Buyuk davlat arbobi, qudratli sarkarda hamda ilm-fan, madaniyat va san'at homiysi sifatida insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo'shgan buyuk Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori qabul qilinib, mamlakatimizda keng ko'lamli ma'rifiy va ilmiy tadbirlarni tashkil etish belgilangan edi.
Qarorga muvofiq, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi mamlakatimiz bo'ylab keng nishonlanmoqda. Bu sanaga faqat tarixiy yubiley sifatida emas, balki milliy o'zlikni anglash, boy ma'naviy merosni chuqur o'rganish va uni keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan muhim jarayon sifatida qaralmoqda.
Shuningdek, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e'lon qilinib, ta'lim muassasalari, ilmiy markazlar va mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchi va san'atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari va ma'rifiy tadbirlar o'tkazilmoqda.
Buyuk Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag'ishlab, O'zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo'mitasi hamda O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashabbusi bilan Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi “Oqsaroy” majmuasida “Amir Temur davlatchiligi tarixida Turon malikalarining o'rni” mavzusida tashkil etilgan ilmiy-ma'rifiy anjumanda taniqli yozuvchi Shahodat Isaxonovaning “Bibixonim” tarixiy romani taqdimoti bo'lib o'tdi.
O'tmishda yashab o'tgan buyuk momolarimizning matonati, jasorati, xalq, millat taqdiri, ma'naviyati va madaniyatida tutgan o'rni, ularning shonli va ibratli hayot yo'li, faoliyati bugungi kun xotin-qizlariga har jihatdan o'rnakdir. Taniqli yozuvchi Shahodat Isaxonovaning Temuriy malikalar hayotiga atab yozilgan turkum romanlariga bugungi kunda nafaqat mamlakatimizda balki xalqaro adabiy davralarda ham keng baho berilmoqda. Ushbu asarlar asosida sahna asarlari yaratilmoqda.
“Bibixonim” tarixiy romani Sohibqiron saltanatining toji, malika Saroymulkxonim hayotiga bag'ishlangan bo'lib, Bibixonim o'z davrining ma'rifatli, oqila, oliyjanob, teran fikrli ayollaridan edi. Amir Temurga yelkadosh, avlodlari ta'lim-tarbiyasiga mas'ul malika hayot sinov va evrilishlarida so'nggi lahzagacha sadoqatda sobit bo'ldi, o'z sharafini saqlay oldi.
Taqdimotda Temuriy malikalar hayotini o'rganishning ahamiyati haqida so'z yuritildi. Shuningdek, Shahodat Isaxonova “Bibixonim” romanining yaratilish tarixi, ahamiyati haqida gapirib, ishtirokchilarning savollariga atroflicha javob berdi.
Tadbir barchada ulkan taassurot qoldirdi.
Saodat Boymirzayeva,
O'zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo'mitasi
matbuot kotibi.