yoxud uyqudan kechib, odamlarni gaz kameralaridan xalos etgan qahramon
Ikkinchi jahon urushi yillarida kutilmagan soha vakillari ham qahramonga, insonlar xaloskoriga aylanishgan. Shulardan biri Adolfo Kaminskiy edi. U 18 yoshda bo'lib, bir shisha kislota bilan 14000 inson hayotini saqlab qolishga erishgan.
Parij, 1943 yil. Natsistlar Fransiyani ishg'ol qilgan kezlarda, Adolfo Kaminskiy to'qimachilik ustaxonasida bo'yoqchining shogirdi bo'lib ishlardi. U kimyo ilmini matolar orqali o'rgandi: qaysi kislota qaysi siyoh bilan reaksiyaga kirishishini, qaysi erituvchilar dog'larni parchalashini va rangni molekulyar darajada qanday boshqarishni o'zlashtirdi.
O'shanda u bu bilimlari minglab odamlar uchun hayot va mamot o'rtasidagi ko'prik bo'lishini xayoliga ham keltirmagan edi.
Gestapo (Natsistlar Germaniyasining maxfiy politsiyasi) fransuz yahudiylarini tizimli ravishda aniqlash, ro'yxatga olish va konslagerlarga surgun qilishni boshlaganda, shaxsiy guvohnomalar, oziq-ovqat kartochkalari, yo'l hujjatlarining barchasi muhrlab, tasdiqlanar edi. Yahudiylarning shaxsiy hujjatlarida esa to'q siyoh bilan yozilgan yagona so'z bor edi: “JUIF” (Yahudiy).
Bu birgina so'z o'lim hukmi bilan barobar edi.
Qarshilik harakati Kaminskiyni topdi va unga mushkul vazifa topshirdi: hujjatga shikast yetkazmasdan, shu tamg'ani o'chirib tashlash mumkinmi? Ko'pchilik soxtakorlar buning uddasidan chiqa olmasdi. Chunki siyohlar o'chmas qilib tayyorlangan, ularni qirish yoki yuvishga urinish qog'ozni zararlar va soxta ekanini fosh qilib qo'yardi.
Kaminskiy lampa yorug'ida hujjatga tikildi. Keyin bo'yoq ustaxonasidagi bir vositani esladi: sut kislotasi. Bu kislota Fransiya hukumati foydalanadigan maxsus ko'k siyohni qog'oz tolalariga zarar bermasdan eritib yubora olardi. Bu usul ish berdi!
Biroq so'zni o'chirish faqat boshlanishi edi. Endi uning o'rniga yangi ismlar, yangi tug'ilgan sanalar, yangi taqdirlarni va yangi ma'lumotlarni o'ylab topish kerak edi. Har bir hujjat mukammal bo'lishi shart edi, chunki kichik bir xato yoki noto'g'ri siyoh rangi nafaqat hujjat egasini, balki unga yordam bergan barchani qiynoq va o'limga mahkum etardi.
Qarshilik harakati uni Sena daryosining so'l sohilidagi maxfiy chordoq-laboratoriyaga joylashtirdi. Buyruqlar esa tinimsiz kelardi: Shveysariyaga qochirilayotgan bolalar uchun 50 ta tug'ilganlik haqida guvohnoma; yerto'lalarda yashirinib yotgan oilalar uchun 200 ta oziq-ovqat kartochkasi; Ispaniya orqali qochish uchun 300 ta ruxsatnoma…
Kaminskiy xira chiroq nurida ishladi. Kislota va xlor bug'lari tomog'ini kuydirar, ko'zlarini achishtirib, yosh oqizardi. Barmoqlari siyohdan qorayib ketgan, kichik xona esa erituvchilar hididan dimlangan edi.
Shunda u bir hisob-kitobni o'ylab topdi.
Har bir hujjatni sifatli tayyorlash uchun taxminan ikki daqiqa vaqt ketardi. Demak, bir soatda 30 ta hujjat. Bu — 30 kishining omon qolish imkoni degani. Uning fikrini dahshatli bir tenglama zanjirlab oldi: uxlagan har bir soati — 30 ta bevaqt o'lim demakdir. Dam olgan har bir daqiqasi kimningdir himoyasiz qolishi bilan barobar edi.
“Agar bir soat uxlasam, 30 kishi o'ladi”, — derdi u safdoshlariga.
Shu tariqa u uyqudan voz kechdi.
Bir safar 300 nafar yahudiy bola yashiringan yetimxonaga reyd uyushtirilishi haqida xabar keldi. Bolalar tezkorlik bilan hujjat bilan ta'minlanmasa, ularni Osvensim o'lim lageriga olib ketuvchi poezdlar kutardi. Kaminskiy o'zini chordoqqa qamab, ikki kechayu ikki kunduz to'xtamay ishladi. Ko'zlari tinib, hamma narsa ikkita bo'lib ko'ringuncha hujjat tayyorladi. Qo'llarining tomiri tortishib, qotib qolguncha ishini davom ettirdi. Nihoyat, charchoq uni yengib, ish stoli ustiga yiqilguncha to'xtamadi.
Bir soatdan keyin dahshat ichida uyg'onib ketdi, u o'zidan nafratlanardi. “O'ttiz kishi… Uxlab qolib, 30 nafar insonning hayotini xavfga qo'ydim”, deb o'ylardi u. U ovqat ham yemasdan, darhol ishiga qaytdi. Bolalar qutqarildi.
Oylar, yillar davomida Kaminskiy o'sha xira chordoqda mehnat qildi. Natsistlar hujjat himoyasini kuchaytirgan sari, u ham o'z mahoratini oshirib bordi. Bu kimyo va aniqlik bilan olib borilgan jimjit urush edi. G'alaba esa davom etayotgan hayotlar va voyaga yetayotgan bolalar bilan o'lchanardi.
1944 yil avgustda Parij ozod qilinganida, Adolf Kaminskiy taxminan 14000 erkak, ayol va bolalarni gaz kameralaridan asrab qolgan hujjatlarni tayyorlagan edi.
U qilgan xizmatlari uchun bir tiyin ham haq olmadi. Odamlar pul taklif qilganda rad etdi. Inson hayotini qutqarish evaziga pul olish uning uchun ma'naviy jihatdan hazm qilib bo'lmas ish edi.
Urushdan keyin Kaminskiy fotograf bo'ldi. Ortiqcha shov-shuvsiz, kamtarona hayot kechirdi. Qilgan ishlari haqida hech kimga: na qo'shnilariga, na hamkasblariga, hatto o'n yillar davomida o'z farzandlariga ham aytmadi. Minglab hayotlarni saqlagan qahramon oddiy hayot kechirdi.
Faqat umrining oxirida u farzandlariga o'z tarixini so'zlab berdi. Uning hikoyalari asosida 2016 yilda «Soxtalashtiruvchi» nomli hujjatli film katta ekranlarga chiqqach, dunyo ahli Adolf Kaminskiyning Ikkinchi jahon urushi yilaridagi jasorati bilan tanishdilar. Shundagina dunyo muhim bir haqiqatni angladi: jasorat har doim ham qurol ko'tarmaydi, qahramonlik har doim ham harbiy kiyim kiymaydi. Bilim, e'tiqod va uyqudan kechishga tayyor bo'lgan birgina inson yovuzlik imperiyasiga qarshi tura olishi va g'olib chiqishi mumkin ekan.
Adolf Kaminskiy 2023 yili 97 yoshida vafot etdi. Biroq u qutqargan 14000 hayot bugun katta oilalarga, jamiyatlarga va yangi avlodlarga aylangan. Uning merosi haykallar yoki medallar bilan emas, balki uning jasorati tufayli hayoti asrab qolingan ana shu insonlar va ularning avlodlari umri bilan o'lchanadi.