Toshkent davlat agrar universitetida o'tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” ma'rifiy tadbirida O'zbekiston Qahramonlari, senatorlar — “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev, O'zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shavkat Ayupov mehmon bo'ldilar.

Uchrashuvda mehnat faxriylari, nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o'qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdilar.

Tadbirni universitet rektori, iqtisod fanlari doktori, professor Narzullo Oblomuradov kirish so'zi bilan ochdi va tadbir ahamiyatiga to'xtaldi. U o'z so'zida Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirish, islohotlarni yanada chuqurlashtirishga ulkan hissa qo'shgan O'zbekiston Qahramonlarining yosh avlod ta'lim-tarbiyasida ulkan hissalari borligini alohida e'tirof etdi va so'z navbatini ularga berdi.

Uchrashuvda ishtirokchilar O'zbekiston Qahramonlarining Vatanga muhabbat va sadoqat bilan uzoq yillar davomida olib borgan mehnat faoliyatlari bilan yaqindan tanishib, ularning boy tajribalari, tavsiya hamda o'gitlaridan bahramand bo'ldilar.

Senatorlar Sodiqjon Turdiyev va Shavkat Ayupov o'z hayot va mehnat yo'llariga to'xtalar ekanlar, bolalik va yoshlik yillarida boshdan kechirgan mashaqqatli kunlari, ilm olish yo'lidagi shart-sharoitlar yetarli emasligiga qaramasdan, imkon topib, maqsadlari yo'lida g'ayrat ko'rsatganliklari, astoydil mehnat qilganliklari va bugungi dorilomon kunlarga yetib kelganliklari xususida hayajon bilan hikoya qildilar. O'z navbatida, yoshlarga hozirgi yuksak e'tibor, g'amxo'rlik va imkoniyatlardan oqilona foydalanish kerakligini uqtirib o'tdilar. Yosh avlod vakillarini shukronalik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik va tashabbuskorlik sari undadilar.

Tadbir davomida professor-o'qituvchilar, talabalar ham so'zga chiqib, O'zbekiston Qahramonlarining davlatimiz va jamiyatimiz oldidagi buyuk xizmatlarini e'tirof etdilar. Shu bilan birga, ulardan o'zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldilar.

Uchrashuv g'oyat samimiy kechib, jonli muloqot unutilmas taassurotlarga boy bo'ldi.

B.VALIYEV.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan