Bugun jamiyat oldida turgan eng katta masalalardan biri — ma'naviy barqarorlik va avlodlar uzviyligini ta'minlashdir. Axborot tezkorligi, global madaniyat bosimi va ijtimoiy munosabatlar o'zgarib borayotgan bir sharoitda, asrlar davomida xalqni asrab kelgan tarbiya maktablari qaytadan e'tibor markaziga chiqmoqda. Shunday ma'naviy tayanchlardan biri — “Buvijonlar maktabi”dir.
Toshkent shahar Yangihayot tumanida ham “Buvijonlar maktabi” guruhi o'z faoliyatini jamoatchilik asosida izchil davom ettirib, yoshlar tarbiyasi, oila mustahkamligi va ma'naviy qadriyatlarni asrash yo'lida samarali ish olib bormoqda.
Ayni jarayonda faol buvijonlarimizu otaxonlarimiz asrlar davomida shakllangan hayotiy tajriba va o'gitlari asosida yosh avlod, yangi turmush qurgan kelin-kuyovlar ongida sog'lom dunyoqarash hamda mas'uliyat hissini shakllantirishni maqsad qilib olganlar.
Ayniqsa, yoshlar tarbiyasiga alohida e'tibor qaratgan holda, maktablar, kollejlar va mahallalarda qator ma'rifiy tadbirlar tashkil etmoqdalar. “Jaholatga qarshi ma'rifat”, “Zo'ravonlikka qarshimiz!”, “Uch avlod uchrashuvi” kabi tadbirlar shular jumlasidandir.
Uchrashuvlarda yoshlar tarbiyasi, oila mustahkamligini ta'minlash, ajrimlarning oldini olish masalalari dolzarb ekanligi, ayni yo'nalishda buvijonlarimiz jon kuydirib ish olib borayotganligi va ijobiy natijalarga erishayotganliklari qayd etib boriladi. O'z navbatida, jamoatchilik ishlarida faol nuroniylar, buvijonlar mahalla faollari hamda profilaktika inspektorlari bilan hamjihatlikda, hamkorlikda ish olib borib, bu tajriba amalda kutilgan natijalarga olib kelishiga o'zlari guvoh bo'lmoqdalar.
Yangi hayot tumanida 30 ta mahalla bo'lib, 289 nafar buvijonlar faoliyat olib bormoqdalar. “Yangi Choshtepa”, “Oriyat”, “Yangi hayot”, “Tashabbus”, “Yangi turmush” kabi mahallalarda buvijonlarimiz oilalarni asrash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda tizimli ishlarni yo'lga qo'yishgan. Lolaxon Qosimova, Dilorom opa Ahmedova, Mahmuda Yakubova, Robiyaxon Malikova, Xatiraxon Mahmudova kabi faol buvijonlarimiz o'zlarining ibratli faoliyati bilan barchaga birdek o'rnak bo'lib kelishmoqda.
Ular bugungi kunda yoshlar tarbiyasi, oila mustahkamligi va ajrimlarning oldini olishdek masalalarda kuyunchaklik bilan natijadorlikka erishmoqdalar. Bu jarayonda “Keksalar maslahati” guruhi faollari, “mahalla yettiligi” hamda profilaktika inspektorlari bilan hamjihatlikda ish olib borish katta samara bermoqda.
Bashorat HAKIMOVA,
Yangihayot tumani
“Buvijonlar maktabi” rahbari.