deydi 64 yoshli gilamdo'z Ortiqoy aya Xodjamqulova
Xalqimizda “Hunar — hunardan rizqing unar” degan dono naql bor. Azaldan elimiz o'z farzandlarini kasb-hunarli etib tarbiyalashga muhim e'tibor qaratgan. Hunarli xor bo'lmas deganlaridek, oilalarda takomil bosqichiga chiqqan ma'lum hunar avlodlardan avlodlarga meros bo'lib o'tgan. Shu tariqa oilalarning farovonligi ta'minlangan. Tariximiz sahifalariga nazar tashlaydigan bo'lsak, beshikchilar, sandiqchilar, temirchilar va shunga o'xshash ma'lum hunarmandlikka ixtisoslashgan mahallalarning bejiz qaror topmaganligiga guvoh bo'lamiz.
Bugun Yangi O'zbekistonimizda ana shunday o'ziga xos an'analarni tiklash va davom ettirishga bo'lgan e'tibor zamirida xalq farovonligi, mamlakat taraqqiyotini ta'minlashdek ulug'vor maqsad mujassam, albatta. Bu jarayonda yurtimizda faoliyat yuritib kelayotgan mohir hunarmandlar hamda ularning olamshumul ishlari fikrimizga yaqqol misol bo'la oladi.
O'zining qo'lda to'qigan betakror va rango-rang gilamlari bilan nafaqat yurtimiz, balki jahon e'tiborini o'ziga qaratib kelayotgan onaxonimiz — Xodjamqulova Ortiqoy Jumadilovnani ana shunday mohir hunarmand nuroniylarimizdan biri, deyish mumkin.
Onaxon 1962 yil 14 noyabrda Tojikiston Respublikasi Leninobod viloyati Xo'jand tumanida tavallud topgan. Millati — o'zbek. Oilali, uch nafar farzandning onasi.
Ortiqoy ayaning oilasi 1999 yilda O'zbekiston Respublikasining Toshkent viloyati Bekobod tumani Paxtakor qishlog'iga ko'chib kelgan. Onaxon 2012 yildan 2018 yilga qadar tuman Hunarmandlar uyushmasi a'zosi sifatida faoliyat yuritgan. Mazkur oila 2018 yilda Toshkent viloyati Olmaliq shahriga ko'chib o'tgan bo'lib, hozirgi kunga qadar “Mahmudxo'ja Behbudiy” MFYda istiqomat qiladi.
— Onaxonga 2024 yil yanvar oyidan Olmaliq shahar “Nuroniylar maskani”dan joy ajratilib, to'garak tashkil etilgan. Hozirda Ortiqoy opa keksa onaxonlar va ularning nabiralariga gilam to'qish sirlarini o'rgatib kelmoqdalar, — deydi “Nuroniy” jamg'armasi Olmaliq shahar bo'limi raisi Muhitdin ota Abdullayev. — Mohir hunarmand onaxonimiz 2019, 2023 yillarda Farg'ona viloyatining Qo'qon shahrida, 2025 yilda Xorazm viloyatining Xiva shahrida o'tkazilgan “Gilam jilosi” hamda 2019 yil Qo'qon shahrida o'tkazilgan Xalqaro hunarmandlar festivallarida faol ishtirok etganlar.
— Uch nafar farzandim bilan shu kunga qadar O'zbekiston Respublikasida fuqaroligi bo'lmagan shaxs sifatida yashab kelayotgan edik. 2025 yil dekabr oyida O'zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini olish uchun belgilangan tartibda hujjatlar topshirdik, murojaatimiz hozirda ijobiy yechim topish arafasida. Bu xabar bizni quvontirdi, — deydi Ortiqoy aya bugungi kunlar uchun shukrona aytar ekan. — Yangi O'zbekistonda inson qadrini ulug'lashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Buning samarasi har birimizning orzu-niyatlarimizda, hayotimizda aks etyapti. Hunarmandchilikni rivojlantirish yo'lidagi imkoniyatlar va hunarmandlarga ko'rsatilayotgan e'tibordan shaxsan o'zim va oilamiz bahramand bo'lyapmiz. Har bir yurtdoshimiz o'zi qiziqqan sohalarda yutuqlarga erishyapti. Faqat har bir odam o'z ustida ishlasa, o'qib-o'rgansa, halol va fidoyi mehnat qilsa bo'lgani… Yana bir gapni aytmasam bo'lmaydi, qo'shni mamlakatlar bilan yo'lga qo'yilgan ochiqlik, bag'rikenglik siyosati sababli Tojikiston Respublikasidagi qarindosh-urug'larimiz yoniga hech qanday to'siqlaru qiyinchiliklarsiz borib kelmoqdamiz. Ko'ngil xotirjamligi, tinchlik, omonlik bo'lsa, odam yangidan kuchga to'lib, atrofidagilarga yaxshilik qilish uchun intilaverar ekan.
Ortiqoy ayaning gilamdo'zlik faoliyati tarixi bilan qiziqdik.
— Bu ish bilan bolalikdan band bo'lganmiz, — deydi onaxon. — Goh bizning hovlida, goh boshqa qizlarning hovlisida gilamlar to'qirdik. O'zbek, qirg'iz, tojik qizlari juda ahil dugonalar bo'lib, birga ishlardik. Bitta gilamni 27-28 kunda bitirardik. 7 gulli, 8 gulli,
10 gulli gilamlar to'qirdik. Tayyorlangan gilamlar bozorlarga olib chiqib sotilardi. Mehnatimizga yarasha haq olardik. Shu bilan ro'zg'orimizga baraka kirardi.
Ortiqoy ayadan 60 ga yaqin yurtdoshimiz gilamdo'zlik hunarini o'rgangan bo'lib, hozirgi kunda onaxonning to'garagida 10 nafarga yaqin yosh qo'lda gilam to'qish saboqlarini olmoqdalar. Onaxon, asosan, qirg'iz gilami, qurama gilam, baraq, patgilam va yana qator qo'l mehnati namunalarini yaratib, xalqimiz xonadonlariga ko'rk ulashib kelmoqdalar. Kelinlari ham gilam to'qishni o'rganganlar. Dilmurod o'g'illari esa gilamdo'zlik uskunalarini yasashning hadisini olgan. Vaqti kelsa, yog'ochdan, zarur bo'lganda, temirdan dastgohlar yasab berib, gilamdo'zlarning mehnatini yengillashtiradi.
Ortiqoy ayaning turmush o'rtog'i Rahmonali Xodjamqulov 1959 yilda tug'ilgan. Otaxon 27 yil davomida cho'ponlik ishi bilan band bo'lib, el-yurt koriga yaragan. Hozirda pensioner. Katta o'g'il — Dilmurod Xodjamqulov 1982 yilda tug'ilgan. Olmaliq shahridagi “Texnopark” ishchisi. Qizi Zarifa Xodjamqulova 1984 yilda tug'ilgan. Hozirda tadbirkorlik bilan mashg'ul. Kichik o'g'li Bobomurod Xodjamqulov 1988 yilda tug'ilgan. U ham “Texnopark” ishchisi. To'rt nafar nevara — xonadonning quvonchi. Ular bobosi va buvisining erkatoylari.
Onaxon bilan suhbatlashgan inson borki, o'zgacha taassurot oladi. Ha, qalbi ezgulikka to'la, nurday xayoli insonlarga yaxshilik sari yo'g'rilgan, qo'llari esa deyarli san'at asari yaratish bilan band bo'lgan onaxondan ibrat olmaslikning mutlaqo imkoni yo'q. Mana shunday buvijonlarimiz bor ekanlar, millatimiz qizlari chevaru chechan, qo'li gul, o'z xonadonlarining baxtli malikalari bo'lib ulg'ayaveradilar. Baxtimizga ular hamisha omon bo'lsinlar!
Bahodir Valiyev.