Xalqimiz azaldan mehr-muruvvat, bag'rikenglik, insonlarga yaxshilik qilishdek umumisoniy fazilatlarni ulug' sanagan. Hayotda va turmushda ezgu, xayrli ishlar qilishni o'z burchi deb bilgan. Muborak Ramazon oyi xalqimiz sevgan, qadrlagan, undan ulkan ma'naviy ruh, quvvat olgan go'zal qadriyatlarimizdan biridir. Bu oy o'z shukuhi va fayzi bilan hayotimizdan ajralmas o'rin olgan, albatta.

Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o'tkazish to'g'risida”gi qarori e'lon qilindi. Unda mamlakatimizda Ramazon oyini milliy an'ana va qadriyatlarga mos tarzda o'tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, xususan, “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g'oya asosida kam ta'minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash; mahallalarni o'zaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish; yer, suv, havo va tabiiy muhitni asrash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va  qabristonlarni obod etish; Ramazon oyi bilan bog'liq tadbirlarni isrofgarchilikka yo'l qo'ymasdan, ixcham, mazmunli va tejamkorlik asosida o'tkazishga alohida e'tibor berilishi ta'kidlangan.

Shunga muvofiq, mamlakatimiz hududlarida obodonlashtirish, ko'kalamzorlashtirish, hashar kabi xayrli ishlarga qo'l urilib, yo'qlov tadbirlari o'tkazilmoqda. O'z navbatida, joylarda ushbu tashabbusga keksa nuroniylar bosh bo'lib, hasharda munosib faollik ko'rsatmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan, ekologik barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan hamda xalqaro ahamiyatga ega “yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yurtimizda har yili kuz va bahor mavsumida millionlab daraxt ko'chatlari ekilishi an'anaga aylanib ulgurgan. Shunga ko'ra, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida mevali va manzarali daraxt ko'chatlarini ekishga start berilib, “dolzarb 10 kun” doirasida keng jamoatchilik safarbar etilgan. Mamlakatimizning janubiy hududi — Sariosiyo tumanida bahor faslining erta kirib kelishi sababli ko'chat o'tqazishni qisqa muddat ichida samarali, tizimli tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni inobatga olgan holda, Sariosiyoning Yangi O'zbekiston massivida navbatdagi ko'chat ekish tadbiri o'tkazildi. Unda tuman hokimi, mutasaddi rahbarlar, keksa nuroniylar,  fuqarolar ishtirok etdi, shuningdek, ko'chat o'tqazish tadbiriga “Mendan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida qaramaslik, ularning barqaror rivojlanishini ta'minlashga alohida e'tibor qaratish kabi vazifalar ham belgilab berildi.

Namangan viloyati Kosonsoy tumani mahallalarida  muborak Ramazon oyini munosib kutib olish maqsadida keng ko'lamli hashar tadbirlari tashkil etildi. Ko'chalar tozalanib, ariq-zovurlar tartibga keltirildi, qabriston va ziyoratgohlar, mahalla atroflari obodonlashtirildi. Unda nuroniylar, mahalla fuqarolari va yoshlar hamjihatlik namunasini ko'rsatdilar. Bu xayrli tashabbus nafaqat hududlar obodligiga, balki qalblar pokligi va jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.

Farg'ona viloyatining Buvayda tumanida ham obodonlashtirish ishlari boshlangan. Xususan, naymanliklar tomorqani daromad manbaiga aylantirishni maqsad qilib, mahallada mavjud 1017 ta xonadonning 790 tasi ko'chatchilik bilan shug'ullanmoqda, mavsumiy bandlik va barqaror daromadga erishmoqda.

790 ta xonadonda tashkil etilgan issiqxonalarda yoqilg'isiz, organik chiqindilar asosida ko'chat yetishtiriladi. Ushbu agronomik usul namlik va haroratni tabiiy ravishda saqlab, xarajatlarni keskin kamaytiradi. Ko'chatlar yig'ib olingach, chiqindilar qayta sotilib, qo'shimcha daromad keltirmoqda. Issiqxonalarda pomidor, bulg'or qalampiri, karam, achchiq qalampir hamda baqlajon ko'chatlari tayyorlanadi. Natijada 1 sotix tomorqadan o'rtacha 19 million so'm daromad olinib, aholining turmush farovonligi oshmoqda.

Shuningdek, mazkur tumanda hududlarni obodonlashtirish va mahallalarda yanada qulay muhit yaratish maqsadida tashkil etilgan umumxalq hasharlari doirasida “Sho'r” va “Qum” mahalla fuqarolar yig'inlarida yashovchi keng jamoatchilik vakillari jalb etilgan. Ariqlar tozalanib, betonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur tashabbuslar obodonlashtirish va mahalla birdamligini mustahkamlashga qaratilgan bo'lib, joriy yil mazmun-mohiyatiga hamohang tarzda aholining birgalikdagi sa'y-harakatlarini namoyon etmoqda.

Qolaversa, joylarda yakka-yolg'iz yashovchi keksalar, bemorlar va kam ta'minlangan oilalar holidan xabar olinib, nuroniylar, mas'ullar va savobtalab kishilar hamkorligida ularga Ramazon hadyalari tarqatilmoqda.  Zarur hollarda moddiy-ma'naviy yordam ko'rsatilmoqda. Shuningdek, ichki bozorlarda narx-navoning barqarorligini ta'minlash, aholi iste'moli uchun sifatli va hamyonbop mahsulotlarni rastalarga chiqarish maqsadida nazorat tadbirlari o'tkazilmoqda. Bu kabi xayrli ishlarda sariosiyolik, boysunlik, uzunlik, qo'ng'irotlik, kosonsoylik, shuningdek, Farg'ona tumani, poytaxtning bir nechta mahallalari yetakchi nuroniylari, mas'ullar va ko'ngillilar o'z hissasini qo'shmoqda.

Sug'diyona Sobirova,

“Nuroniy” muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan