Muqaddas Ramazon oyi eshik qoqib turibdi. Bu oyning xislati va fazilatlarini yaxshi bilganlar uning savobidan umidvor bo'lib o'zlarini ruhan tozalab, bu oyni munosib kutib olishga tayyorlanmoqdalar.
Ahillik, o'zaro birdamlik va ma'naviy poklik fazilatlari ulug'lanadigan qutlug' Ramazon oyini el-yurtimiz doimo katta xursandchilik va ko'tarinki kayfiyatda kutib oladi. Ushbu muborak kunlarda inson qadrini ulug'lashga, oila hamda mahallaga mehr va e'tiborli bo'lish, ijtimoiy ko'makka muhtoj, ehtiyojmand kishilarga yordam va saxovat ko'rsatishga qaratilgan savobli amallar ko'payib borayotgani quvonarlidir.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga ko'ra, bu yil ushbu muborak oyda “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” d???? ???? ??? ??????? ?egan ezgu g'oya asosida kam ta'minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, mahallalarni o'zaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish, er, suv, havo va tabiiy muhitni asrash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni obod etish kabi tadbirlar o'tkazilishi belgilandi.
Ramazon, chin ma'noda, xayr-saxovat oyidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi edilar, bu oyda yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy bo'lib ketardilar.
Demak, ramazon oyida imkon qadar har kuni xayr-ehson, sadaqa berishga harakat qilish kerak. Ayniqsa, qiynalgan, beva-bechoralarga berilgan sadaqalar, ehsonlar eng savobli amallardan hisoblanadi. Kishilar o'z imkoniyatlarini chamalab, qancha ehson va zakotga kuchlari yetsa, bu imkoniyatdan foydalanib, savobga erishishlari mumkin. Balki siz har kuni bir yoki bir nechta ro'zadorning iftorlik qilishiga sabab bo'lishingizga imkoniyatingiz yetar?! Muhimi, har bir inson qo'lidan kelgan yaxshilikni qilishi kerak.
Rivoyatlarga ko'ra, bu oyning har kechasida Alloh taolo 600 mingta do'zaxga mahkum bo'lganlarni do'zaxdan ozod qiladi. Ramazonning birinchi kechasining ham bir qancha fazilatlari bor, ammo aksariyat odamlar bundan g'aflatda qoladilar. Ramazon oyining birinchi kechasida Alloh taolo bandalariga rahmat nazari bilan boqadi, kimga Alloh rahmat nazari bilan boqsa, uni hech qachon azoblamaydi.
Ramazon juda ko'plab yaxshiliklar hamda imkoniyatlar oyidir. Ularning eng avvali — Qur'ondir. Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo'lib Qur'on tushirilgandir”. Ramazonda ko'p Qur'on o'qish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir.
Afsuski, ko'pchilik ramazon oyini yaxshilab o'tkazishni sahar va iftor vaqtida yaxshi, to'yimli ovqatlar yeyish kerak, degan maqsadda bu kunni bozorda “Hali uni, hali buni sotib olishim kerak” degan bekorchi o'y-xayollar bilan o'tkazib yuboradi. Demak, har birimiz ramazonning ilk kunlaridan boshlab, uni g'animat bilmog'imiz lozim ekan.
Alloh taolo ramazonning oxirgi kechasida ro'zadorlarning gunohlarini kechirib yuboradi. Ammo aksar odamlar bu kechaning fazilatlaridan ham g'aflatda qoladilar. Ayniqsa, ramazonning oxirgi toq kechasini “Laylatul qadr” kechasi sifatida bedor bo'lib o'tkazadilaru lekin ramazonning so'nggi kechasiga bee'tibor bo'ladilar. Qadr kechasi har bir ro'zador alohida e'tibor berishi kerak bo'lgan muhim kechadir. Lekin Alloh taolo bu kechaning qachonligini yashirib qo'ygan. Nima uchun? Chunki shunda biz bu kechani ramazon oyining ilk kunidan boshlab kutamiz va butun ramazon kechasini ibodatda o'tkazishga harakat qilamiz. Agar qadr kechasining kunini aniq bilganimizda, ehtimol ramazonning boshqa kunlarini dangasalik bilan o'tkazib yuborgan bo'lardik. Alloh taolo O'z fazli bilan ramazondan to'liq foydalanishimizni istaydi.
Oysha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo'lsam, nima deb duo qilay?” deb so'radilar. Shunda Nabiy alayhissalom: “Allohumma innaka afuvvun, tuhibbul afva, fa'fu 'anniy” (Allohim, albatta, Sen kechiruvchisan, kechirishni yaxshi ko'rasan. Gunohlarimni kechirgin), degan duoni ko'p aytishga buyurdilar.
Albatta, ramazon toat-ibodatlar oyi. Bu oyda ko'proq namoz o'qish, tahajjudlarda bedor bo'lish, tilovat, xayr-ehson, sadaqalar qilish ko'paytiriladi. Xuddi shunday, ramazon biz uchun ko'plab yaxshiliklarga erishishimiz uchun juda katta imkoniyatdir.
Ammo, bu oy ehtiyojlarni, jamiyatdagi ishlarni to'xtatib turish oyi emas. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda yanada faol bo'lardilar. Alloh taolo har birimizga bu oyni muborak qilgani rost bo'lsin, ro'zangizni, duo va ibodatlaringizni O'z dargohida qabul aylasin!
Davron NURMUHAMMAD,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Axborot-tahlil bo'limi mutaxassisi.