Maqom san'ati inson qalbiga ta'sir qiluvchi,  ruhiy poklik va ma'naviy kamolotga chorlovchi san'at turidir. Keksa va o'rta avlod vakillarining yoshlik damlaridan boshlab, maqom yo'nalishidagi kuy va qo'shiqlarni sevib tinglaganlari rost. “Buzruk”, “Dugoh”,  “Segoh”,  “Iroq”, “Guluzorim”, “Qaro ko'zim” kabi ashulalar, “Shashmaqom”ning barcha qo'shiqlarini, chinakam ma'noda,   xalqimizning ma'naviy javohirlari desak, xato qilmagan bo'lamiz.

Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Zebuniso, Miskin va boshqa mumtoz shoirlar g'azallariga bastalangan maqom qo'shiqlari tinglovchiga o'zgacha shukuh, ma'naviy huzur baxsh etishi bilan ulkan qimmat kasb etadi.

Toshkent viloyati hokimligi, “Nuroniy” jamg'armasi Toshkent viloyati bo'limi hamda viloyat madaniyat boshqarmasi tashabbusi bilan Olmaliq shahrining “Metallurg” madaniyat saroyida buyuk sarkarda, sohibqiron Amur Temur tavalludining 690 yilligiga bag'ishlab o'tkazilgan  maqom ko'rik-tanlovi nuroniylar orasida yuksak iste'dod sohiblari borligini amalda yaqqol namoyon etdi.

Tadbir davomida sahnada nuroniylar ijrosida yangragan maqom va milliy qo'shiqlar ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi. Keksa avlod vakillarining san'atga bo'lgan mehri, milliy qadriyatlarga sadoqati va ijodiy faolligi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Tanlov natijalariga ko'ra, yangiyo'llik 77 yoshli  Muxtorjon ota Po'latov birinchi o'rin sohibi bo'ldi. Ikkinchi o'rin bo'kalik Shuhrat Asraqulovga,  uchinchi o'rin esa parkentlik Shahlo Ro'ziyevaga nasib etdi.

Bekobodlik Ra'no Hamidova aktyorlik, Toshkent tumani vakili To'raboy Nosirov “Musiqa asbobining mahoratli ijrochisi”, Angren shahridan tashrif buyurgan Ra'no O'rozboyeva “Tomoshabinlar olqishiga eng ko'p sazovor bo'lgan ishtirokchi” nominatsiyalari bo'yicha taqdirlandilar.

Tadbir yakunida g'olib va sovrindorlarga mutasaddilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg'alari topshirildi.

Bahriniso Sultonali qizi,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, 

Toshkent viloyati “Buvijonlar maktabi” guruhi rahbari.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan