Jadid maktabidan chiqqan turkistonlik ziyoli ayollarning yorqin vakilasi, shoira va publitsist Nozimaxonim zamonasining ilg'or shaxslaridan edi. Yozgan maqolalari, kuyunchak so'zi, salmoqli ijodi ko'z o'ngimizda uning erkparvar qiyofasini chizib beradi.
Nozimaxonim 1870 yilda Toshkentning Beshyog'och dahasida davrining peshqadam ziyolisi Mulla Said Ahmad xonadonida dunyoga keladi. Keng fikrli, ilmu ma'rifatga oshno ota qizining kelajagiga katta umid bog'lab, uning har tomonlama to'liq bilim olishi uchun barcha imkoniyatni yaratadi. Nozimaxonim avvaliga mahalladagi qizlar maktabida otinoyi qo'lida saboq oladi, keyin rus-tuzem maktabida tahsilni davom ettiradi. Arab, fors, rus va tatar tillarini puxta o'zlashtiradi
Matbuot nashrlarida “Beshyog'ochlik Nozimaxonim” imzosi bilan maqolalar yozadi. 1904 yili “Turkiston viloyatining gazeti”da chop etilgan maqolalaridan biri “Insonga qancha erk darkor?” deb nomlanadi. Mahalliy matbuot sahifalarida “Xotinlar huquqiga oid”, “Ilm va maorif borasida bir-ikki so'z” kabi maqolalari chop etiladi.
“Taraqqiy” gazetasining 1907 yilgi sonlarining birida uning “Afsus” nomli she'ri e'lon qilinadi. Shoira ushbu she'r orqali haq so'zni xotin-qizlarga yetkazmoq umidi bilan: “Ki, shoyat zulm tuni barham bo'ldi”, deb yozadi. Nozimaxonim “Turkiston viloyatining gazeti”, “Taraqqiy”, “Shuhrat”, “Xurshid”, “Hurriyat”, “Osiyo”, “Sadoyi Turkiston”, “Ulug' Turkiston”, “Samarqand” kabi gazetalarda, shuningdek, Mahmudxo'ja Behbudiy muharrirlik qilgan “Oyina”, Ufada chop etilgan “Sho'ro” va Ozarbayjonda chiqarilgan “Irshod” jurnallarida g'azallari, hajviy she'r va publitsistik maqolalari bilan faol ishtirok etadi.
Shu o'rinda, qahramonimizning matbuotda “Ayollarga erk darkor” deb baralla chiqishini o'sha qaltis davrdagi haqiqiy jasorat namunasi edi, deyish mumkin. Maqolada o'tmish tuzumning ayollarni cheklovchi qoidalari keskin tanqid qilinadi. Bunday qat'iyat ortidan el orasida tez tilga tushgan Nozimaxonim ijodini kutadiganlar soni kun sayin oshib boradi.
Nozimaxonim maktabdorlik — otin sifatida ham jamiyatda katta iz qoldirgan. U yon-atrofdagi mahalla qizlarini o'qitib, ularga har tomonlama chuqur bilim berishga, ularni diniy va dunyoviy fanlar, badiiy adabiyot, tarix va geografiya bilan oshno etishga harakat qilib, dunyoda bo'layotgan voqea-xodisalardan muntazam xabardor qilib borgan.
…1924 yili ellik to'rt yoshida hayotdan ko'z yumgan publitsist, ma'rifatparvar shoira Nozimaxonimning she'rlari adabiyotshunos To'xtasin Jalolov tuzgan “O'zbek shoiralari” to'plamiga kiritilgan.