Buyuk davlat arbobi va sarkarda, milliy davlatchiligimiz va jahon tarixida beqiyos o'ringa ega bo'lgan Amir Temur haqida ko'plab badiiy asarlar, romanlar yaratilgan. Ular orasida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Husan Ibrohimovning “Sohibqironni anglash” kitobi ham o'ziga xos ifoda uslubi bilan ajralib turadi.
Mazkur kitob O'zbekiston fanlar akademiyasining akademiklari — Ahmadali Asqarov, Baxtiyor Nazarov, O'zbekiston Respublikasi fan arboblari — Ashraf Ahmedov, Halimboy Boboyev va boshqa olimlar, Muhammad Ali, Abduqahhor Ibrohimov, Abdusaid Ko'chimov, Farmon Toshev kabi taniqli yozuvchilar tomonidan yuqori baholangan. Kitobda, birinchidan, Amir Temur shaxsini anglash va tushunish, idrok etishda uning o'z tilidan aytilgan so'zlariga asoslanib chizilgan portreti boshqa tarixiy manbalar bilan qiyoslangan holda tarixiy haqiqat butun bo'y-basti bilan gavdalantirilgan bo'lsa, ikkinchidan, Amir Temurning nomi bilan bog'liq bo'lgan Ulug' saltanatning o'zbek davlatchiligi va jahon tarixida tutgan o'rni va roli yangicha talqinda bayon etilgan. Buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temurning 690 yilligi munosabati bilan mazkur kitobdan bir parchani e'tiboringizga havola qilyapmiz.
G'oyibdan kelgan madad
…Natanziyning yozishicha, “Sultoni G'oziy (ya'ni Temurbek) do'stlaridan ajralganidan so'ng Garmsirdagi bir qishloqda majruh va ma'yus holda qolgan edi. Bir kuni u bir devorning soyasida suyanib turarkan, chuqur o'yga toldi: “Talab yo'lining ibtidosidayoq qo'l va oyog'imdan judo bo'ldim, ammo ko'zlangan murodlarimning birortasi ham hosil bo'lmadi. Minba'd qanoat va faqirlik go'shasiga chekinib, o'zimni qirg'in va olishuvlardan xalos etganim yaxshidir”. Shu asnoda bir zaif chumoli devor tepasiga tirmashib chiqa boshladi. U bir necha bor urinsa-da, yo'lning o'rtasida yiqilib tushar va yana qayta tirmasha boshlardi. Nihoyat, u tepaga chiqdi. Hazrat sultoni G'oziy bu zaif chumolining ahvoli o'z holatiga juda o'xshashligini mushohada qildi va dilida ulkan saodatga umid uyg'ondi. Bu hol uning muborak badani sihat topishiga sabab bo'ldi”. Temurbekning jiddiy shikast topganligi tufayli hayotga bo'lgan ishonchi susayib turgan bir pallada bir oyog'i jarohatlangan chumolining maqsad sari intilishi unda umid va ishonch tuyg'usini qaytargandek bo'ladi.
Temurbek Seyistonda o'ng oyog'i va o'ng qo'lidan jarohatlanganidan so'ng Garmsirda qolib davolanadi. Bu orada ushbu noxush xabarni eshitgan ma'naviy piri Zayniddin Tayobodiy uning yoniga kelib, holidan xabar oladi. O'rtangan ko'nglini donishmandlikka yo'g'rilgan so'zlari bilan mavjlantirib yuboradi. Temurbekning Seyistonda olgan jarohati tufayli orttirgan nuqsoni keyinchalik fazilatga aylanadi. Uning o'ziga bo'lgan ishonchi, talabchanligi, ehtiyotkorligi, hushyorligi yana oshadi. Temurbek pirining tashrifini g'oyibdan kelgan madad tarzida qabul qiladi.
“Bu Tangrining so'nggi sinovlaridan biridir, — deydi piri Zayniddin Tayobodiy. — Garchi, bundan buyon o'ng qo'lingiz va o'ng oyog'ingizning tabiiy imkoniyatlari biroz cheklanadi. Lekin bundan aziyat chekmang, boy berilgan imkoniyat evaziga sizga yangi bir fazilat ato etilur. Boshqacha aytganda, ayni shu nuqsoningiz fazilatga aylanur. Shu kundan e'tiboran, taqdiringizga jahongirlik qismati bitilmish. Sizga olamni bilak kuchi bilan ermas, balki aql kuchi bilan olish muyassar bo'lg'usi. Bu shundan dalolat. Buyuk Tangrimizni yuragingizga jo qilgan holda, uning ilohiy qo'llab-quvvatlovi va ko'magidan bahramand bo'lib, shon-sharaf tojini boshingizga kiymishsiz. Bugundan e'tiboran, Siz nainki Turon, balki Eron xalqlarining ham nazarida bo'lmishsiz. Shunday ekan, Allohning inoyatlariga shukronalar aytib, zimmangizga yuklangan sharafli vazifani islomning quyidagi qoidalariga qat'iy rioya etgan holda bajarishga kirishmishsiz. Ya'ni “Qur'oni karim” ta'limotiga to'la bo'ysunish; Muhammad payg'ambar (s.a.v.)ning sunnat va hadislariga amal qilish; hech qachon nohaqlik qilmaslik; yomonlarga tegishli jazo berish; yomon qilmishlar uchun tavba-tazarru qilish; diniy va dunyoviy bilimlarni doimo oshirib, chuqurlashtirib borish; faqat yaxshilik qilish, hayotda kamtar bo'lish; Allohning xizmatida bo'lgan kishilarga doimo yordam berish; baxtsizlikda, mardlik va sinovlarda matonat ko'rsatish; qudratli va hokim bo'lganingizda rahmdil va kechirimli bo'lish; falokatlarda sabrli bo'lish; har xil moyilliklar va nafs hissidan o'zni tiyish; butun imon-ishonch va to'la itoat bilan Allohga xizmat qilish… Shu tariqa shariat rukniga rioya qilsangiz, qudratingiz kundan-kun ortib boradur. Yuragingizni toza aylab, ilmu hikmatga tayanib, Allohni dilingizga jo qilib shariat ilmi va dini islomga rivoj bermishsiz. Zero, Alloh suygan bandasiga xastalik bermish. To'rt muchali sog'lom odam hayotning qadriga chuqur yetmas. Insholloh, jahongirlik darvozalari Sizga lang ochilur. Zuhal, Mushtariy, Mirrix, Utorud va Zuhra shon-sharaf qo'nimgohiga ko'tarilgan, Quyosh Hamal burjining yigirma birinchi darajasiga kirgan pallada Siz saltanat taxtiga o'ltirursiz.
Alloh jismoniy kuch-quvvatingizni biroz cheklamoq evaziga ma'naviy qudratingizni o'n chandon oshirmish. Sizga g'ayb ilmidan istifoda etish inoyati berilur. Boshingizga aql-zakovatning oltin toji qo'nur, Iskandari Soniy bo'lursiz. Shu lahzadan e'tiboran, mayda insoniy iztiroblarni bir chetga surib, o'zingizni ulug' ishlarga chog'lang, belni mahkamroq bog'lang. Shoyad Sizning zimmangizga jabru zulm, kin-adovat, fisqu fujur, hiyla- nayranglar, jaholat botqog'iga botib ketgan bu dunyoni ilmu ma'rifat nuri bilan yoritib, taraqqiyotning keng va tekis yo'llariga olib chiqishdek bag'oyat ulug' va sharafli vazifalar yuklanmish. Zotan, siz barpo etajak ulug' saltanat timsolida bashariyat o'zining nurli manzillariga qadam qo'ymish. Bashariyat tamadduni keng va ravon taraqqiyot yo'liga tushib olmish. Toleingiz shundan bashorat berurki, siz barpo etajak Ulug' saltanat butun taraqqiyparvar bani-bashar orzu-umidlarini o'zida mujassam etishi bilan yetti iqlimni hayrat va hayajonga solur. Sizning dono siyosatingiz ila Kurrai zamin jaholat botqog'idan chiqib, bashariyat tamadduni ma'rifat dunyosiga bir necha qadam ilgari bosmish. Illo, Siz bunyod qilajak qudratli saltanat bashariyat uchun ibrat, andoza, namuna tarzida e'tirof etilib, boqiy umr ko'rgusidir.
Tangri taolo nazari tushgan bandasiga davlat va saodat berishdan avval, uni balo va mashaqqatlar girdobida saqlab, ranj va tashvish ila parvarish qilmish. Yusuf alayhissalom quduq ichra tushurilib, ranj va mashaqqat chekmagunlaricha davlat va shahriyorlikka yetishmadi. Muhammad alayhissalom g'urbat mashaqqati va hijrat zahmatlarini chekmagunlaricha fathga musharraf bo'lmadi. Zero, oyning o'n beshi qorong'u bo'lsa, o'n beshi yorug' bo'lur. Tun ortidan tong, kecha ketidan kunduz keladur. Ranj, alam, mashaqqat tortmasdan rohat, farog'atga yetishib bo'lmas. Ulug' tangrimiz sizga inoyat nazari bilan boqib, taqdirning achchiq va mashaqqatli sinovlari qozonida toblamish. Qo'l va oyoqlaringiz shikast topgunga qadar vujudingizda kuch-g'ayrat va shijoat o'ti bag'oyat bisyor bo'lib, voqelikni aql-idrok ko'zi bilan chuqur idroq etmog'ingizga ma'lum darajada xalal berur erdi… Ulug' Tangrimiz jismoniy kuch-qudratingizni biroz cheklash asnosinda ma'naviy qudratingiz, idrokingizni ziyoda etmish. Bu shundan nishonadirki, siz endi olamni bevosita qilich tig'i bilan ermas, balki aql-idrok, ilmu hikmat “tig'i” bilan tasxir etmishsiz. Siz ulug' Tangrimizning inoyati va beshak qo'llovi ila asrimizning chinakam mo''jizasini yaratish baxtiga musharraf bo'lursiz…
…So'ngra nortuyaning junidan to'qilgan chakmon, nimcha, tuyaning terisidan qilingan maxsi va belbog'ni tufha etadi. “Nortuyaning junidan to'qilgan shu chakmonni qishda kiyib yursangiz, zinhor sovuq o'tmagay, jangda kiysangiz paykondan tanangizga shikast yetmagay. Nimchani kiyib, belbog'ni belingizga mahkam bog'lab yursangiz, u harakatlang'on chog'ingizda o'zidan beadad tabiiy quvvat taratib, shikast topgan tomirlaringiz, tanangizga kuch-quvvat bag'ishlamish. Mana bu nodir kitobdagi qoidalarni o'zlashtirib olsangiz, jahongirlik faoliyatingizda sizga dasturilamal bo'lur”, — deya charm muqovali bir kitobni unga tutqazgan edi.
Ma'naviy pirining donishmandlikka yo'g'rilgan bu gaplari xastalik iztiroblaridan tamomila forig' bo'lmagan Temurbekning vujudida shijoat o'tini yoqib, quvvatlantirib, ijtimoiy tuyg'usini alanga oldirib yuborgandek bo'ldi. Shu tobda Temurbek vujudida so'z bilan ta'riflab bo'lmaydigan farahbaxsh surur hissini tuyardi. Ayni shu lahzada Temurbekning vujudida Jayhundek azim bir daryoning qudrati namoyon bo'lgandek tuyuldi. Jismiga azob, alam va o'kinch berayotgan hislari vujudini tark etib, botiniy bir kuch-qudrat yog'ilib turgandek bo'ldi. Piri Temurbekning yelkasiga qo'llarini qo'yarkan, uning vujudiga ilohiy bir kuch-quvvat yog'ilib, o'zini avvalgidan shijoatliroq, qudratliroq his qilardi. Tafakkuri tiniqlashib, ulug' maqsadlari juda yaqinlashgandek bo'lardi.
Allohga beadad shukronalar aytib, piri bilan xayrlashadi. Shu kezlari yana yoshlik g'ayrat-shijoati qayta tiklangandek, qaddini egilib tutib turgan prujina yana taranglashib, ilohiy bir qudrat ato etgandek tuyulardi. Ayni kuch-quvvatga to'lgan kezlarida o'ng oyog'i va o'ng qo'li jiddiy shikast topganidan chekkan xijolat hissi shu tobda vujudini tark etib, nuqsoni fazilatga aylangandek bo'lardi. Ko'ngli surur hissidan mavjlangan Temurbek beixtiyor og'riq va xijolat hissini unutib, oldida ko'ndalang turgan ulug'vor ishlarga butun vujudi bilan kirishib ketadi…
…Seyiston qal'alarida jang qilib, qo'lga kiritilgan boyliklar amir Husaynning lashkarlariga tarqatib berilgach, o'zining qo'l ostidagi askarlarida norozilik tug'ilgandi. Temurbek yarador bo'lib, yotib qolgach, lashkarlari undan umidini uzib, tark etishgandi. Piri Zayniddin Tayobodiyning tashrifi tarqalib ketgan askarlarning qulog'iga yetib bordi. Ular yana Temurbekka umid bog'lab, uning yoniga birin-ketin qaytib kela boshlashdi. Endi u yanada tejamkor, askarlariga bag'rikeng, marhamatli, kechirimli, hushyor va sergak bo'lib qolgandi. Qoshiga kelgan odamlarning fikrini uqib, ko'nglida kechayotgan kechinmalarini seza olardi. Unda odamlarni o'z yoniga ohanrabodek tortish, ishontirish, ruhlantirish, quvvatlantirish va o'z atrofiga mustahkamroq jipslashtirish fazilati namoyon bo'la boshlagandi. Bir so'z bilan aytganda, so'zning qudrati, jozibasi va ta'sirchanligidan foydalanish iqtidori behad ziyoda bo'lgandek edi. Voqelikning rivojini oldindan sezish iqtidori kuchliroq namoyon bo'la boshlagandi.
Ayni shu kezlardan boshlab, uning hayotida yangi bir davr boshlanadi. Ya'ni Temurbek dushmanni yurtdan batamom quvib chiqarib, qudratli davlatning mustahkam poydevorini qo'yish onlari pishib yetilganligini butun vujudi bilan his etdi va angladi. Vujudida qayta mavjlangan nurli tuyg'ulardan quvvatlanib, g'ayrat-shijoat bilan ishga kirishib ketdi.
Piri ketganidan so'ng u taqdim etgan kitobni varaqlar edi. Unda quyidagi so'zlar bitilgan edi: “Agar sipahsolar bo'lsang, lashkaringga ehson ko'rguzg'il, ham o'z tarafingdin, ham podshoh tomonidan ularga yaxshilik rasmini tuzg'il. Hamisha haybatlik bo'lg'il, lashkar chekmak va urush qilmoq tariqin bilg'il. Urush kuni o'ng tarafga va so'l tarafga ko'p urush ko'rg'on sarkardalarni yuborg'il. Shijoatliroq sarkardani yoki bahodirroq qavmni lashkarning orqa jangohiga (qanotiga) qo'yg'il, toki lashkarning orqasi quvvatlik bo'lsin. Agar dushman qanchaki ojiz bo'lsa ham uni ojiz ko'rmag'il va uning haqida ham quvvatlik dushman haqida qilg'on ehtiyotingni qilg'il.
Urushda dalirlik qilmag'ilkim, dalirlik sababidin lashkarni barbod qilursan va baddil bo'lmag'ilkim, baddillik jihatidin o'z lashkaringga hazimat (chekinish) yetkarursan…
…Har odamki a'lo murod maslahatchilar jumlasidan bo'lsa, o'z qoshingda saqlag'il.
…Agar urushga kirsang mardona harakat qilg'il va ko'nglungga qochmoq fikrini kelturmag'il. O'limga ko'ngil qo'yg'il, nedinkim har odamning murodi o'lim bo'lsa, uni hech lashkar joyidan ko'tara olmas.
Zafar topsang qochg'onning izidan quvmag'ilki, bu ishda xatar ko'p bo'ladi. Mening otamning xulq-atvori shundoq erdi, sulton Mahmud ham shu xildagi odatni ko'zda tutib, qochg'on odamning izidan quvmasdi va der ediki: “Qochg'on kishi jonini ayamay harakat qilur va har kishi jon bila sa'y ko'rguzsa, albatta, zafar topar.
Urushda zinhor bir qadamni keyin qo'ymag'il va bir luqma non, bir kosa suv topsang, ular bila baham ko'rg'ilki, bir parcha nonning qilg'on ishini ko'p zar va sarupolar qila olmag'usidir. Lashkarning ko'nglini hamisha xushhol tutg'il. Agar ular sendin jonini darig' tutmasing desang, ulardin noningni darig' tutmag'il… Agar seni podshohlik sharafiga yetkursa, podshohlik tariqini yaxshi tutg'il”.
Donishmand allomaning ushbu purhikmat so'zlarini o'qir ekan, vujudida kuch-qudrat mavjlangandek bo'lib, ezgu maqsadlari juda yaqin kelib qolgandek tuyuldi…
…Ushbu voqealardan so'ng Temurbekning hayotida tub o'zgarish ro'y bergandek edi. Piri ketganidan so'ng u yana ruhlanib, har bir yangi rejani butun ikir-chikirigacha puxta o'ylab tuzadigan bo'ldi. Hech bir narsani nazaridan qoldirmaydigan, har tomonlama o'ylangan, aniq hisob-kitob asosida puxta reja tuzib ish ko'radigan, ehtiroslarini jilovlaydigan, diqqatini masalaning eng muhim tomoniga qaratadigan bo'ldi. Kech yotib, erta turadigan, uzoq o'ylab, keyin oz so'zlaydigan bo'ldi. Oldingiga nisbatan hushyorroq, sezgirroq, tejamkorroq, mulohazaliroq, vazminroq, yetti o'lchab bir kesadigan bo'lib qoldi. Ishonmagan, sinovdan o'tmagan sardorlar, askarlarga muhim jangovar topshiriqlar bermaydigan, bu toifa odamlarni zahirada (o'yindan tashqari holatda) saqlaydigan bo'ldi. Jumladan, hozirgi vaziyatda tayanish mumkin bo'lgan amir Husaynga nisbatan shunday yo'l tutdi. Uni qo'shini bilan jangovar harakatlanayotgan lashkarning orqa tomonida saqlab, o'zi oldingi safda jang qiladigan bo'ldi. Unga va uning lashkariga ishonib bo'lmasdi. Ayni paytda uning “ittifoqchiligi”dan voz kecha olmasdi. Amir Husayn bilan ittifoqchilik Temurbek uchun zohiran kerak edi, shunday yo'l tutmasa, qo'l ostidagi askarlar tarqalib ketishi mumkin edi. Temurbek amir Husaynning g'ayirligi va dilida o'ziga nisbatan doimo tug'yon urayotgan hasad va adovatini his etib, uni kerakli masofada saqlab turishga qaror qiladi. Shuningdek, bo'lajak janglarga puxta tayyorgarlik ko'rardi. Bir odamni josuslikka yuborgudek bo'lsa, uning ortidan boshqa bir ishonchli odamini yuborib, unga ham ayni shu topshiriqni berardi. Dushman joylashgan manzilni, qal'aning atrofini ipidan ignasigacha o'rganib chiqardi.
O'z lashkarlaridan hushyorlik, ehtiyotkorlik, topqirlik, g'ayrat-shijoatni boshqarishni, ehtiroslarga berilmasdan aniq hisob-kitob asosida harakat qilishni talab qilardi. Ularni bo'lajak janglarga ruhiy, jangovar va jismoniy jihatdan puxta tayyorlardi. Lashkarni o'zi jangga boshlab kirardi. Janglarda o'zini matonatli, mohir sarkarda sifatidagina emas, balki ilmu amalga tayanib, ish tutadigan mohir qo'mondon tarzida ham namoyon qilardi. Qo'shini son va kuch jihatidan kamroq bo'lsa-da, harbiy taktika va hiyla ishlatish evaziga dushmanni chalg'itib, mahv etish siru asrorini o'rgatardi. Uning uzoqni ko'zlab ish tutishiga qoyil qolgan odamlar tan berib, katta ishonch va umid bog'lab atrofiga jipslasha boshlagan edilar…
1 Mu'iniddin Natanziy. “Muntaxab”, 221-bet.