Toshkentda qirg'iz xalqining “Oq qalpoq” milliy bayrami keng nishonlandi
O'zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mitasi, O'zbekiston qirg'iz milliy madaniy markazi hamda Iste'dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlash “Ulug'bek” jamg'armasi hamkorligida o'zbek va qirg'iz xalqlari o'rtasidagi azaliy qardoshlik, madaniy birlik va qadriyatlar tarannumi bo'lgan “Milliy meros — o'zlik timsoli” shiori ostida “Oq qalpoq” qirg'iz milliy bayrami tashkil etildi.
Qirg'iz xalqining milliy g'urur ramzi hisoblangan “Oq qalpoq” bayrami munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tantana chinakam do'stlik va hamjihatlik ayyomiga aylandi.
Tantanada davlat va jamoat arboblari, diplomatik korpus vakillari, madaniyat namoyandalari, shuningdek, O'zbekiston qirg'iz milliy madaniy markazi faollari, a'zolari hamda markazning viloyat bo'limlari raislari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirning ochilish qismida Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mita raisi Qahramon Sariyev so'zga chiqib, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash ikki davlat o'rtasidagi strategik sheriklik va xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlikning muhim poydevori ekanini alohida ta'kidladi.
Shuningdek, Qirg'iziston Respublikasining O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Duyshonkul Chotonov hamda O'zbekiston qirg'iz milliy madaniy markazi raisi Rahmatulla Jabborovning ma'ruzalari tadbirga yuksak mazmun bag'ishladi. So'zga chiqqanlar mamlakatimizda millatlararo totuvlikni ta'minlash borasidagi islohotlar, markaz va uning viloyat bo'limlari tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar hamda “Oq qalpoq”ning ma'naviy ahamiyatiga to'xtalib o'tdilar.
Bayramning badiiy qismi ikki xalq san'atining naqadar uyg'un va yaqin ekanini yana bir bor isbotladi. Juda yuqori kayfiyatda va ko'tarinki ruhda o'tgan dastur doirasida “Marjon” milliy xalq havaskorlik ansambli ijrosidagi “Molmolum” qirg'iz xalq qo'shig'i va nafis “Tanovar” o'zbek milliy raqsi bilan ishtirok etdi. Xonanda Ollobergan Ortiqov ijro etgan “Xorazm lazgisi” sadolari davraga o'zgacha sho'x va shijoatli kayfiyat bag'ishladi.
“Zamindan chiqqan birinchi komuzchilar uy-bo'lasi” va “Komuzchilar” jamoasining mahoratli chiqishlari yig'ilganlarni yuksak tog'lar bag'riga, ajdodlarning betakror kuy-ohanglari olamiga yetakladi. Xonanda To'lqin Fayziyev ijrosidagi dilrabo qo'shiqlar bayram shodiyonasiga o'zgacha fayz, shukuh bag'ishladi.
Tadbirning esda qolarli lahzalaridan biri mehmonlarga ramziy ma'noda qirg'iz milliy bosh kiyimi — oq qalpoqlarning sovg'a qilinishi bo'ldi. Bu tuhfa nafaqat milliy libos, balki ikki xalq o'rtasidagi samimiy hurmat, ishonch va qardoshlik belgisi sifatida qabul qilindi.
Bayram yakunida ishtirokchilar birlik va totuvlikni ifoda etuvchi jamoaviy fotosessiyada qatnashdilar. Juda go'zal va fayzli o'tgan ushbu “Oq qalpoq” bayrami O'zbekistonda yashayotgan turli millat vakillari o'rtasidagi totuvlikni mustahkamlashga va madaniy merosimizni ulug'lashga xizmat qiladigan navbatdagi muhim qadam bo'ldi.
Rahmatulla JABBOROV,
O'zbekiston qirg'iz milliy madaniyati markazi raisi.