Bugun muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda ish olib borayotgan faol nuroniylar, ularning ko'rsatayotgan tashabbuslari, ayni yoshi ulug' insonlar ishtirokida davom ettirilayotgan loyihalar o'z samarasini bermoqda. Shunday bo'lishi ham tabiiy. Negaki, yoshi ulug', piri badavlat, hayotning achchiq-chuchugini totgan keksalar bosh qo'shgan har qaysi ish munosib meva bermay qolmaydi, albatta.
Buning yorqin isbotini “Nuroniy” jamg'armasi Sirdaryo tumani bo'limi faoliyati misolida ko'rishimiz mumkin. Avvalo, bo'lim faoliyatida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 15 martdagi “Nuroniylarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 167-sonli, 2023 yilda 11 mart kunidagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 92-sonli Qarorlari va yana qator hujjatlarning dasturilamal bo'lib kelayotganligini alohida qayd etish joiz.
Hozirda tumanda 12709 nafar yoshga doir nafaqa oluvchilar istiqomat qiladi. Ularning 4557 nafarini erkaklar, 8152 nafarini ayollar tashkil etadi. Urushorti mehnat faxriylari soni 16 nafar. Shundan 5 nafari — erkak, 11 nafari — ayollar. 2 nafar 100 yosh va undan oshganlar bor.
Tumandagi 38 ta mahallada 570 nafar “Keksalar maslahati” guruhi a'zolari, 190 nafar “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi a'zolari faoliyat olib borishmoqda.
— “Nuroniy — har bir oilaga mas'ul” loyihasi asosida mahallalardagi 38 ta muammoli oilaga nuroniylar biriktirilib, muntazam olib borilgan tushuntirish ishlari, amaliy sa'y-harakatlar natijasida o'tgan yili 36 ta oila muammoli toifadan chiqarildi, — deydi “Nuroniy” jamg'armasi Sirdaryo tumani bo'limi raisi Rasul Veysalov. — “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” tamoyiliga muvofiq, 380 nafar uyushmagan va muammoli yoshlarga biriktirilgan 38 nafar nuroniy tomonidan 2025 yilda olib borilgan amaliy ishlar natijasida 52 nafar yoshning bandligi ta'minlandi, 100 nafar yosh kasb-hunarga yo'naltirildi, 178 nafar yoshning turli muammolari bartaraf etildi. Natijada, biriktirilgan 380 nafar muammoli yoshning 330 nafari sog'lom ijtimoiy-ma'naviy hayotga qaytarildi. Faxriy nuroniylar, o'rta avlod vakillari hamda yoshlar o'rtasida yil davomida jami 338 marotaba “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari o'tkazildi.
Aholi va keksa avlod o'rtasida sog'lom turmush tarzini keng targ'ib qilish hamda nuroniylarni ommaviy sportga jalb etish maqsadida, o'tgan yil davomida “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi va mutasaddi tashkilotlar hamkorligida sportning shaxmat-shashka, mini-futbol, kurash va tennis turlari bo'yicha sport musobaqalari, “Salomatlik uchun 5000 qadam” tadbirlari o'tkazilib, ularga 6485 nafar ishtirokchi jalb etildi.
“Keksalar uchun turizm oyligi” va turizm tadbirlari doirasida respublikamizning diqqatga sazovor joylari, ziyoratgohlar, muzey va teatrlar, yurtimizning so'lim go'shalariga tashkil etilgan sayohatlar hamda tomoshalarga birgina 2025 yilda 5670 nafar nuroniy jalb qilindi. “Kambag'allikdan — farovonlik sari” tamoyiliga asosan tadbirlar 2 bosqichda amalga oshirildi. 38 ta mahallada katta hayotiy tajribaga ega bo'lgan obro'-e'tiborli 114 nafar faol nuroniy tomonidan olib borilgan ishlar natijasida 1-mavsumda 543 ta oila, 2-mavsumda esa 540 ta oilaning 522 tasi kambag'allik reestridan chiqarildi. Joriy yilda ham belgilab olingan reja va dasturlar asosida o'z faoliyatimizni davom ettirmoqdamiz. Maqsadimiz — nuroniylarimizning hayotiga ma'no-mazmun kiritish, umrlariga umr qo'shish, salomatliklarini muhofaza qilish. Ular qanchalik jamiyatimizda faollik ko'rsatib, islohotlar natijadorligiga o'z hissalarini qo'shar ekanlar, yanada sog'lom, xushchaqchaq bo'lib, yonimizda turadilar.
— Nafaqaga chiqqanimdan so'ng “Nuroniy” jamg'armasi tomonidan mahallamizdagi kambag'al oilalar, keksa faxriylar, yotib qolgan bemorlarga moddiy va ma'naviy yordamlar ko'rsatilayotganligi bir necha bor qulog'imga chalindi, — deydi tuman faxriylaridan biri Rahmat Do'stov. — Bu yurtimiz bo'ylab olib borilayotgan oqilona davlat siyosati ekanligini angladim. Men ham bir guruh keksalar qatorida Toshkent shahriga sayohatga bordim. Sayohatimiz Zangiota ziyoratgohidan boshlandi. U yerdagi tarixiy obidalarni ko'rib zavqlandik, jome' masjidida namoz o'qib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik so'rab, duolar qildik. Sayohatimiz kechga qadar davom etib, poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari, yangi qurilishlarni ko'rib, olam-olam taassurotlar bilan qaytdik. Biz, keksalarga mana shunday e'tibor va g'amxo'rlik ko'rsatayotgan muhtaram Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz. Ushbu tashabbuslarni amalga oshirishda Yurtboshimizga yelkadosh bo'lib turgan “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi rahbarlariga, jamg'armaning Sirdaryo viloyati bo'limi mutasaddilari hamda tumanimiz nuroniylariga bosh bo'lib kelayotan Rasul Veysalov kabi fidoyi yurtdoshlarimizga ham tashakkur aytamiz.
Ha, bugun sirdaryolik faol nuroniy otaxonu onaxonlarning ham shijoati-yu ishtiyoqi oldingidan ancha baland. Joriy yilda ham ular o'z zimmalaridagi vazifalarni yuqori talabchanlik bilan ado etishda bardavom bo'lib, xalqimizning farovonligini ta'minlash yuzasidan davlatimiz va hukumatimiz topshiriqlariga labbay deb javob bermoqdalar, sharafli xizmat yo'lida kamarbasta bo'lib kelmoqdalar.
B.Valiyev.