(Bu uyda Mukarrama Turg'unboyeva yashagan edi)

Hayron bo'lmang, aziz o'quvchim! Ha, ko'z oldimda uy yig'layapti. O'ksib-o'ksib, dildan kuyib, ovoz chiqarmay yig'layapti. Oy emas, hafta emas, necha yillar osha yig'layapti. Ochig'ini aytsam, har safar yonidan o'tganimda dilim vayron bo'ladi. O'kinaman, ezilaman. Vujudimni nadomat qoplaydi. Chunki qaragudek bo'lsam, o'sha “Tanovar”, “Rohat”, “Larzon”ni ko'raman, go'yo. Yaqinlashsam, raqslar malikasining yig'i tovushi eshitilayotganday bo'laveradi. Ko'z yoshlari o'ta achinarli ahvoldagi tashlandiq orasidan milt-milt nurlanib turgandek…

Poytaxtimizning Mirzo Ulug'bek tumani, Niyozbek yo'li, 7-tor ko'chasidagi  18-uyda bir paytlar “Bahor” raqs ansambli bilan o'zbek san'atini dunyoga tanitgan Mukarrama Turg'unboyeva istiqomat qilgan. Mana, qariyb 40 yildan buyon bu xonadon achinarli ahvolda.

…Mukarrama opa har taraflama el-yurtning mehrini qozona olgan edi. Shuncha yillar o'tgan bo'lsa-da, Opa bilan vidolashuv manzarasi hamon ko'z oldimda. Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston davlat akademik katta teatri maydoni hech qachon bunchalik tumonatning shohidi bo'lmagan. Sevimli raqqosa bilan vidolashgani kelganlar ko'chayu yo'llarni to'ldirgan edi. Keksa nuroniy otaxonlar, yuzlari fayzga to'la onaxonlar kechasi bilan yo'l yurib, uzoq qishloqlardan, viloyatlardan kelishgan. Odamlarning chehralarida so'lg'inlik, ko'zlarida yosh. Ular mashhur san'atkor haqida o'z tug'ishganlaridek mehr bilan gapirishardi. O'z yaqinlaridan ajralgandek (aslida ham shunday) qayg'urishardi, san'atkorga, milliy raqsga bo'lgan mehr-muhabbat ifodasi edi bu.

To'g'ri, o'sha mehr-muhabbat hamon qalblarda mangu. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 fevraldagi  “Milliy raqs san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida Mukarrama Turg'unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli tashkil etilgani ixlosmandlar qalbiga qayta nur bag'ishladi.

Axir, xalqimiz madaniy merosi, qadriyatlari orasida milliy raqs san'atining alohida o'rni bor. Ularda Sharq ayolining hayosi, ibosi, nazokati (afsuski, ushbu xislatlar tobora yo'qolib bormoqda), qalb harorati mujassam. Opa sahnada o'zining jozibali harakatlari bilan qalbidagi bor haroratini tomoshabinga ko'chirar, samimiy tuyg'u uyg'otardi, yuz ifodasida, harakatlarida nafislik bor edi. U yaratgan “Jonon”, “Rohat”, “Larzon”, “Pilla” kabi bir qancha raqslar san'at tarixida o'z o'rniga ega.

Endi o'ylab ko'ring, o'zbek milliy raqs san'atini dunyoga mashhur qilgan raqs malikasining uy-muzeyi yo'q, chunki o'sha yuqorida qayd etilgan manzildagi Opa yashagan uyni Bobur ismli “nabira”lari (aslida, u opaning uyida yumushlariga qarashib yurgan hamda ansamblda “bulbul” bo'lib sayrashni bilgan Abdulla akaning o'g'li. Asl nabiralari — Telman ismli o'g'illarining farzandlari chet elga ketgan) o'zboshimchalik bilan buzib, o'rnida boshqa ikki qavatli uy qura boshlagan. Lekin imorat oxiriga yetkazilmay, chala holatda to'xtatilgan. Sababi bizga noma'lum.

Qarangki, 30-40 yildan buyon bu qarovsiz chala qurilish bilan tuman hokimiyati ham, mahalla rahbarlari ham, mutasaddi tashkilotlar ham qiziqmaydi. Nahotki, bu joy raqs malikasi yashagan uy ekanini bilishmasa?! Nahotki, “Bahor” ansambli hamda o'zining betakror raqslari bilan turli millatlar e'tirofiga sazovor bo'lgan insonning yashash xonadoni shu alpozda, chala qurilish holatida turaversa?!

Raqqosaning uy-muzeyini tashkil qilish, muzeyga qo'yilishi lozim bo'lgan buyumlarni asrab-avaylash, saqlash, kelajak avlodlarga bus-butunligicha yetkazish kerak. Hozirgi yosh avlodning ko'pchiligi Mukarrama Turg'unboyeva haqida to'liq tasavvurga ega emas.

Bu borada O'zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi ham vaqtni boy beryapti, desak xato bo'lmas. Axir, binoni buzib, uyni asl holatiga keltirish qiyin bo'lsa, qurilishni oxiriga yetkazib, muzey qilish mumkin-ku.

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o'rtaga tashlangan besh tamoyil boshqa sohalar qatori san'atda ham katta burilish yasadi. Yangi nomlar, ansambllar, folklor dastalari rivoj topdi. Respublikamizda o'tkazilayotgan maqom festivalining dovrug'i olamga yoyildi. Shu jumladan, raqs ansambllari ham xorijga gastrollarga borib, olqishlar bilan qaytmoqda.

San'atkor, aslida, xalq uchun yashaydi, ona xalqi uchun mehnat qiladi. U o'zini eliga, yurtiga baxshida qilsa, el ham uni ardoqlaydi. Mukarrama opa chinakam fidoyi san'atkorlardan edi. Hali Surxondaryo, hali Qashqadaryo, hali Buxoroga borib, odamlar orasida bo'lardilar. Ko'proq keksa otaxon-onaxonlarning duosini olardilar. Kamina bir necha bor buning shohidi bo'lganman. Qo'qonga borganimda (turmush o'rtog'im qo'qonlik edi. Tez-tez borib turardik), Mukarrama opa tutingan singillari Ma'sudaxon opanikiga keldilar. Birpasda hovli shodlikka to'ldi. Oradan hech qancha vaqt o'tmasdan, hovlidagi so'rida qo'ni-qo'shnilarga joy yetmay qoldi. Hayratlanganimni sezgan Ma'suda opa: “Ko'rdingizmi, bular opani qanchalik sog'inishgan?” — dedilar. Opa esa eshikdan kirib kelganlarning hammasini quchoq ochib, eski qadrdonlardek ko'rishib qarshi olardilar. Hol-ahvol so'rardilar. San'at, hofizlar haqida suhbat qizidi, yo'l taassurotlaridan gapirishdi. Keyin muxlislarga to'la mo''jaz hovlida “Tanovar” yangradi. Uni qo'shni onaxon xonish qildilar. Mukarrama opa esa tavoze bilan xirom ayladilar. Bunday davralar raqqosa hayotida ko'p va xo'b bo'lardi.

Shu o'rinda ibratli fazilatlaridan yana birini eslamoqchiman. 1966 yil aprel oyining oxiri. Xonadonimizda to'y. Turmushga chiqyapman. Kelinlik libosida o'tirib, yon-atrofdagilarning shivir-shivirini eshitdim: “Mukarrama opa keldilar”. Harir ro'mol ostidan ko'rishga urindim. Rost ekan. Dadaxon Hasanov kuylayapti, opa raqsga tushdilar. Bir zumda to'y tarovati taraldi. Boshqa raqs shaydolari ham opaga ergashishdi. Davra avji qizigan paytda yer qattiq silkindi. Ayrimlar talvasaga tushishdi chog'i, lekin opa shu payt: “Cho'chimanglar, menga qaranglar, raqs shodlikdir, shodlikdan qo'rquv qochadi!” deganlarini aniq eshitdim. Ro'mol ostidan yana razm soldim. Opa avvalgidek nafis va go'zal harakatlar bilan hammani hayratga solardi. Keyin bilsam, Ma'suda opadan eshitib kelgan ekanlar. Muhimi, xonadonimiz qanaqa va kim ekanimizga qiziqmabdilar. Xizmat haqini ham olmasdan, barchaga zavq ulashib ketgandilar. O'shanda mahallamizdagi keksa-yu yosh opaning kamtarligiga qoyil qolib, uzoq vaqtgacha eslashgandi. Mukarrama Turg'unboyevaning bu kabi betakror va ibratomuz fazilatlarining chek-chegarasi yo'q. Qaniydi, o'zi yashagan xonadonda san'atimiz malikasining uy-muzeyi tashkil qilinsa. Bu kelajak avlod tarbiyasida juda muhim o'rin egallar edi.

Bizningcha, bu haqda, “yig'layotgan uy” haqida mutasaddi tashkilotlar, rahbarlar o'ylab ko'rishar, degan umiddamiz. Nazarimda, el-yurt ardog'ida bo'lgan, hamon muxlislari qalbida g'oyibona yashayotgan fidoyi raqqosaning ruh-poklarini shod etish — insoniylik burchimiz.

Muqaddas ABDUSAMATOVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi,

I darajali Mehnat faxriysi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan