Dunyoga mashhur aktyor, Gollivud kinoyulduzi Richard Gir “Turmush tashvishlari” (“Time Out of Mind”) filmidagi roliga tayyorgarlik ko'rish va suratga olish jarayonlarida Nyu-York ko'chalarida uysiz darbadar qiyofasida yashab ko'rishga ahd qildi.
Uning aytishicha, odamlarning aksariyati unga mutlaqo e'tibor bermagan yoki nafrat bilan tikilib o'tgan. Aktyor o'zini xuddi ko'rinmas odamdek his qilgan. Faqatgina bir ayol to'xtab, unga yegulik taklif qilgan — Richard bu mehribonlik lahzasini hech qachon unutmasligini aytadi.
— Bu voqea o'zgalar nazaridan chetda qolgan, yolg'izlangan inson uchun kichik bir mehr-oqibat ham naqadar ulkan kuchga ega ekanligini ko'rsatadi. U bizga juda kam harakat evaziga kimningdir kunini quvonchga to'ldirish yoki uning poymol bo'lgan insoniy qadr-qimmatini tiklashga qodir ekanligimizni eslatib turadi, — deydi aktyor.
Ushbu tajribadan so'ng u ko'chalarga yana o'z qiyofasida qaytdi va yo'lida duch kelgan uysiz insonlarga pul va ovqat tarqata boshlagan.
Bir bolakay ibrati
Kanadalik Rayan Xreljak (Ryan Hreljac) butun dunyoga xayriya loyihalari va insonparvarlik tashabbusi bilan tanilgan. U maxsus fondni ishga tushirib, dunyoning 17 mamlakatida minglab suv loyihalarini amalga oshirgan va 1,6 million odamni toza suv bilan ta'minlagan. Eng qizig'i, kanadalik bu bolakay 7 yoshida Ugandada birinchi xayriya qudug'ini qurdirishga erishgan edi.
…1998 yilning yanvar oyida 1-sinfda o'qiyotgan kezlarida o'qituvchisi bolalarga toza suv haqida dars o'tayotgan edi. U Afrikaning ayrim hududlarida bolalar soatlab suv tashib yurishini, topgan suvi esa ko'pincha iflos va xavfli ekanini aytib, hatto minglab bolalar ifloslangan suv sabab halok bo'lishini tushuntiradi.
Shunda olti yoshli Rayan qo'lini ko'tarib so'raydi:
— Afrikadagi bolalar suvga yetish uchun qancha yurishadi?
— Taxminan besh ming qadam, — deydi o'qituvchi.
Bola o'ylanib qoldi. Chunki u chanqaganida suvga yetish uchun atigi o'n qadam yurardi. Buni o'zi sanab aniqlagan edi. “Men suvga yetguncha o'n qadam yuraman, ular esa besh ming qadam yurishadi. Achinarlisi, shuncha yo'l bosib suvga yetishganida ba'zan toza suv topa olishmaydi”, Rayan shunday o'ylar ekan, o'qituvchisiga savol berdi:
— Ularga toza suv chiqarib berish qancha turadi?
— Yetmish dollar, — dedi o'qituvchi.
Bolakay o'sha kuniyoq uyiga kelib, onasiga Afrika uchun quduq qurdirmoqchi ekanini aytdi. Onasi buni bolalarcha orzu deb o'yladi. Ammo uning maqsadi jiddiy edi. U pul ishlab topish uchun to'rt oy davomida uy ishlarini qilib, pol tozalab, oyna yuvib, hovlida ishlarga qarashib yetmish dollar yig'di. Keyin ma'lum bo'lishicha, quduq uchun yetmish dollar emas, ikki ming dollar kerak ekan. Rayan bir muddat o'yga toldi. Shuncha harakat qilib topgan pullariga qaradi. Yaqinlari uning fikridan qaytishini kutishdi. Biroq bolakay:
— Unda yanada ko'proq ishlayman, — dedi qat'iyat bilan.
Shundan keyin u odamlar yig'ilgan joylarda o'z fikrini aytib, ularga afrikalik bolalar uchun suv juda zarurligini tushuntira boshladi. Dastlab maktabda, boshqa sinflarda va kichik jamoalar oldida ko'nglidan o'tayotgan fikrlarini bayon etardi. Avval hech kim e'tibor bermadi. Axir, u hali bola edi-da. Uning so'zlari rasmiy ma'ruza emas, 6-7 yoshli bolakayning samimiy tuyg'ulari ifodasi edi, xolos. Aynan shu samimiyat odamlarga ta'sir qildi. Uni tinglay boshlashdi. U o'z fikrini shunchaki raqam emas, balki his etiladigan so'zga aylantirdi: “Suvgacha menda o'n qadam, ularda esa — besh ming qadam!”
Odamlar Rayanga ishonishdi va yordam bera boshlashdi. Nihoyat, bir yildan keyin 1999 yilda Ugandada uning birinchi qudug'i qurildi. Kanadadan minglab kilometr uzoqlikdagi bolalar birinchi marta toza suv ichishdi. Rayan Ugandadagi o'sha qishloqqa borganida, butun qishloq uni quvonch bilan kutib oldi. Bolalar uning ismini aytib, yugurishardi. Qishloq oqsoqollaridan biri unga shunday dedi: “Bolalarimizga qarang. Endi ular sog'lom. Biz uchun suv — hayot”.
Bu holat unga yanada ko'proq harakat qilish uchun ilhom berdi. “Bitta quduq uchun pul yig'a oldik, birlashsak, undan ko'pini ham qura olamiz”, der edi u ishonch bilan. Shu tariqa Rayan Xreljak (Ryan Hreljac) Afrikadagi bolalarni suv bilan ta'minlash maqsadida “Ryan’s Well Foundation” fondni tashkil etdi. Afrika va boshqa hududlarda quduqlar qazish, toza suv tizimlari qurish, sanitariya va gigiena loyihalarini amalga oshirish bilan shug'ullanuvchi bu jamg'arma keyinchalik 17 mamlakatda minglab suv loyihalarini ishga tushirdi. 1,6 million odam toza ichimlik suvi bilan ta'minlandi.
Rayan haqida esa “Bir bola ham dunyoni o'zgartira oladi” degan g'oya asosida ko'plab kitob va asarlar yaratilgan.a