Toshkent viloyati Bo'ka tumanidagi og'ir toifaga kiritilgan “Qo'ldoshtepa” va “Navobod” mahallalarida “Obod mahalla”, “Obod ko'cha”, “Obod xonadon” mezonlari asosida 2025 yil sentyabr — 2026 yil yanvar oylarida keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

Shu munosabat bilan ikki mahallaning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi G'ofurjon Mirzayev, maslahatchi o'rinbosari Po'lat Bobojonov, Prezident Administratsiyasi va Respublika ishchi guruhi vakillari, Bosh vazir o'rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi Zulayho Mahkamova,  “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi, senator, O'zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev, jamg'arma raisining birinchi o'rinbosari Sharof Ubaydullayev, Toshkent viloyati hokimining birinchi o'rinbosari Otabek Tursunov, viloyat prokurori Azamat Mirzayev, IIBB boshlig'i Abduvosit Abdurazzoqov, Bo'ka tumani hokimi Sardor Isaqulov, hudud mutasaddi rahbarlari, deputatlar, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ta'kidlash lozimki, bu ikki mahalla 2025 yil sentyabr — 2026 yil yanvar oylari davomida amalga oshirilgan keng ko'lamli bunyodkorlik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar tufayli yangicha qiyofaga kirdi. Bu sa'y-harakatlar hududlarga Yangi O'zbekiston qiyofasini olib kirish, zamonaviy mahalla markazlarini tashkil etish haqidagi Prezidentimiz topshiriqlarining amaliy ifodasi bo'ldi.

Hududda zamonaviy mahalla markazi, “Nuroniylar maskani”, kutubxona hamda kasb-hunar o'quv markazi barpo etildi. Tibbiyot punkti to'liq ta'mirlanib, 2 ta oilaviy bog'cha tashkil qilindi. Ichki infratuzilma to'liq yangilanib, ko'chalar asfaltlandi va shag'allashtirildi, piyodalar yo'laklari qurildi, ko'prik ta'mirlandi, sport va bolalar maydonchalari barpo etildi. Elektr, gaz va suv tarmoqlari tartibga keltirildi, hudud keng ko'lamda ko'kalamzorlashtirildi.

Jumladan, Qo'ldoshtepada 3 ming 390 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalla bo'ylab 14 kilometr ichimlik suvi tarmog'i tortildi, 3,2 kilometr markaziy ko'cha asfaltlandi, 2,5 kilometr ichki yo'llarga shag'al yotqizildi. 390 ta eski yog'och ustun beton tayanchlarga almashtirildi, 9 kilometr maxsus kabel tortildi, 40 ta tungi yoritish chirog'i o'rnatildi, 12 kilometr gaz tarmoqlari ta'mirlandi.

Tadbir doirasida aholi bilan uchrashuvlar, nuroniylar bilan samimiy suhbatlar tashkil etildi. Shuningdek, yig'ilganlar ishtirokida ko'chat ekish aksiyasi, sport marafoni hamda bayram tadbirlari ko'tarinki kayfiyatda o'tkazildi. Bunyodkorlik ishlarida fidoyilik ko'rsatgan mas'ullar va mahalla faollari ko'krak nishoni va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.

— “Navobod” mahallasida hozir 658 ta xonadon bor va 1 ming 119 ta oila yashaydi, — deydi Mahallalar uyushmasi Bo'ka tumani bo'limi rahbari Zohid Obidov. — Mahallada kambag'allikni qisqartirish maqsadida mehnat yarmarkalari o'tkazildi. 9 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta'minlandi. 7 nafar yoshga ijara asosida yer ajratilib, dehqon xo'jaliklari tashkil etildi. 17 ta xonadonga imtiyozli kreditlar hisobidan urug' va moddiy yordam berildi. 3 ta oila tomorqasida 7 sotixli issiqxonalar barpo etildi. 170 ta xonadon tomorqasini suv bilan ta'minlash uchun 3 ta vertikal quduq qazilib, quyosh panellari o'rnatildi.  Infratuzilmani yaxshilash maqsadida mahalla idorasi va tibbiyot punkti rekonstruksiya qilindi. Kutubxona qurildi. Xotin-qizlar uchun tikuvchilikka ixtisoslashgan o'quv markazi tashkil etildi. Natijada kambag'allik darajasi 3,2 foizdan 1 foizgacha kamaydi, ishsizlik darajasi esa 3 foizdan 0 foizga tushib, hudud ishsizlikdan xoli mahallaga aylandi.

Shuningdek, “Qo'ldoshtepa” mahallasida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 33 ta xonadonga chorvachilik va qishloq xo'jaligi uskunalari berildi hamda ular “Ijtimoiy himoya yagona reestri” ro'yxatidan chiqarildi. 17 nafar fuqaroga tadbirkorlikni boshlash uchun jami 350 million so'm kredit ajratildi. 3 ta og'ir ahvoldagi oila tomorqasida 8 sotixli issiqxonalar tashkil etildi, 250 ta xonadon tomorqasida sabzavot ekish yo'lga qo'yilib, yer egalari uchun seminarlar o'tkazildi.

Kanal bo'yida sport yo'lagi, bolalar maydonchasi qurildi. “Yashil makon” doirasida 1870 tup daraxt ekilib, hudud yashil va fayzli manzilga aylandi.  Ishsizlikni qisqartirish yo'lida ham aniq natijalarga erishildi.
21 nafar fuqaro ish bilan ta'minlandi, 17 nafariga
350 million so'm kredit ajratildi, 27 nafar yosh dehqon xo'jaligiga ega bo'ldi. Issiqxonalar barpo etildi, tomorqalarga minglab ko'chatlar ekildi. Natijada kambag'allik 4,4 foizdan 3 foizga, ishsizlik 6,3 foizdan 3,6 foizga kamaydi.

Ikki mahallada  nuroniylar faoliyatiga  e'tibor yuqori darajada. O'z navbatida, nuroniylar ham mahalla hayotida kechayotgan islohot va yangilanishlarda faollik ko'rsatib, el-yurt xizmatiga kamarbasta bo'lmoqdalar. Jumladan, “Nuroniylar maskani”da o'tkazilayotgan “Uch avlod uchrashuvi”, “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul”, “Yuz bilan yuzlashganlar”, “Faxriylar — faxrimiz”, “Qo'sha qarish saodati” kabi va yana qator loyihalar davomida keksa nuroniy otaxonu onaxonlar yoshlarimizga haqiqiy hayot saboqlarini bermoqdalar.

Tantanada so'zga chiqqan mutasaddilar bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizning barcha hududlarida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari xalqimizni hayotdan rozi qilishdagi ulug'vor maqsadlarning ijobati ekanligini alohida ta'kidladilar.

— Bugun Bo'ka tumanidagi ikki mahallaning go'zal va zamonaviy qiyofaga kirganiga guvoh bo'lib turibmiz, — dedi tadbirda so'zga chiqqan “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi  raisining 1-o'rinbosari, taniqli jurnalist Sharof Ubaydullayev. — Albatta, bunday obodlik o'z-o'zidan bo'layotgani yo'q. Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo'lida uzoqni ko'zlab olib borilayotgan xalqchil islohotlari hamda bu islohotlarni joylarda amalga tatbiq etishda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda keng jamoatchilikning hamjihatlik va hamkorlikda ish olib borayotgani tufayli yurtimiz zamonaviy va obod qiyofaga kirmoqda. O'tgan asrning 60 yillarida ToshDU (hozirgi O'zMU) talabalari edik. Bo'ka tumaniga paxta terimiga kelganmiz.  Kursdoshlarim — Rauf Parfi va Dadaxon Hasanov tomonidan ijod qilingan mashhur “Laylo” qo'shig'i xuddi shu tumanning paxta dalalarida dunyoga kelgan va 1963 yilda “Mash'al” radiokanalida ilk bor efirga uzatilgan edi. Bugungi charog'on  Bo'kani o'sha davrlardagi Bo'ka bilan taqqoslab bo'lmaydi. Bugun Bo'ka tumanidagi obodlik va bunyodkorlik — ayniqsa, “Qo'ldoshtepa” va “Navobod” mahallalarini Yangi O'zbekiston qiyofasining amaldagi namunasi deyish mumkin.

Tadbirlar, chin ma'noda, obodlik va bunyodkorlik bayramiga — xalq sayliga aylanib ketdi. Aholi bilan uchrashuvlar, nuroniylar bilan samimiy suhbatlar tashkil etildi. Shuningdek, yig'ilganlar ishtirokida ko'chat ekish aksiyasi, sport marafoni hamda bayram tadbirlari ko'tarinki kayfiyatda o'tkazildi. Bunyodkorlik ishlarida fidoyilik ko'rsatgan mas'ullar va mahalla faollari ko'krak nishoni hamda esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.

Rasul Qosimov,

Bo'ka tumani hokimligi

matbuot xizmati.

Muallif haqida: Rasul Qosimov — 1998 yilda Toshkent viloyati Bo'ka tumanida tug'ilgan. Respublika televidenie va radio kasb-hunar kolleji va Nizomiy nomidagi O'zbekiston Milliy Pedagogika universitetini tamomlagan. Bo'ka tumani hokimiligida faoliyat yuritib kelmoqda.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan