Sho'rchilik Abduhamidovlar oilasida 40 tup pista yetishtirilmoqda

Qurg'oqchil sharoitda ham yaxshi o'sib-rivojlanadigan, iqtisodiy jihatdan yuqori daromad keltiruvchi va ekologik ahamiyatga ega mevali daraxt — xandonpista respublikamizning deyarli barcha tog' va tog'oldi hududlarida uchraydi. Ayni paytda Surxondaryo viloyatining turli tumanlarida ham o'simlik maydonlarini kengaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Xususan, Sho'rchi tumanining “Qoqaydi” mahallasida yashovchi Alyor Abduhamidov va Oysara Vohidova mana, 8 yildirki, o'z tomorqasining 6 sotix maydonida Eron pistasining mashhur “Ahmadiy” navini parvarishlab kelmoqda. Olti yillik mehnat va sabr-toqatdan so'ng tomorqadagi 40 tup pista daraxti hosilga kirdi.

— Pista ekish haqida o'ylaganimizda ko'pchilik bu ishning natijasini uzoq kutishga to'g'ri kelishini aytgandi, — deydi Oysara Vohidova. — Lekin biz tavakkal qildik va sabr bilan har bir ko'chatni alohida parvarishladik. Dastlabki yilda har bir daraxtdan o'rtacha 4-5 kilogrammdan, jami 120 kilogrammga yaqin hosil oldik. Endigi maqsadimiz — hosildorlikni yanada oshirish va pista ko'chatchiligini rivojlantirish. Mahallamizdagi yoshlarni ham ushbu mehnatga jalb etib, daromad olishlariga ko'maklashmoqchimiz. Shu bois, seleksiya ishlarini olib borib, iqlimga moslashgan ming tupdan ortiq pista ko'chatlarini tayyorlayapmiz.

Oilaning bu muvaffaqiyati va izlanishlari haqida jurnalist Nigina Shoyeva shunday deydi:

— Oysara Vohidova xonadonini uzoq yillardan buyon taniyman. Ularning matonati va tadbirkorlikka xos yondashuvi hamqishloqlari orasida haqli ravishda hurmat qozongan. Pista parvarishi oson kechmaydi — u muntazam sug'orish, kasalliklardan himoya qilish va tuproqqa alohida ishlov berishni talab etadi. Bugungi kunda Oysara opaning yashnab turgan tomorqasi va ilk hosil — oilaning mashaqqatli mehnati hamda kelajakka bo'lgan ishonchining munosib mukofotidir. Bu xonadon tajribasi tomorqadan samarali foydalanish va qishloq joylarda barqaror daromad manbaini yaratishning yorqin namunasi bo'la oladi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, keyingi yillarda aholi tomorqalari va dehqon xo'jaliklarida pista yetishtirishga qiziqish jadal ortib bormoqda. Bu bejiz emas. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi bo'yicha tashkiloti (FAO) ma'lumotlariga ko'ra, jahon bozorida xandon pista mevasi yong'oq va bodomdan 3-4 baravar qimmat baholanadi.

Masalan, Italiyada xandon pistaning 1 tonnasi 13371 dollar, Fransiyada 10263 dollar, Turkiyada esa 10156 AQSh dollari atrofida sotiladi. Ushbu davlatlarda yetishtirilgan mahsulot boshqa mamlakatlarnikiga qaraganda 2-3 baravar baland baholanishi ham sohaning juda katta eksport salohiyatiga ega ekanini ko'rsatadi.

 

Polizdagi mo''jiza: mo'ljal — 40 kilogrammlik oshqovoq…

Dunyoning barcha qit'asida birday sevib iste'mol qilinadigan qovoqning foydalari va shifobaxsh xususiyatlari haqida qadimda Pliniy va Abu Ali ibn Sino risolalarida batafsil yozilgan. Xitoyning qadimgi qo'lyozmalarida qovoq “o'simliklar malikasi” deb ulug'langan.

Qadimshunoslarning Peru, Meksika, Shimoliy Afrika va boshqa joylarda olib borgan qazilmalar asosidagi xulosalariga ko'ra, insoniyatning qovoqdan oziq-ovqat mahsuloti sifatida foydalanib kelayotganiga uch (ba'zi manbalarda besh) ming yildan oshgan. Hosili, bandi, hatto o'z-o'zidan qurib tushib ketadigan guli ham shifobaxsh xususiyatga ega bo'lgan qovoqning yuzga yaqin navi bor.

Qovoqning ana shunday mo''jizaviy mahsulot ekanligini yaxshi anglagan mirishkor dehqon — Surxondaryo viloyati Sho'rchi tumanida istiqomat qiluvchi Xolboy ota Qurbonov o'z tomorqasida parvarishlagan oshqovoqlari bilan ko'pchilikni hayratga solmoqda. 2022 yilda otaxon 35 kg.lik oshqovoq yetishtirib, ko'pchilikni hayron qoldirgandi. Endi esa…

Hozircha dehqon bobo yetishtirayotgan oshqovoqlar taxminan 32 kilogrammni tashkil qiladi. Kuz faslida pishib yetiladigan oshqovoq esa 40 kilogrammga yetsa ajab emas…

Ha, barchamiz sevib tomosha qiladigan “Abdullajon” filmidagi ulkan qovun-tarvuzlar aks etgan mashhur sahnalar hali-hamon yodimizda. O'sha lavhalarni ko'rar ekanmiz, “Bu hayot emas, kino-ku”, — deb o'zimizni ovutgandik o'shanda…

Ammo hayotning o'zi ham ba'zan kinodan-da ajoyib mo''jizalarni yarata olishi shubhasizdir.

Mirishkor dehqon buvaga esa “Xirmonga baraka!” deb qolamiz.

Dilshoda ALIMOVA,

“Nuroniy” jamg'armasi Sho'rchi tumani bo'limi mutaxassisi. 

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan