Taniqli jurnalist Qayum Rahimov shaxsiga chizgilar
Bugun Qashqadaryo jurnalistika maktabining yetuk vakillaridan biri, yuzlab qalamkashlarga ustozlik qilgan taniqli shoir, sermahsul publitsist, mehnat faxriysi va «Shuhrat» medali sohibi Qayum Rahimov muborak 80 yoshni qarshi olmoqda.
Qayum Rahimov mehnat faoliyatini 1969 yilda Qarshi pedagogika bilim yurtida (texnikumida) rus tili fani o'qituvchisi sifatida boshladi. Yoshlarga bilim berish jarayonida uning kitobga, adabiyotga va sehrli so'z san'atiga bo'lgan mehri yanada mustahkamlandi.
Oradan uch yil o'tib, u hayotini butunlay jurnalistika bilan bog'ladi. 1972 yili «Qashqadaryo haqiqati» gazetasi tahririyatiga adabiy xodim bo'lib kelgan yosh ijodkorning keyingi taqdiri aynan shu qutlug' dargoh bilan chambarchas bog'lanib ketdi.
Izlanuvchanligi, mehnatsevarligi va yuksak tahrirchilik qobiliyati tufayli u qisqa fursatda bo'lim mudiri, keyinchalik esa mas'ul kotib lavozimlariga ko'tarildi.
1996 yildan 2006 yilgacha «Qashqadaryo» gazetasida avval mas'ul kotib, so'ngra bosh muharrir o'rinbosari sifatida faoliyat yuritib, o'zining boy tajribasini yosh avlodga ulashdi.
Qayum Rahimov nafaqat tajribali jurnalist, balki elga manzur bo'lgan «Shahidlar faryodi tingan kun», «Muruvvat ildizi» nomli ocherklar hamda «Dovullardan o'tib keldim», «Sen va men: muhabbatnoma» she'riy to'plamlarining ham muallifidir.
— Qayum Rahimov tahririyatga yosh, iste'dodli shoir sifatida kirib kelgan edi, — deya xotirlaydi faxriy jurnalist Bo'ri Norqobilov. — Juda chiroyli she'rlar yozardi. Tahririyat «qozoni»da qaynab, yetuk jurnalist bo'lib yetishdi. Ayniqsa, uning qalamiga mansub maqola va ocherklar ko'pchilikning e'tiborini tortardi.
Mustaqillikkacha bo'lgan davrda Shahrisabz tumanidagi mashhur kolxozlardan birini qattiq tanqid ostiga olgandi. Doimo maqtanib yuradigan rais maqoladan g'azablanib, yuqori idoralarga rosa shikoyat qildi.
Biroq ko'zbo'yamachiliklar fosh etilgan har bir satr shu qadar asosli ediki, viloyat partiya komitetida bo'lib o'tgan muhokamadan yorug' yuz bilan eson-omon chiqqanmiz.
Ayniqsa, Qayum Rahimovning «O'zbek o'z yurtida bek bo'lsin» sarlavhali suhbati juda katta shov-shuvga sabab bo'lgan. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i Mahmud Bekmurodov bilan uyushtirilgan ushbu suhbatda mustaqillik ostonasidagi eng dolzarb va og'riqli masalalar ochiq-oydin tilga olingandi.
O'sha paytda hali mustaqillik g'oyalarini hazm qila olmagan ayrim kimsalar suhbat muallifini millatchilikda ayblashgan, bu tortishuvlar hatto respublika rahbariyati darajasida muhokama qilinishiga sabab bo'lgan edi.
Aslida esa, suhbatdosh yurt istiqloli bilan bog'liq eng dadil fikrlarni o'rtaga tashlagan, jurnalist esa uning qalbi to'ridagi asrorini ochishga, ruhlantirishga erishgan edi. Bunday dadil muloqotlar u paytda nafaqat viloyat, balki respublika matbuotida ham kamyob hodisa edi.
Mazkur shov-shuvli maqola Qayum Rahimovni butun mamlakatga tanitdi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'ining esa respublika miqyosidagi yuqori lavozimga ko'tarilishiga xizmat qildi.
Qayum aka o'sha davrning qahramonlari haqida bir qator mazmunli ocherklar yozib, o'ziga xos turkum yaratdi. Uning badiiy ocherklari bugun ham sevib o'qiladigan haqiqiy publitsistika namunasidir.
Men iste'dodli shoir va jurnalist do'stimni bugungi kun qahramonlari haqida ham xuddi shunday shijoat bilan qalam tebratishga da'vat etgan bo'lardim.
1986 yilda men tahririyatga mashinistka bo'lib ishga kelganimda Qayum Rahimov mas'ul kotib edi.
Hozirgi yoshlar tasavvur qilishi qiyin, u paytlarda kompyuter degan tushuncha yo'q edi. Har bir maqola avval qo'lyozma shaklida yozilar, so'ngra biz ularni yozuv mashinkalarida navbat bilan terib chiqardik. Agar bittagina xato ketsa, butun varaqni boshdan terishga to'g'ri kelardi.
Haftasiga besh marta gazeta chiqarish hazilakam ish emasdi. Gazeta bosmaxonaga kechikmasligi uchun ba'zan tun yarimigacha ishlashga to'g'ri kelardi. Kimdir muxbir tayyorlagan materialni shoshib ko'tarib keladi, kimdir tahrir qiladi, biz esa tinimsiz mashinka chiqillatamiz.
Shu shiddatli va mas'uliyatli muhitda barcha jarayonni bir ipga tizib, muvofiqlashtirib turadigan mehvar Qayum Rahimov edi. Qayum aka qo'lida navbatdagi sahifalar rejasi (maketi) bilan xonama-xona yurardi.
Qaysi maqola birinchi terilishi, qaysi material kechiktirilmasligi, qaysi sahifa tayyor bo'lishi kerakligini soat soniyalaridek aniq belgilab berardi…
— Sakson yosh… Bu raqamni tilga olish oson. Ammo uning ortida qancha yo'l, qancha odam, qancha iztirob va qancha quvonch mujassam ekanligini faqat umr karvonini bosib o'tgan insongina his qiladi, — deydi Qayum Rahimov. — Men taqdirimdan minnatdorman. Chunki u meni boylik ortidan emas, qalam ortidan ergashtirdi. Qalam esa meni xalqimga yaqin qildi, el dardini eshitishga, inson qalbini anglashga o'rgatdi.
Shohista BOZOROVA,
jurnalist.