31 mart kuni Qirg'iziston Respublikasining O'sh shahrida tarixiy voqea yuz berdi. Bobur nomidagi O'sh davlat akademik o'zbek musiqali drama teatri va O'zbek davlat akademik musiqali teatri o'rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida ilk yirik loyiha — “Nodira” tarixiy dramasining premyerasi tomoshabinlar hukmiga havola etildi.
Mumtoz she'riyatimizning yorqin yulduzlaridan biri, Qo'qon malikasi Nodirabegim hayoti va ijodiga bag'ishlangan tarixiy drama “Turon malikalari” turkumidan yozilgan qator tarixiy romanlar muallifi Shahodat Isaxonova qalamiga mansub bo'lib, uni Muqimiy nomidagi O'zbek davlat akademik musiqali teatrining bosh rejissyori Doston Haqberdiyev va teatr baletmeysteri Feruza Sarimsoqova sahnalashtirgan.
* * *

Zalni to'ldirgan muxlislar olqishi ostida spektakl boshlandi va tomoshabinlar ko'z o'ngida, beixtiyor, mumtoz adabiyotimizning yorqin yulduzlari Nodirabegim, Uvaysiy, Dilshodi Barnolar va qadim Movarounnahrning Qo'qon xonligi va Buxoro amirligidagi ijtimoiy-siyosiy xayot, ajdodlarimiz, ularning turmush tarzi, urf-odatlari, an'analari birma-bir namoyon bo'la boshladi.
Yozuvchi Shahodat Isaxonova mahoratli adiba sifatida tarix sahnasini qog'ozga, so'ngra, teatr sahnasiga ko'chirib kelmoqda. Uning qahramonlari bizning momolarimiz… Ular ko'hna dunyoga Shiroqlarni, Beruniylarni, yetti iqlim jilovini qo'lida tutgan Amir Temurlarni, Mirzo Ulug'beklarni, hazrat Navoiylarni bergan onalar! Ular hukmdor erlariga yelkadosh bo'lgan, saltanat jilovini ular bilan barobar tutgan, yurtlarini ma'naviyat va ma'rifat shamchirog'i bilan yoritgan, masjidu madrasalar qurgan, xonaqoh, yo'llaru rabotlar solgan oqila, donishmand To'marislar, Turkon Xotunlar, Bibixonimlar, Gavharshod begimlar, Nodira begimu Uvaysiylar va Qurbonjon dodxohlardir… Ularning har biri zamon va makon taraqqiyoti uchun beqiyos ulush qo'shishgan. Ularning safi juda ko'p, lekin Turon yurti tarixining urf-odatlari, an'analari ular iqtidorini, iste'dodini, salohiyatini, mehnatini baralla aytishga, e'tirof etishga cheklovlar qo'ygani bois, ular faqat she'rlarda, dostonlarda, shunda ham muhabbat farishtasi sifatida kuylangan. Ularning ko'plari ijtimoiy adolatsizlik, zulm va zo'ravonlik qurboni bo'lgan ayollardir. Dramada ularning hayoti, o'ziga xos yashash tarzi va ana shu ruhiy kechinmalari sahnama-sahna ochib beriladi.

Ilk sahna Qo'qon xoni Olimxonning ukasi shoir Umarxonning Mohlar oyimga (keyinchalik Nodirabegim maqomi berilgan) sovchilik voqeasi bilan boshlanadi. Sahnada Mohlaroyimning volidasi Oysha begim va qiblagohi Ramonqulibiylar gavdalanadi.
Oysha begim rolini teatrning taniqli aktyori Laylo Isaqova, Rahmonqulibiy rolini esa Olimjon Komilov ijro etishgan.
“Rahmonqulibiy: — Qizimiz Mohlaroyimga shahzodamiz Umarxonning niyatlarini so'yladingizmi, onasi?
Oysha begim: — So'yladim, biyim…
Rahmonqulibiy: — Ne javob berdilar?
Oysha begim: — Hech narsa demadilar, biyim.
Rahmonqulibiy: — Yaxshilab tushintirdingizmu? Rozilik bermasligi ham mumkinmu?
Oysha begim: — Bilmadim, biyim… Lekin mening ham ko'nglim chopmayotir… Ul yigit shahzoda bo'lsa… Shahzodalarning turmush tarzi ersa ma'lum. To'rtta xotin yetmaganday, o'nlab kanizaklar saqlashadur. Gul kabi avaylab o'stirgan farzandimiz ul katta dargohda unib-o'sib ketarmikin?
Rahmonqulibiy: — Bizning ham katta dargohda sizni ho'q urgani yo'q-ku, onasi!?
Oysha begim: — Ho'q urmagani shulmu, biyim… O'lmay tirik qoldim, xolos… Mana bul diydam nelarga giriftor bo'lganini o'zim bilamen, siz qaerdin bilursiz? Afsuski, bul qabohat bir sizning ermas, barcha erkak zotining qabohatidur! Alar o'z nafslari va hirslarini jilovlay olmaganliklari bois, zurriyodlari o'gaylik balosiga duchor bo'lub, ahli ayollari kundoshlik jahannaminda yonadurlar…
Rahmonqulibiy: — Indamay yurganingiz birlan dardingiz ichingizda erkan-da, onasi!
Oysha begim: — Bul dard birgina mening ermas, barcha ayollarning dardidur… Kundoshlik va o'gaylik nafaqat og'a-inilarning, balki saltanatning ham kushandasidur, biyim”.
Ana shu dastlabki sahnadayoq, Oysha bibining so'zlari orqali o'tmishdagi ayollarning ijtimoiy adolatsizlik tufayli chekkan azoblari, erkaklar tomonidan haq-xuquqi toptalgan, tahqirlangan, rashk o'tida yongan holatlari ko'z o'ngingizda namoyon bo'ladi.
Spektakldagi voqealar bir-biriga mantiqan bog'langan va yaxlit syujetni tashkil qilgan.
Oysha begim ta'riflaganidek, ota-ona bag'rida gul kabi yayrab o'sayotgan Mohlaroyim hali hayotning achchiq-chuchugini totmagan, yomon insonlarga duch kelmagan, ularning fe'lidagi qabohatdan bexabar, u dunyoni o'zining xayollari yaratgan she'riyat olami kabi tasavvur qiladi, uning bag'ridagi insonlarni esa o'zining yaqinlari kabi ko'radi. Shuning uchun ham volidasi Oysha begimning xavotiriga, hatto, ogohlantirishlariga ham parvo qilmaydi. U she'riyatga oshno, uning qalbi she'riyat uchun yaralgan. Yostiqdoshi shoir bo'lishi uning orzusi edi. Shu sabab, shahzoda Umarxonning shoirligi uning orzusi ushalayotganiga ishora bo'lib ko'rinadi.
…Mohlaroyim Marg'ilonga kelin bo'lib tushganida undan baxtiyor odam yo'q edi. Umarxon tomonidan “Shoirlar uyi”ning tashkil qilinishi, mashhur shoira Uvaysiyga shogird tushishi, uylaridagi mushoiralar, she'riy devonlar tuzilishi, nafis majlislar, bularning barchasi bolalikdagi orzusining ro'yobi, hayotining mazmuni kabi ko'rinadi…
Lekin xayol boshqa, hayot boshqa… U to'y bo'lishdan oldin volidasi aytgan gaplarning nechog'li to'g'riligini o'shal savdolar boshiga tushgach, anglaydi. Umarxon bilan boshlari bir yostiqda bo'lsa-da, eri uning ko'ngil kechinmalaridan xabarsizligi, his-tuyg'ulariga begonaligi Nodirabegim qalbidagi ishq gavharini barbod etadi. U bunday hayotga tayyor emas, hayotini bu tarzda davom ettirishga uning qurbi yetmaydi. Nodirabegim sevgan insoni dargohidan ketishga qaror qiladi. Ko'nglidan kechgan o'ylarini ustozi, shoira Uvaysiyga aytadi.
Shoira Uvaysiy rolini teatrning taniqli xonandasi, Qirg'izistonda xizmat ko'rsatgan artist Diloromxon Soipova, Mohlaroyim (Nodirabegimning) yoshligini teatrning yosh, umidli aktrisasi, Qirg'iziston madaniyat a'lochisi Odinaxon Abbosova mahorat bilan talqin etgan.
…Mohlaroyim ko'ngil qo'ygan, uni jonidan ortiq suygan shahzoda Umarxon keyinchalik yana shayton qutqusiga uchadi. Og'asi Olimxon saltanatiga tajovuz qilgan dushmanlarga qarshi kurashish o'rniga, taxtga o'zi ega chiqishni o'ylaydi va hamfikr tarafdorlarining qutqusi bilan bunga erishadi. Og'asini bolalari bilan birgalikda qatl ettiradi va suvdan quruq chiqish, haqiqatni yashirish uchun qatlda ishtirok etgan barcha guvohlarni yo'qlik sahrosi tomon itqitadi.
Haqiqat sahnada, rejissyorning tafakkuri orqali ramziy ma'nolarda, so'zsiz va ishoralar orqali namoyon bo'ladi. Aktyorlar fonida halok bo'layotgan Olimxon va ikki farzandi bo'yniga sirtmoq ilingan holda xuddi kafanga o'ralgan kabi oppoq liboslarda xuddi bulutlar ichida suzayotgan kabi muallaq turishipti. Jallodlar ularning bo'yniga sirtmoq soladi. Falokatni anglatuvchi musiqa fonida boshlaridagi oppoq qalpoqlari go'yo ruhlari kabi osmonga ko'tariladi…
Sahnada Umarxon va Nodirabegimlar paydo bo'lishadi. Umarxon rolini Tohir Madrahimov, Nodirabegim obrazini esa teatrning xushovoz xonandasi, Qirg'iziston Respublikasida xizmat ko'rsatgan artist Samidaxon Xolmatova maromiga yetkazib ijro etgan.
“Umarxon: — Xush keldingiz, malikam…
Nodira begim: — Xudoga shukr, to'rt oy deganda yuz ko'rishdik, shahzodam. Qo'zg'olonni eshitib qo'rqib ketdim. Kelmoqchi erdim, beklaringiz ruxsat berishmadi. Hech kimga ziyon-zahmat yetmadimu, ishqilib?
Umarxon — Ko'rib turganingizdek, men soppa-sog'men. Faqat og'am va farzandlarini qutqara olmadik…
…Nodira begim: — Oh, shahzodam…
Umarxon: — Shukr, barchasi ortda qoldi, shahzodalarning ulug'i bo'lganligim uchun og'amiz taxtiga meni o'tqazishib, Xon ko'tarishdi… Meni qutlashingiz mumkin…
Nodirabegim: — Sizning og'a-inilaringiz, mening ersa jon-jigarlarim qoni birlan bulg'angan taxt va xonlikni qutlashga tilim qanday boradur?”
Shu payt eshik og'asi ko'rinish berib, Umarxonga Olimxonning volidasi kelganini va kirishga ruxsat so'rayotganini aytadi.
Qo'rqib ketgan Umarxon bahona bilan ularni xoli qoldiradi…
Farzandidan va nabiralaridan judo bo'lgan ona — Xonoyim obrazini teatrning aktrisasi, Qirg'izistonda xizmat ko'rsatgan artist Mavluda Abdujabborova mahorat bilan o'ynagan. Uning g'am-alam to'la faryodli sasi go'yo boshqa onalarni hushyorlikka chaqirayotganday. Uning so'zlari duoibad kabi yangraydi. Zero, zulmning tovoni og'ir…
Keyingi sahnada duoibad o'z isbotini topadi. Taxtni bir umrlik, umrni esa mangu deb bilgan Umarxon og'ir dardga chalinadi. Uni yo'qlab kelgan Nodirabegimga yuragidagi sirlarini oshkor etadi.
Umarxon: — Men noshudu notavon banda bul hayotni ne deb tasavvur etdim? Nega ishondim, nega suyandim? Qani, o'shal meni sher yanglig' sarkash qilgan, ummon kabi to'lib-toshirgan qudrat? Hammasi xayol, barchasi sarob erkanligini, inson otlig' bul banda aslinda chumoli kabi zaif, bedavo dard yanglig' chorasiz erkanligini endi tushundim, lekin kech tushundim…”

Dramada jaholat va adolatsizlik hukm surgan zamonda o'z sha'ni, nomusi, insoniy qadr-qimmatini himoya qilish uchun kurashmoq zarurligi adoqsiz alamlar chekkan haqparast Nodirabegim obrazi orqali ochib beriladi. Hukmdorlar va ularning amaldorlari boshqalarning erkini poymol etish, g'ururini sindirish, zo'ravonlik qilish, tahqirlash adolatsizlik ekanligini anglashmaydi. Va ana shu anglamaslik oqibatida o'zlarini ham yo'qlik qa'riga mahkum etadilar.
Spektakl voqealari aktyorlar mahorati bilan maromiga yetkazib o'ynalgan.
Shayxul Islom rolida Qirg'iziston madaniyat a'lochisi Baxtiyor Hurboyev, Nasrullaxon rolida Qirg'iziston madaniyat a'lochisi Dilshod Qurchiyev, Olimbek dodxoh rolida Qirg'iziston madaniyat a'lochisi Ilhom Mamatoxunov, Muhammad Alixon rolida Muzaffar Baxtiyorov, Xonposhshoxon rolida Yorqinoy Sharipova, Qurbonjon bekach rolida Mubinaxon Tojiyevalar o'z obrazlari talqinini mahorat bilan ijro etishdi.
Sahna bezaklari, saroy ko'rinishi, qahramonlar kiyimlari, qurol-yarog'lar barchasi voqea sodir bo'lgan davrga uyg'un ravishda tanlangan. Ijro etilgan kuy va qo'shiqlar shoira Nodirabegim va shoir hamda hukmdor Umarxon Amiriy she'rlariga bastalangan.

Spektakl tomashabinlar tomonidan qizg'in kutib olindi. Tomoshaga tashrif buyurgan O'sh shahar vitse meri Masudaxonim Aydarbekova spektakl ijodkorlarini va teatr jamoasini yangi tarixiy asar bilan tabriklab, o'zbekistonlik hamkorlar — asar muallifi Shahodat Isaxonova, sahnalashtiruvchi rejissyor Doston Haqberdiyev va baletmeyster Feruza Sarimsoqovalarni madaniy hamkorlikka qo'shgan hissalari uchun O'sh shahar hokimligi “Tashakkurnoma”lari bilan taqdirladi.
Shundan so'ng O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Teatr va sirk san'atini rivojlantirish boshqarmasi rahbari v.b. Farhod Elmurodov ham spektakl ijodkorlari va teatr jamoasini yangi asar bilan tabriklab, spektaklda Nodira obrazini yuksak mahorat bilan ijro etgan aktrisa Samidaxon Xolmatovaga O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri buyrug'iga muvofiq “Madaniyat va san'at fidokori” ko'krak nishonini tantanali ravishda topshirdi.
Tadbirda “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari, taniqli jurnalist Sharof Ubaydullayev, Muqimiy teatri direktori, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Azim Mullaxonov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Turg'un Beknazarov, O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti direktori Botirjon Ergashev, tarixchi va adabiyotshunos olimlar — Andijon davlat universiteti professorlari Rustam Shamsuddinov, Bahodir Rahmonov, ijodkorlar Nurali Qobul, Sarvar Usmon va Andijon davlat chet tillari instituti dotsenti Ma'rifatxon Qosimova ham ishtirok etishib, spektakl haqida o'z fikr va mulohazalarini bildirdilar.
Mazkur premyera ikki qardoshu jondosh qirg'iz va o'zbek xalqlari o'rtasidagi do'stlik, madaniy aloqalar hamda ijodiy hamkorlikning yana bir yorqin namunasiga aylandi.
Sharof UBAYDULLAYEV,
“Toshkent — O'sh — Toshkent”.
2026 yil 1 aprel.