Dehqonobodliklar azal-azaldan “osmonga qaragan” el. Yog'ingarchilik mo'l bo'lsa, ekin-tikinlar salmoqli, g'alla, meva-cheva serob, bozorlar obod bo'ladi, chorvaga qut-baraka kiradi. Allohga shukrki, bu yil qishda yoqqan qoru yomg'irlar “joyi”ga tushdi. Bahor ham ertaroq keldi. Bu yilgi ko'klamni ro'zai ramazon oylari bilan qarshiladik. Kumush qish adoqlamay turib, dov-daraxtlar “uyqu”dan uyg'onib, kurtak yozdi.

Ko'klam elchisi — boychechaklar ona zamin bag'ridan dadil bosh ko'tardi. Har tong tegramizdan tanga xush yoquvchi yengil sabo esayotir.  Qishning sovug'idan bezor bo'lgan qushlar esa bo'lakcha ichikish bilan chug'urlashganlaricha daraxtlarning u shoxidan bu shoxiga  qo'nib, bahorni olqishlamoqda. Jamiki mavjudotlar jonlanib, o'lkamizda bahorgi ko'chat ekish mavsumi boshlandi.

Joriy yilning 1 aprelida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko'chat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bog'ini barpo etishga start bergani barchamizni ruhlantirib yubordi. Ushbu tadbirda so'zlagan nutqida Davlatimiz rahbari xalqimiz azal-azaldan Navro'z kunlarida, oilasida farzand tug'ilganda tomorqasiga, maydon va xiyobonlarga, yo'l chetlariga yaxshi niyat bilan ko'chat qadab, gulu rayhonlar ekkanini ta'kidlab o'tdilar.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda bir necha yillardan beri olib borilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko'plab bog'u rog'lar yaratildi. Yurtimizning barcha huddulari, xususan, tog'li Dehqonobod tumani ham kundan-kunga yashillikka burkanib bormoqda. Bugungi kunda erta bahordanoq qishloq va mahallalarda keng ko'lamli ekin-tikin, obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirishga kirishildi. Nuroniylar, hokimiyat vakillari va keng jamoatchilik ishtirokida kuzgi va bahorgi ko'chat ekish mavsumlari uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.

Tuman hokimi Sherzod Shokirov “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi raisi Xolmurod Kenjayev, faxriylar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari bilan birga aholi bilan ko'klamgi ishlar, mamlakatimizda va tumanda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida qizg'in suhbatlar o'tkazadi. Mahallalarni aylanib, obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etadi.

— Avvalo, obodlik har bir kishining ko'nglidan boshlanadi, —  deydi Sherzod Shokirov. — Xalqimiz dilida ona Vatanga bo'lgan mehr-muhabbat va sadoqat doimo jo'sh urib tursa, yurt — obod, elimiz turmushi farovonlashadi. Yurtboshimiz tomonidan 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlangani barchamizga huzur baxsh etdi. Shu bilan birga, zimmamizga juda katta mas'uliyat ham yukladi. Demak, mahalla rivojlansa, jamiyatimiz yuksaladi. Jamiyat yuksalsa, yurtimizning tinchligi ta'minlanadi, odamlarimiz qalbida Vatanga bo'lgan mehr tuyg'ulari yanada kuchayadi. Bu yo'lda biz hamisha keksalarimizga suyanamiz, ularning qimmatli maslahatlariga tayanamiz.

Tuman rahbarining gaplari rost. Bugungi kunda tumanda salkam 11 ming nafar pensioner istiqomat qiladi. Yuz va yuz yoshdan oshgan piru badavlat keksalar 7 nafarni tashkil etadi. Ular o'z davrida el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi yo'lida fidoyilik bilan mehnat qilganlar. Ayni damlarda esa dorilomon kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga hamdu sanolar aylab, mazmunli hayot kechirishmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambag'allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga  faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 2024 yil 25 noyabrdagi 405-sonli Qaroriga asosan, tumanda faoliyat ko'rsatayotgan 51 ta mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi aholi orasida hurmat va e'tiborga sazovor bo'lgan 153 nafar faol nuroniy tanlab olingan. Faol keksalar hukumatimiz tomonidan tasdiqlangan nizom talablari asosida kambag'al oilalarning iqtisodiy faolligini qo'llab-quvvatlash va ularni rag'batlantirish borasida tizimli ish olib borishayotir. Ular nafaqat belgilangan ishlar bilan shug'ullanmoqdalar, balki bemor qariyalar va muhtoj kishilarning ham holidan xabar olmoqdalar, yoshlarga ibratga molik o'gitlarni bermoqdalar, ularni vatanparvar va xalqparvar bo'lishga undayotirlar.

So'nggi ikki yil mobaynida “Yashil makon”, umummilliy dasturi doirasida tuman hududidagi 8 ta mahallada yashil bog'lar barpo qilindi. Yangidan yaratilgan bu bog'larning har biriga 100 donadan ziyod turli daraxt nihollari qadaldi va ular astoydil parvarishlanayotir. Bultur tumandagi qishloq va mahallalarda 700 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt nihollari o'tqazildi.

Tuman hududida bahoriy ishlar qizg'in tus olmoqda. Ko'chalar va hovlilarga mevali va manzarali daraxt hamda anvoyi gul ko'chatlari o'tqazilmoqda. Bunyodkorlik ishlari shaharsozlik qoidalariga mos tarzda olib borilayapti. Qorashina va Dehqonobod shaharchalarida piyodalar uchun ko'rkam yo'lakchalar  barpo etilmoqda. Bularning barchasi aholiga cheksiz quvonch ulashmoqda.

Bahor keksalarimizning, yoshlarimizning diliga ajib iliqliklar baxsh etdi. Ha, bugun hamma joyda bo'lgani singari  Dehqonobodga ham sizu biz sog'ingan bahor kirib keldi. Butun borliq yam-yashil libosga burkandi. Ko'ngillar yayrab-yashnamoqda.

O'zbekning buyuk shoiri Erkin Vohidov aytganidek:

 

Barqut kiyib bezandi bog'lar,

Sahrolar ko'ksiga taqdi qizg'aldoq.

Quyosh etagiga oq bulut bog'lab,

O'rik shoxlarida qovurdi bodroq.

 

Abduqayum BEKKAMOV,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Qashqadaryo viloyati “Dehqonobod tumani” “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi a'zosi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan