Bugun taniqli jamoat arbobi, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Farida Yo'ldoshevna Abdurahimova qutlug' 76 yoshni qarshiladi.
Farida Abdurahimova 1950 yil 11 avgustda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1974 yilda Toshkent davlat universitetining Jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Ilk mehnat faoliyatini “Yoshlar ovozi” ilgarigi (“Yosh leninchi”) gazetasidan boshlagan. Ko'p yillik sermahsul faoliyati davomida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi bo'lim rahbari hamda Toshkent shahar Xotin-qizlar qo'mitasi raisi kabi qator mas'uliyatli lavozimlarda sidqidildan xizmat qilgan.
Davlat va jamiyat hayotidagi faolligi bois 2004 va 2009 yillarda II va III chaqiriq O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi hamda Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi deputati etib saylangan.
Zukko ijodkor va mohir jurnalist sifatida oila hamda farzand tarbiyasiga bag'ishlangan «Oila — ma'naviyat va qadriyat beshigi», «Ayol o'zi bir dunyo», «Oila qo'rg'onini mustahkamlash — jamiyat farovonligi», «Faxriya ayollar — yurt tayanchi» kabi ko'plab kitoblar, ilmiy-ommabop maqolalar muallifidir.
Uning dramatik asarlari Toshkent teatrlarida muvaffaqiyatli sahnalashtirilgan. El-yurt oldidagi fidoyi xizmatlari va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi hissasi uchun u «Do'stlik», «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari, «O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni, Mustaqillik esdalik nishonlari hamda I darajali «Mehnat faxriysi» ko'krak nishoni bilan taqdirlangan.
Biz Farida Yo'ldoshevnani “Nuroniy” gazetasi va “Keksalik gashti” jurnali jamoasi nomidan muborak 76 yoshi bilan qutlab, mustahkam sog'liq, xonadoniga fayzu baraka va mas'uliyatli faoliyatida zafarlar tilaymiz!