21 oktyabr — Özbek tili bayrami kuni
Til — insoniyat yaratgan eng buyuk maʼnaviy hodisalardan biri. U faqat fikrni ifodalaş vositasi emas, balki xalqning tarixiy xotirasi, dunyoqaraşi, qadriyatlari va ruhiy tajribasini avlodlardan-avlodlarga yetkazadigan xazinadir. Har bir millat öz tilida özining keçmişini eslaydi, bugunini anglaydi va kelajagini tasavvur qiladi. Şu maʼnoda özbek tili xalqimizning köp asrlik tarixini, orzu-intilişlarini va maʼnaviy qiyofasini özida mujassam etgan bebaho merosdir.
Tilning qadrini anglaş uçun, avvalo, uning şakllaniş va taraqqiyot yöliga nazar taşlaş lozim. Çunki til tarixdan taşqarida yaşamaydi: u tarixiy-siyosiy özgarişlar, madaniy aloqalar, köçişlar, ilm-fan va adabiyot taraqqiyoti bilan birga rivojlanadi. Özbek tilining bugungi boyligi ham uzoq tarixiy jarayonlar, turli davrlardagi madaniy muloqot va ijodiy izlanişlar natijasidir.
Özbek tilining ildizlari turkiy xalqlarning qadimiy til qatlamlariga borib taqaladi. Mahmud Qoşğariyning XI asrda yaratgan “Devonu luğatit turk” asari turkiy tillarning boyligini körsatiş bilan birga, öşa davr xalqlarining turmuşi, urf-odatlari va tafakkuri haqida ham muhim maʼlumot beradi. Yusuf Xos Hojibning “Qutadğu bilig” dostoni esa turkiy tilda davlat boşqaruvi, axloq, adolat va inson kamoloti haqida yuksak fikrlar bayon etiş mumkinligini namoyon qildi. Bu asarlar tilimiz tarixini örganişda muhim manbalar bölib, ajdodlarimizning yozma madaniyati yuksak darajada bölganidan dalolat beradi.
Özbek adabiy tilining taraqqiyotida Alişer Navoiy ijodi alohida örin tutadi. XV asrda yaşab ijod qilgan uluğ mutafakkir turkiy tilning badiiy va ilmiy imkoniyatlarini keng namoyon etdi. Uning “Muhokamat ul-luğatayn” asarida turkiy tilning ifoda imkoniyatlari fors tili bilan qiyosiy tahlil qilinib, ona tilida ham murakkab falsafiy va badiiy mazmunni nozik ifodalaş mumkinligi asoslandi. Navoiy ijodi tilga bölgan işonç, ijodiy masʼuliyat va milliy özlikni anglaşning yorqin tarixiy namunasidir.
Keyingi asrlarda özbek tili turli adabiy muhitlar, tarixiy şaroitlar va madaniy aloqalar taʼsirida boyib bordi. Xorazm, Buxoro, Qöqon kabi adabiy markazlarda ijod qilgan şoir va olimlar tilning luğat boyligi, uslubiy imkoniyatlari hamda badiiy ifoda vositalarini rivojlantirdilar. Munis, Ogahiy, Muqimiy, Furqat va boşqa ijodkorlar merosi xalq tilining adabiyot bilan uzviy aloqasini körsatadi. Ogahiy tarjimalari esa özbek tilining boşqa xalqlar adabiy merosini qabul qiliş va uni milliy tafakkur bilan uyğunlaştiriş imkoniyatlarini namoyon etadi.
XIX asr oxiri va XX asr boşlarida jadid maʼrifatparvarlari til, taʼlim va milliy taraqqiyot masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar. Mahmudxöja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Munavvarqori Abduraşidxonov singari maʼrifatparvarlar xalqni ilmga çorlaş, yangi usuldagi taʼlimni rivojlantiriş va tuşunarli adabiy tilda fikr yuritiş zarurligini taʼkidladilar. Ular uçun til şunçaki aloqa vositasi emas, balki xalqni uyğotiş, ijtimoiy ongni yuksaltiriş va milliy taraqqiyotga erişiş omili edi. Jadidlar faoliyati bugun ham til va maʼrifat örtasidagi uzviy boğliqlikni anglaşga yordam beradi.
Ona tili tarixiy xotiraning eng işonçli taşuvçilaridan biridir. Xalqning maqollari, matallari, dostonlari, qöşiqlari, rivoyatlari va iboralarida uning asrlar davomida töplagan hayotiy tajribasi mujassam. Masalan, “Yetti ölçab, bir kes”, “Birlik bor joyda tiriklik bor” kabi maqollar xalqning ehtiyotkorlik, hamjihatlik va tajribaga tayaniş haqidagi qaraşlarini ifodalaydi. Tilni örganiş orqali biz nafaqat sözlarning maʼnosini, balki ajdodlarimizning olamni qanday anglaganini ham bilib boramiz. Şu bois, tilga beparvolik tarixiy xotiraga beparvolik bilan barobar bölişi mumkin.
Özbek tilining zamonaviy tarixida davlat tili maqomining belgilanişi muhim bosqiç böldi. 1989 yil 21 oktyabrda “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinişi tilimizning ijtimoiy mavqeini mustahkamlaş yölida katta tarixiy voqea sifatida eʼtirof etiladi. Mustaqillik yillarida özbek tilining davlat boşqaruvi, taʼlim, ilm-fan, ommaviy axborot vositalari va madaniy hayotdagi örni kengaydi. Bu jarayon tilning huquqiy maqomi bilan birga, uning kundalik hayotda tölaqonli işlatilişi ham muhim ekanini körsatadi. Bugungi kunda esa uşbu sana “Özbek tili bayrami kuni” sifatida nişonlanişi har birimizga ğurur bağişlaydi.
Bugungi globallaşuv şaroitida boşqa tillarni örganiş zarurati tobora ortib bormoqda. Xorijiy tillarni biliş ilm-fan yutuqlaridan foydalaniş, xalqaro hamkorlikni rivojlantiriş va dunyoqaraşni kengaytirişga xizmat qiladi. Ammo boşqa tillarni örganiş ona tilining imkoniyatlarini çeklaş hisobiga bölmasligi kerak. Aksinça, öz ona tilini puxta bilgan inson boşqa tillarning tuzilişi va ifoda xususiyatlarini ham çuqurroq anglaydi. Köp tillilik va ona tiliga sadoqat bir-biriga zid tuşunçalar emas, ular oqilona uyğunlaşganda şaxs va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Til taraqqiyoti davomiy jarayon bölgani uçun uni asraş deganda tilni özgarişlardan butunlay himoya qiliş tuşunilmaydi. Har bir tirik til yangi tuşunçalar, kasblar, texnologiyalar va ijtimoiy munosabatlar bilan birga rivojlanadi. Muhimi, bu jarayonda tilning içki qonuniyatlarini, tabiiy ifoda imkoniyatlarini va meʼyorlarini hisobga olişdir. Özbek tilida aniq, ravon va mazmunli yoziş, ilmiy atamalarni izçil qöllaş, tarjimalar sifatini oşiriş hamda turli sohalarda özbekça manbalarni yaratiş uning rivojiga xizmat qiladi.
Biz uçun ötmiş faqat ortda qolgan voqealar yiğindisi emas, u bugungi kunni anglaş va kelajakni rejalaştiriş imkonini beradigan tajribadir. Til tarixiga murojaat qiliş ham şunday ahamiyatga ega. Qadimiy yozma yodgorliklar, mumtoz adabiyot, jadidlar merosi va zamonaviy ijod namunalarini örganiş orqali tilimizning qanday yöllardan ötganini, qaysi şaroitlarda rivojlanganini va qanday imkoniyatlarga ega ekanini bilamiz. Tarixiy tajriba bizga tilning ravnaqi bir kişining yoki bir davrning işi emas, balki köplab avlodlarning mehnati natijasi ekanini eslatadi.
Xulosa qilib aytganda, özbek tili ötmişimizning guvohi, bugunimizning maʼnaviy tayançi va kelajagimizning muhim omilidir. Uni eʼzozlaş ajdodlar merosiga hurmat körsatiş, uni puxta örganiş esa zamonaviy taraqqiyotga intiliş demakdir. Ona tiliga muhabbat balandparvoz şiorlar bilangina emas, balki töğri sözlaş, savodli yoziş, kitob öqiş, ilmiy va badiiy asarlar yaratiş hamda til imkoniyatlaridan barça sohalarda unumli foydalaniş orqali namoyon böladi. Özbek tilining ertangi nufuzi bugun unga qanday munosabatda bölişimizga boğliq. Tilimizni asrab-avaylaş va boyitiş tarix oldidagi burçimiz va kelajak avlodlar oldidagi masʼuliyatimizdir.
Sanjarbek Davletov,
Maʼmun universiteti ijtimoiy-gumanitar fanlar
fakulteti dekani,
tarix fanlari doktori, professor.