Yurtimizda keksa avlod vakillari ishtirokida tashkil qilinayotgan “Nuroniylar kuylaganda” nomli ko'rik-tanlovi faxriy otaxonu onaxonlarning san'atga oshufta qalbi, musiqa va qo'shiqqa nisbatan nozik didi, ijrochilik iste'dodlarini yangitdan kashf etmoqda. Ularni tinglar ekansiz, ijrolarining manaman degan san'katorlardan qolishmasligi, kerak bo'lsa, bellasha oladigan darajada ekanligidan hayratga tushasiz. Ikkinchidan, tobora unutilayozgan qo'shiq va ashulalarning sahnalarda o'ziga xos uslubda jarang sochayotganligidan quvonasiz.

Namangan viloyati tumanlarida o'tkazilayotgan ushbu ko'rik-tanlov jarayonlari o'ziga xos taassurotlarga boy bo'lmoqda.

Jumladan, Uychi tumanida mahalliy hokimlik, “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi,  Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi  hududiy bo'linmasi hamda madaniyat bo'limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirni fikrimizga yaqqol misol deyish mumkin. Tanlov havaskoru professional ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturiga aylanib ketdi. Unda faxriy nuroniylar va ustoz san'atkorlar milliy maqom hamda o'zbek milliy qo'shiqchilik san'atining betakror namunalarini ijro etdilar.

Bellashuv yakuniga ko'ra, maqom yo'nalishida “Hurriyat” mahallasi vakili Mahammadjon Nishanov,  milliy qo'shiqchilik yo'nalishida “Istiqlol” mahallasi vakili Hamidjon Mallaboyevlar g'olib deb topildilar.

Ular endi tanlovning viloyat bosqichida Uychi tumani sharafini himoya qilishadi. Tanlov g'olib va sovrindorlariga esdalik sovg'alarini Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi raisi Tohirjon Ismatillayev tantanali topshirdi.

Mingbuloq tumanida tashkil etilgan tanlovda ham muxlislar nuroniylarning ajoyib ijrolariga guvoh bo'ldilar. Ko'rik-tanlovda tumanning turli mahallalaridan qatnashgan nuroniylar milliy, mumtoz va xalq qo'shiqlarini yuksak mahorat bilan ijro etib, tomoshabinlarga ko'tarinki kayfiyat ulashdilar. Tanlov yakuniga ko'ra, maqom ijrochiligi bo'yicha “Nayman” mahallasi vakili Sherali To'ychiyev, milliy  qo'shiqchilik yo'nalishi bo'yicha “Qo'shqishloq” mahallasi vakili G'ofurjon Qoraboyevlar g'olib deb topildilar.

To'raqo'rg'on tumani madaniyat markazida tashkil etilgan tanlov ham o'z saviyasiga ko'ra ajralib turdi. Unda 60 yoshdan oshgan erkaklar va 50 yoshdan oshgan ayollar uchun sahna, chinakam ma'noda, mahorat va iste'dod maydoniga aylandi. Tadbirda 7 nafar nuroniy o'z iste'dodini namoyish etib, maqom va milliy yo'nalishdagi qo'shiqlarni ijro etdilar.

— Yoshim 77 da, uzoq yillar ta'lim sohasida faoliyat olib borganman, — deydi tanlov ishtirokchisi Sobitxon Ayupov. — Hozir keksalik gashtini suryapman. To'g'risi, qo'limga tor cholg'usini olmaganimgayam yigirma yildan oshibdi. Tanlov bahona yoshlik yillarimga qaytgandek bo'ldim. Tashkilotchilarga katta rahmat, ajoyib tadbir bo'ldi. Biz, nuroniylarga qaratilayotgan yuksak e'tibor uchun muhtaram Prezidentimizga ulkan minnatdorlik bildiramiz.

Hakamlar hay'ati xulosasiga ko'ra, Mahmudjon Kenjayev va Abdumutal Akramovlar birinchi o'rinni qo'lga kiritib, viloyat bosqichida qatnashish imkoniyatiga ega bo'ldilar.

Yangi Namangan tumanida tashkil etilgan tanlov ham chinakam san'at ishqibozlarini o'zida jamladi, desak mubolag'a qilmagan bo'lamiz. Tanlovda ishtirokchilar milliy musiqa san'atining betakror namunalarini ijro etib, maqom an'analarini asrash va keng targ'ib etishga o'z hissalarini qo'shdilar. Tadbir yakunida g'olib va sovrindorlar munosib taqdirlanib, tanlov g'oliblari viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo'lga kiritdilar.

Darhaqiqat, san'at — chegara ham, yosh ham, ko'ngil ham tanlamaydi. Musiqa, san'at, adabiyot kirib borgan har qanday davra fayzga to'ladi, san'at insonlarga huzur bag'ishlaydi, dilga orom beradi. Shu ma'noda, aytish kerakki, yoshi ulug' nuroniylarimiz ham san'atda o'z iste'dodlarini namoyon etib, o'rta va yosh avlod vakillariga ibrat hamda namuna bo'layotgan ekanlar, ularga omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz. “Nuroniylar kuylaganda” loyihasi hamisha bardavom va boqiy an'ana bo'lib qolishiga shubha yo'q, albatta.

Abdurashid Boltaboyev,

Namangan viloyati.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan