O'tgan haftada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari mamlakatimiz bo'ylab an'anaviy o'rganishlarni amalga oshirdilar. Xususan, “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi, partiya fraksiyasi rahbari Robaxon Maxmudova boshchiligidagi ishchi guruh Farg'ona viloyatida aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ijtimoiy masalalarni joyida tahlil qildi.
Jarayon doirasida Robaxon Maxmudova Farg'ona tumanidagi “Huvaydo” ziyorat majmuasida “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi faollari, ko'pni ko'rgan, duogo'y otaxonlarimiz bilan samimiy suhbatlashdi. Muloqot avvalida so'nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda olib borilayotgan hayotbaxsh islohotlar, “mahallabay” ishlash tizimi va aholi farovonligini oshirish yo'lidagi yangilanishlar haqida fikr almashildi.
— E'tirof etish kerak, farg'onaliklar daryodil, mehmondo'st va fikri tiniq xalq, — deydi partiya rahbari. — Nuroniy otaxonlarimizning bugungi o'zgarishlardan mamnunligi, ertangi kunga bo'lgan qat'iy ishonchi va duolari bizga yanada kuch bag'ishladi. Betakror siymo, tasavvuf adabiyotining yirik namoyandasi Xo'janazar Huvaydo mangu qo'nim topgan ushbu maskanda yoshlar tarbiyasi va ta'limiga ham alohida to'xtaldik.
Zotan, bugungi shiddatli zamonda yoshlarimizni bilimli, yuksak odob-axloqli va barkamol avlod etib tarbiyalashda keksa avlod vakillarining boy hayotiy tajribasi beqiyos maktabdir. Shu sababli suhbat davomida “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” tamoyilini hayotga keng tatbiq etish masalasi ham keng muhokama qilindi. Nuroniylar tomonidan ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash bo'yicha aniq takliflar berilgani esa bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.
Ilhomjon ABDUSALOMOV.