Ingliz yozuvchisi Oskar Uayldning onasi Jeyn Elji o'nta tilda gaplasha olar, 17 yoshidan boshlab, Speransa taxallusi ostida she'rlar yozardi. Bu siyosiy she'rlar “Millat” jurnalida chop etilardi. Biroq ko'p o'tmay u turmushga chiqdi va qalam o'rniga beshik tutdi.

Ularning xonadonida ulug'vor muhit hukm surardi — antik suratlar va haykallar, javon to'la nodir kitoblar, har shanba kuni esa dublinliklar bilan adabiy mutolaalar  uyushtirilardi. Jeyn o'g'li Oskarga ham chet tillarni o'rgatdi. Unda adabiyot va tarixga qiziqish uyg'otdi. Oskar 12 yoshga kirganda Vergiliyning she'rlarini bemalol tarjima qila oladigan darajaga yetdi. Ona o'z ijodiy orzularining ro'yobini o'g'lida ko'rdi — Oskar Uayld jahon adabiyotida munosib o'rin egalladi.

Pablo Pikassoning volidasi

Pablo Pikassodan qanday qilib mahoratli rassom bo'lgani haqida so'rashganida, u bolalikda onasi qalamiga mansub she'rlarni ertak o'rnida tinglab uyquga yotgani, bu she'rlar uning xayolot olamini kengaytirgani, surat chizishga ishtiyoq uyg'otganini aytadi.

Mariya Lopes jajji Pabloni yoshligidanoq  buyuk inson ekanligiga ishontira olgan edi. “Agar harbiylikni tanlasang,  albatta, general bo'lasan, agar dinni tanlasang, albatta, Rim papasi bo'lasan!” — deb ruhlantirar edi u o'g'lini. Bola ilk suratini o'n yoshida chizdi, lekin atrofdagilar uni arzimas deb baholadi. Faqat onasigina uning chizgan suratiga yuqori baho berdi. Shunday qilib, Pablo suratkashlikni tanladi.

U mashhur bo'lganidan keyin ham Parijga onasini ko'rgani tez-tez kelar, ko'p vaqtini onasi bilan o'tkazardi. Uning fikri va maslahatlari Pikasso uchun juda muhim edi. Onasidan hamisha ruhiy quvvat  olgan Pikasso  zamonasining eng buyuk rassomiga aylandi.

Betxovenning mehriboni

Mariya Magdalena Betxovenning hayoti oson kechmadi. Sud oshpazining qizi bo'lgan Mariya keyinchalik sud teatrida qo'shiqchilik qilgan Iogann Betxovenga turmushga chiqdi. Iogann va Mariya Magdalenaning to'ng'ich farzandi go'dakligida vafot etgan,  shu sababli Mariya ikkinchi farzandi Lyudvig van Betxovenga o'zgacha mehr qo'ygan edi.

Mariya Magdalena  istarasi issiq, muloyim ayol edi, eri Iogann esa juda qattiqqo'l bo'lgan. U san'atga berilib ketganidan yosh Lyudvigni shafqatsizlarcha tarbiyalar, uni musiqa o'rganishga majbur qilar edi.

Mariya Magdalena eri o'g'lini haqorat qilayotganini ko'z yoshlari bilan kuzatar,  lekin johil eri Iogannning  jahlini yumshata olmasdi. Uning  ruhan ezilishini Lyudvig van Betxoven bola qalbi bilan his etardi. Yolg'iz qolishganida onasi uni yupatar, dalda berardi. Kelajakda buyuk kompozitor bo'lishiga ishontirar, onasining ana shu ishonchi, mehri Lyudvig van Betxovenni yanada kuchli qilardi.

Mariya Magdalena Lyudvigdan keyin yana oltita farzand ko'rgan, bu uni yanayam ziflashtirgan edi. U 39 yoshida sil kasalligi tufayli vafot etgan. Lyudvig van Betxovenga onasidan juda katta ruhiy madad va mehr xotira bo'lib qoldi.

Farzandiga ruhiy quvvat bergan ona

“Bizga iqtidor otamizdan, ruhiy quvvat esa onamizdan meros bo'lib qolgan, — deb yozgan edi Anton Pavlovich Chexov ota-onasini eslab. Uning onasi Yevgeniya Yakovlevna haqiqatan ham, issiq chehrali, yumshoq tabiatli va rahmdil ayol edi. U o'zini butunlay bolalariga bag'ishlagan, yetti nafar farzandiga yuksak tarbiya bera olgan ayol sifatida tarixda qoldi.

Evgeniya Yakovlevna har qanday vaziyatda o'zini xotirjam tuta olardi. Uni  ayollik va onalikning eng go'zal namunasi deyish mumkin edi. Teatrni yaxshi ko'rardi, go'zallikka oshufta qalbi bor edi. Turmushga chiqib, bolalari tarbiyasi, uy-ro'zg'or tashvishlariga o'ralashgan paytida ham u go'zallikka bo'lgan muhabbatini saqlab qoldi va bu tuyg'uni bolalariga singdirishga muvaffaq bo'ldi.

Evgeniya Yakovlevna uyi va xo'jaligini o'zi boshqarishni afzal ko'rardi va mehmonlarni doimo mehmondo'stlik va mehribonlik bilan kutib olardi. “Mening otam va onam butun sayyoradagi yagona odamlardir, men ular uchun hech qachon hech narsani ayamayman,  chunki bugun muvaffaqiyat qozonib, yuksak martabaga erishgan bo'lsam, bu ularning mehnati tufaylidir. Ular biz, farzandlariga cheksiz muhabbat berishdi va bizni yutuqlar sari ruhlantirishdi” — deb yozgan edi Anton Pavlovich ota-onasi haqida.

Internet materiallari asosida

Sug'diyona Sobirova tayyorladi. 

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan