Yurtimizda yoshlarning ma'naviy kamolotida keksa avlod vakillarining boy tajribasidan foydalanish odat tusiga kirgan. Mazkur an'ana kelajak avlodning vatanparvarlik, elsevarlik, jo'mardlik, adolat tamoyillari asosida ulg'ayishiga, shuningdek, tarix, madaniyat hamda milliy urf-odat va an'analar, umuminsoniy qadriyatlarning kishilik jamiyatida taraqqiy topishiga xizmat qiladi. Shu sababdan “Uch avlod uchrashuvi” kabi turkum tadbirlarning ahamiyati kun sayin oshib bormoqda.
Mazkur xarakterdagi uchrashuvlar, o'z navbatida, yoshlarda Vatanga muhabbat, sadoqat tuyg'ularini shakllantirib, ularni o'z fuqarolik burchi va konstitutsion majburiyatlarini bajarish, davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilishga undamoqda.
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani chegara hududidagi “Hamkorlik” mahallasida joylashgan 81-sonli maktabda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri tashkil etildi.
Unda “Nuroniy” jamg'armasi Sariosiyo tumani bo'limi raisi S.Qosimov, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tuman bo'limi rahbari X.Normatov, faxriylar, mas'ul rahbarlar va yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbirda so'z olganlar yoshlarning ongi va tafakkurini yuksaltirish, intellektual, kasbiy salohiyatini oshirish, mustaqil Vatan himoyasi, hududiy daxlsizlik, davlat va jamiyat xavfsizligi uchun hamisha shay turish immunitetini shakllantirish lozimligi xususida fikr yuritdilar.
Darhaqiqat, mustahkam harbiy mudofaa, hududiy yaxlitlik, yuqori harbiy salohiyat mustaqillikning asosiy tayanchi bo'lib, harbiy vatanparvarlik g'oyasining fuqarolar, ayniqsa, yoshlar orasida keng targ'ib qilinishi mazkur tayanchning baquvvat bo'lishiga zamin hozirlaydi.
Ayniqsa, tinchlik va ahil qo'shnichilik munosabatlarining ahamiyati ortib borayotgan bir davrda bu masala alohida e'tiborga molikdir.
Sug'diyona SOBIROVA,
“Nuroniy” muxbiri.