Mamlakatimiz bo'ylab  “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar davom etmoqda. O'zbekiston sudyalari assotsiatsiyasi hamda Sud tizimi faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash jamoatchilik markazi hamkorligida sud tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, odil sudlovni ta'minlash hamda yosh sudya kadrlarni tayyorlash ishiga munosib hissa qo'shgan bir guruh soha faxriylari “Sud faxriysi” ko'krak nishoni bilan mukofotlandilar.

O'zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi hamda Sud tizimi faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash jamoatchilik markazi taqdimnomasiga asosan, Sudyalar oliy kengashi tomonidan Maqsud Asanov, Latifjon Axmedov, Asatulla Hikmatov, Xomidjon Jalilov, Aysara Musayeva va Kamol Ubaydulloyevga mukofotlar topshirildi.

Shuningdek, O'zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi va Sud tizimi faxriylari Markazining tashabbusi, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining qo'llab-quvvatlashi bilan mamlakatimizning boy tarixi va bebaho sivilizatsiya durdonalarini o'zida mujassam etgan, xalqimizning madaniy merosini chuqur anglashga xizmat qiladigan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohat tashkil etildi.

Mazkur sayohatdan ko'zlangan asosiy maqsad sud faxriylarini 9 may — Xotira va qadrlash kuni arafasida yurtimizda amalga oshirilgan eng yirik ma'rifiy loyihalardan biri bo'lgan ushbu Markaz bilan yaqindan tanishtirish va ularga xalqimizning uzoq o'tmishi, boy tarixi hamda madaniy merosi haqida yanada kengroq ma'lumot berishdan iborat bo'ldi.

To'qqiz yil davomida barpo etilgan mazkur Markaz davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qurilgan bo'lib, u xalqimizning boy tarixi, madaniy-ma'rifiy merosi va islom sivilizatsiyasining insonparvarlik mohiyatini yanada keng namoyon etishga xizmat qiladi. Hazrati Imom majmuasi hududida joylashgan ushbu majmua qisqa vaqt ichida nafaqat yurtimiz aholisi, balki jahon hamjamiyati tomonidan ham tinchlik, ezgulik, ilm va ma'rifat maskani sifatida e'tirof etildi.

Markazga tashrif buyurgan sud tizimi faxriylari har bir ekspozitsiyani katta qiziqish va diqqat bilan kuzatib, yurtimiz tarixi va boy madaniy merosi haqida yanada mazmunli ma'lumotlarga ega bo'ldilar. Markaz xodimlari tomonidan berilgan ma'lumotlar — tarkibida 2000 dan ortiq eksponatga ega muzey, kutubxona, nodir qo'lyozmalar fondi va interaktiv bolalar bo'limi faxriylarda katta qiziqish uyg'otdi va ular ayrim manbalarni o'z qo'llari bilan ushlab ko'rish imkoniyatiga ega bo'lishdi.

Toshkent shahrining tarixiy qismida joylashgan, uch qavatdan iborat, balandligi 65 metrli markaziy gumbazga ega, o'n gektardan ortiq hududni egallagan va Temuriylar davri me'morchiligi uslubida barpo etilgan ushbu majmuaga sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlash, sudlarni adolat qo'rg'oniga aylantirish yo'lida sharaf bilan mehnat qilgan soha faxriylarining tashrif buyurishi ularga ko'rsatilayotgan yuksak ehtiromning ifodasi bo'ldi.

Faxriylarimiz sensorli panellar orqali tarixiy ob'yektlar va manzaralarning 3D panoramalarini, harakatlanuvchi eksponatlarning ovozli va video namoyishlarini maroq bilan tomosha qilishdi. Mezolit davrining qoyatosh rasmlaridan tortib, bronza davri yodgorliklarigacha bo'lgan noyob eksponatlar bilan tanishishdi.

U yerdagi qadimiy sopol va tosh buyumlari, taqinchoqlar, ibodat ashyolari, sug'orish tizimlari, Xorazm va Sug'd madaniyatlari, Zardushtiylik davri va Buyuk Ipak yo'liga oid moddiy manbalar faxriylarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, taxminan 800 yil muqaddam ishlatilgan muqaddas Ka'ba eshigining asl kaliti, eshik nusxasi va kisva parchalari barchaning e'tiborini birdek tortdi.

Sayohat yakunida faxriylar Qur'oni karim zalida bo'lib, zal markazida joylashgan VII asrga oid xalifa Usmon davrida ko'chirilgan nodir Qur'oni karim qo'lyozmasini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo'lishdi. Mazkur qo'lyozma Islom madaniyatining eng noyob yodgorliklaridan biri hisoblanadi.

Sayohatdan so'ng sud faxriylari uchun ma'naviy muloqotlarga boy tadbir tashkil etildi. Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o'tkazilgan ushbu uchrashuvda faxriylar bir dasturxon atrofida jam bo'lib, samimiy suhbat qurdilar.

Tadbir davomida Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi mardonavor kurashgan, front ortida fidokorona mehnat qilgan sud tizimi vakillari, shuningdek, sohada uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan marhum ustozlar xotirasi chuqur ehtirom bilan yodga olindi.

Uchrashuv davomida faxriylar o'z xotiralari, hayot yo'llari va kasbiy faoliyatlariga oid yodida qolgan hikoyalar bilan o'rtoqlashib, bugungi avlod uchun ibrat bo'larli fikr-mulohazalarini bildirdilar. Samimiy ruhda kechgan tadbir barcha ishtirokchilar qalbida iliq taassurotlar qoldirdi.

Tadbirda O'zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi hamda O'zbekiston sud tizimi faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash jamoatchilik markazi raisi U.Mingboyev so'zga chiqib, urush yillarida qurbon bo'lgan ota-bobolarimizni, istiqlol davrida Vatanimiz mustaqilligini himoya qilish yo'lida jon fido etgan yurtdoshlarimizni xotirlash, shuningdek, bugun oramizda sog'-salomat umr kechirayotgan urush va mehnat faxriylariga, ayniqsa, sud tizimida faoliyat yuritgan ustozlarga hurmat va ehtirom ko'rsatish har birimiz uchun nafaqat insoniylik burch, balki muqaddas vazifa ekanini alohida ta'kidladi.

Anjuman nafaqat ma'rifiy sayohat, balki uch avlod uchrashuvi, ustoz va shogirdlar muloqoti sifatida yuksak baholandi. Shu munosabat bilan tadbirni tashkil etishda tashabbus ko'rsatgan Oliy sud rahbariyati va barcha tashkilotchilarga sud faxriylari samimiy minnatdorchilik bildirdilar.

Sherzod DAMINOV,

jurnalist.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan