Do'stlarim bo'lsinlar omon, boshiga dard qo'nmasin,

Shodligidin shodumon ul ko'ngliga gard qo'nmasin.

 

Yaxshilar yo'ldosh bo'lib, yetsin murodiga tamom,

Nokasu nomard sabab ko'ksiga hasrat qo'nmasin.

 

Ta'na-yu doshnom seli oqizmasin ko'z yoshlarin,

Aqrabodin ayrilib, bag'riga g'urbat qo'nmasin.

 

Boshga kelsa har balokim, nafsu til bo'lg'ay bois,

Suhbati nodon birla so'ziga illat qo'nmasin.

 

Aqlu hushdan ayriga kelgay pushaymonlik tayin,

Sabriga aylab sitam boshiga minnat qo'nmasin.

 

Taqdirida bor ersa gar yo'qu bor kelgay so'rab,

Aldanib hoy-havasga chashmiga zulmat qo'nmasin.

 

Do'stu yor sidqi bilan Suyundik  ko'ngli obodkim,

Bu jahon ayvonida unga nadomat qo'nmasin.

 

Suyundik Mustafo Nuratoiy,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi  a'zosi,

“Do'stlik” ordeni sohibi.

 

Kelmaguncha

 

Qo'l uzatsang oshga yetmas,

Mehnat qilib topmaguncha.

Do'st qadrini bilmas nodon,

Dushman jabrin totmaguncha.

 

Hayot zavqin bilmas odam,

Majnun misol suymaguncha.

Yor neligin sezmas yurak,

Ishq o'tida kuymaguncha.

 

Gul qadrini bulbul bilmas,

To chamanga yetmaguncha.

Ba'zi odam pushmon qilmas,

Chin olamga ketmaguncha.

 

Qarindoshning afzalligin,

Bilmas yolg'iz qolmaguncha.

Duolarning quvvat-kuchin,

Sezmas odam olmaguncha…

 

Davron Nizom, ijod ayla,

Toki devon to'lmaguncha.

Baytlaringda marjon so'zlar —

Yulduz bo'lib kulmaguncha.

Davron Nizom.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan