'quv qo'llanmasi  va respublika ilmiy jurnallarida chop etilgan maqolalari ilm-fan rivojida, ta'lim taraqqiyotida, yosh avlod kamolida muhim o'rin tutadi.

Muhabbat Arapovnaning faoliyati ta'lim sohasi bilangina cheklanib qolmagan. 2020-2024 yillarda u xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi deputati sifatida ham faoliyat yuritdi. 2024 yildan buyon ham viloyat Kengashi deputati sifatida jamoatchilik ishlarida ishtirok etib kelmoqda. Bu faoliyat ustoz shaxsiyatida ta'lim va jamiyat manfaatlarining uyg'unlashganini ko'rsatadi.

Zero, haqiqiy ziyoli faqat auditoriyada yoki sinfxonada emas, jamiyat hayotida ham faol bo'ladi. U o'z bilimi, tajribasi va hayotiy pozitsiyasi bilan atrofidagilarga ta'sir ko'rsatadi.

Bugun dunyo shiddat bilan o'zgarmoqda. Raqamli texnologiyalar, sun'iy intellekt, axborot tizimlari, zamonaviy muhandislik va iqtisodiy modellarning barchasi matematik tafakkurga ehtiyojni yanada oshirmoqda. Shu ma'noda, matematika fani bugun kechagidan ham muhimroq ahamiyat kasb etmoqda.

— Matematika insonga faqat hisoblashni emas, balki dalillashni, tahlil qilishni, mantiqiy xulosa chiqarishni, muammoni qismlarga ajratib o'rganishni, eng maqbul yechimni izlashni o'rgatadi, — deydi ustoz suhbatimiz davomida. — Bu ko'nikmalar esa faqat matematik uchun emas, har qanday sohada faoliyat yuritadigan inson uchun zarur.

To'g'ri, bugun O'zbekistonda ilm-fan, ta'lim va innovatsiyalarga alohida e'tibor qaratilayotgan bir davrda matematik ta'limning ahamiyati yanada ortib bormoqda. Yangi avlod tadqiqotchilari, muhandislar, dasturchilar, iqtisodchilar va texnologlar uchun matematik bilim mustahkam poydevor vazifasini bajaradi. Shuning uchun matematikaga qiziqqan har bir yoshning ortida uni ilmga yetaklaydigan ustozning mehnati bor. Professor Muhabbat Arapovnaning ko'p yillik faoliyati ana shu ezgu an'ananing davomidir.

Mustaqillikning 35 yilligi arafasida ana shunday fidoyi insonlar hayoti haqida so'z yuritishning o'zi katta ma'naviy ahamiyat kasb etadi. Zero, mamlakat taraqqiyotini faqat bunyodkorliklar, texnologiyalar yoki raqamlar bilan o'lchab bo'lmaydi. Uning ortida Muhabbat Sharopova kabi yoshi ulug' insonlar, ehtiromga munosib ustozlar, olimlar va butun umrini kelajak avlod tarbiyasiga bag'ishlagan fidoyilarning mehnati bor.

Ustozdan bayram arafasidagi o'ylari haqida so'raymiz.

— Men ko'p yillar ta'lim sohasida mehnat qilgan inson sifatida bugungi imkoniyatlarni ko'rib, ustoz uchun bundan ortiq e'tibor va mas'uliyat bo'lishi mumkin emas, deb o'ylab qolaman, — deydi Muhabbat opa. — Endi bizdan bu ishonchga munosib mehnat, izlanish va fidoyilik talab etiladi. Har bir o'qituvchi o'z kasbiga sadoqat bilan yondashib, bir nafar o'quvchisining qalbida ilmga muhabbat uyg'ota olsa, uning kelajagiga yo'l ochsa — bu ham Vatan taraqqiyotiga qo'shilgan ulkan hissa bo'la oladi.

Bayram yaqin, hamkasblarimga bizga bildirilayotgan yuksak ishonchni oqlab, yoshlarga sifatli ta'lim va munosib tarbiya berishdan charchamaylik, deyman. Har bir darsimiz, har bir so'zimiz, har bir tarbiyamiz Vatan kelajagiga xizmat qilsin. Ko'nglimizdagi shukronalik hissi aslo so'nmasin!

Shahlo Toshbekova,

“Nuroniy” muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan