O'g'il-qizim, dunyoda
Yursang hamki piyoda,
Umring bo'lgay ziyoda,
Agarda duo olsang…
O'ynab-kulib yurarsan,
Mudom rohat ko'rarsan,
Davru davron surarsan,
Agarda duo olsang…
Ma'rifatda hikmat ko'p,
Ulug'lar poyini o'p,
Ishlaring bo'ladi xo'b,
Agarda duo olsang…
Hurmat qilu izzat top,
Ilm duri — behisob,
Izlan va intil shitob,
Agarda duo olsang…
Ochil bobong duoda,
Qolmassan muammoda,
Baxting sadafi — shoda,
Agarda duo olsang…
Ochil Sattor,
mehnat faxriysi,
Pastdarg'om tumani.
Nuroniylarim
Hayot sinovida toblangan,
Yurtning xizmatiga otlangan,
Eng shimarib, raso saflangan,
Omon bo'ling, nuroniylarim.
Ibratlisiz barchaga doim,
Suhbatingiz shirin, muloyim,
Sizni ne'mat etmish Xudoyim,
Omon bo'ling, nuroniylarim.
Tajribangiz — hayot maktabi,
Barkamollik — yoshlar matlabi,
Porlagaysiz Oy, Quyosh kabi,
Omon bo'ling, nuroniylarim.
Davralarning to'ri — sizniki,
Sayohatlar zo'ri — sizniki,
O'zbekiston — Vatan bizniki,
Omon bo'ling, nuroniylarim.
Ziyo sochib, porlab turingiz,
Saodatga chorlab turingiz,
Yonimizda shaxdam yuringiz,
Omon bo'ling, nuroniylarim.
Yo'ldosh Abrayev,
Sherobod tumani “Mehrigiyoh” MFY
“Keksalar maslahati” guruhi raisi.