Nuroniylar bor bo'lsin!

 

Qarisi bor uylarning

Parilari bor bo'lsin.

Ular birla xonadon

Saodatga yor bo'lsin.

 

Qatag'on urushlardan,

Goh “qayta qurish”lardan,

Qolganlar omon, bardam,

Nuroniylar bor bo'lsin!

 

Istiqlol nuri asta,

Dilga bo'ldi payvasta,

Xizmatda kamarbasta,

Nuroniylar bor bo'lsin!

 

Tillarida shukrona,

Dilbandlari parvona,

Duogo'y ota-ona —

Nuroniylar bor bo'lsin!

 

Dono murabbiy, ustoz,

Mehri misli bahor, yoz,

E'tibordan sarafroz,

Nuroniylar bor bo'lsin!

 

Husanboy Yusupov,

Uchko'prik tumani.

 

Mahallam

 

Ajdodlarning hayot yo'lin ibrat bilgan,

Bog' yaratib, dala-dashtni bo'ston qilgan,

Har jabhada ahil-inoq, birdam bo'lgan,

Insoniylik oshiyoni — mahallamsan!

 

Saxiy dehqon nematidan boy dasturxon,

Tadbirkorlar mehnatidan yurt farovon,

El-fuqaro xizmatida tolmas karvon,

Barakaning asl koni — mahallamsan!

 

Ilmu ziyo, ma'rifatning darg'alari,

Jamiyatning yuksalishin istar bari,

Ezgulikni kuylab adib, shoirlari,

Kitobsevarlar makoni — mahallamsan!

 

Al-Buxoriy,Termiziylar maktabisan,

Tafakkurni  targ'ib etish matlabisan,

Kamolotu komillikning markabisan,

Ma'naviyat tanu joni — mahallamsan!

 

Ko'chat ekib, yaratilgay yashil makon,

Turkiy xalqim mehnatsevar, mohir bog'bon,

Birdamlikka chorlar yangi O'zbekiston,

Lol aylagan keng jahonni — mahallamsan!

 

Nur-ziyosi hatto oftob yuzin to'sgan,

Quchog'ida o'g'il-qizlar shodon o'sgan,

Berdibekni shaydo etgan obod maskan,

Saodatning hur ayvoni — mahallamsan!

 

 

Berdibek TOShBEKOV,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

O'zbekiston va Qirg'iziston do'stlik jamiyati faoli.

 

Namangan madhi

 

Go'zal gulzoru gullarni ko'rib keldim Namanganda,

Gulga shaydo bulbullarni ko'rib keldim Namanganda.

 

Bag'rikeng, dono-yu mehmondo'st aziz birodarlar bilan

Tonggacha shirin suhbatlar qurib keldim Namanganda.

 

Ko'chalar ko'rk-tarovati, jamoli xo'p ayladi lol,

Go'yo bog'i eramlarda yurib keldim Namanganda.

 

“Afsonalar bog'i”da men hayratga chulg'andim kezib,

Go'zal gullar  bilan gurung qilib keldim Namanganda.

 

Ibrat domla dovrug'ining dostonidan bo'lib ogoh,

Ul buyuk zot sharaf-shonin bilib keldim Namanganda.

 

Dilrabo kuy-qo'shiqlaru ajib mehmonnavozliqlar

Zavqidan shodlanib, mamnun bo'lib keldim Namanganda.

 

Oltin vodiy gavharidan qalbim nurlarga chulg'andi,

Dil koshonasiga ziyo to'lib keldim Namanganda.

 

Baxtiyor, izzatu ikrom uchun ming-ming rahmat aytgil,

Go'zal gulzoru gullarni ko'rib keldim Namanganda.

 

Baxtiyor HALIMOV,

“Bir nuroniy o'n — yoshga mas'ul” 

ko'rik-tanlovining

Respublika bosqichi ishtirokchisi,

Nurota shahri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan