31 mart  kuni Qirğiziston Respublikasining Öş şahrida  tarixiy voqea yuz berdi. Bobur nomidagi Öş davlat akademik özbek musiqali drama teatri va  Özbek davlat akademik musiqali teatri örtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida ilk yirik loyiha — “Nodira” tarixiy dramasining premyerasi tomoşabinlar hukmiga havola etildi. 

Mumtoz şeʼriyatimizning yorqin yulduzlaridan biri, Qöqon malikasi Nodirabegim hayoti va ijodiga bağişlangan tarixiy drama  “Turon malikalari” turkumidan yozilgan qator tarixiy romanlar muallifi Şahodat Isaxonova qalamiga mansub bölib, uni Muqimiy nomidagi Özbek davlat akademik musiqali teatrining  boş rejissyori Doston Haqberdiyev va  teatr baletmeysteri Feruza Sarimsoqova sahnalaştirgan.

* * *

Tadbir mehmonlari: (çapdan) Özbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi vaki-li Farhod Elmurodov, şoir Botirjon Ergaşev, Muqimiy nomidagi Özbek davlat akademik musiqali teatri direktori, Özbekistonda xizmat körsatgan artist Azim Mullaxonov, Özbekistonda xizmat körsatgan artist Turğun Beknazarovlar.

Zalni töldirgan muxlislar olqişi ostida spektakl boşlandi va tomoşabinlar köz öngida, beixtiyor, mumtoz adabiyotimizning yorqin yulduzlari Nodirabegim, Uvaysiy, Dilşodi Barnolar va qadim Movarounnahrning  Qöqon xonligi va Buxoro amirligidagi ijtimoiy-siyosiy xayot, ajdodlarimiz, ularning turmuş tarzi, urf-odatlari, anʼanalari birma-bir namoyon böla boşladi.

Yozuvçi Şahodat Isaxonova  mahoratli adiba sifatida tarix sahnasini qoğozga, söngra, teatr sahnasiga köçirib kelmoqda. Uning qahramonlari bizning momolarimiz… Ular köhna dunyoga Şiroqlarni, Beruniylarni, yetti iqlim jilovini qölida tutgan Amir Temurlarni, Mirzo Uluğbeklarni, hazrat Navoiylarni bergan onalar! Ular hukmdor erlariga yelkadoş bölgan, saltanat jilovini ular bilan barobar tutgan,  yurtlarini maʼnaviyat va maʼrifat şamçiroği bilan yoritgan, masjidu madrasalar qurgan, xonaqoh, yöllaru rabotlar solgan oqila, donişmand Tömarislar, Turkon Xotunlar, Bibixonimlar, Gavharşod begimlar, Nodira begimu Uvaysiylar va Qurbonjon dodxohlardir… Ularning har biri zamon va makon taraqqiyoti uçun beqiyos uluş qöşişgan. Ularning safi juda köp, lekin Turon yurti tarixining urf-odatlari, anʼanalari ular iqtidorini, isteʼdodini, salohiyatini, mehnatini baralla aytişga, eʼtirof etişga çeklovlar qöygani bois, ular faqat şeʼrlarda, dostonlarda, şunda ham muhabbat fariştasi sifatida kuylangan. Ularning köplari ijtimoiy adolatsizlik, zulm va zöravonlik qurboni bölgan ayollardir. Dramada ularning hayoti, öziga xos yaşaş tarzi va ana şu ruhiy keçinmalari sahnama-sahna oçib beriladi.

Bobur nomidagi Öş davlat akademik özbek musiqali drama teatri direktori Aʼzamjon Abdurazzoqov va qirğiz milliy kiyimida Şahodat Isaxonova.

Ilk sahna Qöqon xoni Olimxonning ukasi şoir Umarxonning Mohlar oyimga (keyinçalik Nodirabegim maqomi berilgan) sovçilik voqeasi bilan boşlanadi. Sahnada Mohlaroyimning volidasi Oyşa begim va qiblagohi Ramonqulibiylar gavdalanadi.

Oyşa begim rolini teatrning taniqli aktyori Laylo Isaqova, Rahmonqulibiy rolini esa Olimjon Komilov ijro etişgan.

“Rahmonqulibiy: — Qizimiz Mohlaroyimga şahzodamiz Umarxonning niyatlarini söyladingizmi, onasi?

Oyşa begim: — Söyladim, biyim…

Rahmonqulibiy: — Ne javob berdilar?

Oyşa begim: — Heç narsa demadilar, biyim.

Rahmonqulibiy: — Yaxşilab tuşintirdingizmu? Rozilik bermasligi ham mumkinmu?

Oyşa begim: — Bilmadim, biyim… Lekin mening ham könglim çopmayotir… Ul yigit şahzoda bölsa… Şahzodalarning  turmuş tarzi ersa maʼlum. Törtta xotin yetmaganday, önlab kanizaklar saqlaşadur. Gul kabi avaylab östirgan farzandimiz ul katta dargohda unib-ösib ketarmikin?

Rahmonqulibiy: — Bizning ham katta dargohda sizni höq urgani yöq-ku, onasi!?

Oyşa begim: — Höq urmagani şulmu, biyim… Ölmay tirik qoldim, xolos… Mana bul diydam nelarga giriftor bölganini özim bilamen, siz qayerdin bilursiz? Afsuski, bul qabohat bir sizning ermas, barça erkak zotining qabohatidur! Alar öz nafslari va hirslarini jilovlay olmaganliklari bois, zurriyodlari ögaylik balosiga duçor bölub, ahli ayollari kundoşlik jahannaminda yonadurlar…

Rahmonqulibiy: — Indamay yurganingiz birlan dardingiz içingizda erkan-da, onasi!

Oyşa begim: — Bul dard birgina mening ermas, barça ayollarning dardidur… Kundoşlik va ögaylik nafaqat oğa-inilarning, balki saltanatning ham kuşandasidur, biyim”.

Ana şu dastlabki sahnadayoq, Oyşa bibining sözlari orqali ötmişdagi ayollarning ijtimoiy adolatsizlik tufayli çekkan azoblari, erkaklar tomonidan haq-xuquqi toptalgan, tahqirlangan, raşk ötida yongan holatlari köz öngingizda namoyon böladi.

Spektakldagi voqealar bir-biriga mantiqan boğlangan va yaxlit syujetni taşkil qilgan.

Oyşa begim taʼriflaganidek, ota-ona bağrida gul kabi yayrab ösayotgan Mohlaroyim hali hayotning aççiq-çuçugini totmagan, yomon insonlarga duç kelmagan, ularning feʼlidagi qabohatdan bexabar, u dunyoni özining xayollari yaratgan şeʼriyat olami kabi tasavvur qiladi, uning bağridagi insonlarni esa özining yaqinlari kabi köradi. Şuning uçun ham volidasi Oyşa begimning xavotiriga, hatto, ogohlantirişlariga ham parvo qilmaydi. U şeʼriyatga oşno, uning qalbi şeʼriyat uçun yaralgan. Yostiqdoşi şoir bölişi uning orzusi edi. Şu sabab, şahzoda Umarxonning şoirligi uning orzusi uşalayotganiga işora bölib körinadi.

…Mohlaroyim Marğilonga kelin bölib tuşganida undan baxtiyor odam yöq edi. Umarxon tomonidan “Şoirlar uyi”ning taşkil qilinişi, maşhur şoira Uvaysiyga şogird tuşişi, uylaridagi muşoiralar, şeʼriy devonlar tuzilişi, nafis majlislar, bularning barçasi bolalikdagi orzusining röyobi, hayotining mazmuni kabi körinadi…

Lekin xayol boşqa, hayot boşqa… U töy bölişdan oldin volidasi aytgan gaplarning neçoğli töğriligini öşal savdolar boşiga tuşgaç, anglaydi. Umarxon bilan boşlari bir yostiqda bölsa-da, eri uning köngil keçinmalaridan xabarsizligi, his-tuyğulariga begonaligi Nodirabegim qalbidagi işq gavharini barbod etadi. U bunday hayotga tayyor emas, hayotini bu tarzda davom ettirişga uning qurbi yetmaydi. Nodirabegim sevgan insoni  dargohidan ketişga qaror qiladi. Könglidan keçgan öylarini ustozi, şoira Uvaysiyga aytadi.

Şoira Uvaysiy rolini teatrning taniqli xonandasi, Qirğizistonda xizmat körsatgan artist Diloromxon Soipova, Mohlaroyim (Nodirabegimning) yoşligini teatrning yoş, umidli aktrisasi, Qirğiziston madaniyat aʼloçisi Odinaxon Abbosova mahorat bilan talqin etgan.

…Mohlaroyim köngil qöygan, uni jonidan ortiq suygan şahzoda Umarxon keyinçalik yana şayton qutqusiga uçadi. Oğasi Olimxon saltanatiga tajovuz qilgan duşmanlarga qarşi kuraşiş örniga, taxtga özi ega çiqişni öylaydi va hamfikr tarafdorlarining qutqusi bilan bunga erişadi. Oğasini bolalari bilan birgalikda qatl ettiradi va suvdan quruq çiqiş, haqiqatni yaşiriş uçun qatlda iştirok etgan barça guvohlarni yöqlik sahrosi tomon itqitadi.

Haqiqat sahnada, rejissyorning tafakkuri orqali ramziy maʼnolarda, sözsiz va işoralar orqali namoyon böladi. Aktyorlar fonida halok bölayotgan Olimxon va ikki farzandi böyniga sirtmoq ilingan holda xuddi kafanga öralgan kabi oppoq liboslarda xuddi bulutlar içida suzayotgan kabi muallaq turişipti. Jallodlar ularning böyniga sirtmoq soladi. Falokatni anglatuvçi musiqa fonida boşlaridagi oppoq qalpoqlari göyo ruhlari kabi osmonga kötariladi…

Sahnada Umarxon va Nodirabegimlar paydo bölişadi. Umarxon rolini Tohir Madrahimov, Nodirabegim obrazini esa teatrning xuşovoz xonandasi, Qirğiziston Respublikasida xizmat körsatgan artist Samidaxon Xolmatova maromiga yetkazib ijro etgan.

“Umarxon: — Xuş keldingiz, malikam…

Nodira begim: — Xudoga şukr, tört oy deganda yuz körişdik, şahzodam. Qözğolonni eşitib qörqib ketdim. Kelmoqçi erdim, beklaringiz ruxsat berişmadi. Heç kimga ziyon-zahmat yetmadimu, işqilib?

Umarxon — Körib turganingizdek, men soppa-soğmen. Faqat oğam va farzandlarini qutqara olmadik…

…Nodira begim: — Oh, şahzodam…

Umarxon: — Şukr, barçasi ortda qoldi, şahzodalarning uluği bölganligim uçun oğamiz taxtiga meni ötqazişib, Xon kötarişdi… Meni qutlaşingiz mumkin…

Nodirabegim: — Sizning oğa-inilaringiz, mening ersa jon-jigarlarim qoni birlan bulğangan taxt va  xonlikni qutlaşga tilim qanday boradur?”

Şu payt eşik oğasi köriniş berib,  Umarxonga Olimxonning volidasi kelganini va kirişga ruxsat sörayotganini aytadi.

Qörqib ketgan Umarxon bahona bilan ularni xoli qoldiradi…

Farzandidan va nabiralaridan judo bölgan ona — Xonoyim obrazini teatrning  aktrisasi, Qirğizistonda xizmat körsatgan artist Mavluda Abdujabborova mahorat bilan öynagan. Uning ğam-alam töla faryodli sasi göyo boşqa onalarni huşyorlikka çaqirayotganday. Uning sözlari duoibad kabi yangraydi. Zero, zulmning tovoni oğir…

Keyingi sahnada duoibad öz isbotini topadi. Taxtni bir umrlik, umrni esa mangu deb bilgan Umarxon oğir dardga çalinadi. Uni yöqlab kelgan  Nodirabegimga yuragidagi sirlarini oşkor etadi.

Umarxon: — Men noşudu notavon banda bul hayotni ne deb tasavvur etdim? Nega işondim, nega suyandim? Qani, öşal meni şer yangliğ sarkaş qilgan, ummon kabi tölib-toşirgan qudrat? Hammasi xayol, barçasi sarob erkanligini, inson otliğ bul banda aslinda çumoli kabi zaif, bedavo dard yangliğ çorasiz erkanligini endi tuşundim, lekin keç tuşundim…”

Öş şahar vitse meri Masuda Aydarbekova spektaklni sahnalaştirgan rejissyor Dostonbek Xaqberdiyevga hokimiyat “Taşakkurnoma”sini topşirmoqda.

Dramada jaholat va adolatsizlik hukm surgan zamonda öz şaʼni, nomusi, insoniy qadr-qimmatini himoya qiliş uçun kuraşmoq zarurligi adoqsiz alamlar çekkan haqparast Nodirabegim obrazi orqali oçib beriladi. Hukmdorlar va ularning amaldorlari boşqalarning erkini poymol etiş, ğururini sindiriş, zöravonlik qiliş, tahqirlaş adolatsizlik ekanligini anglaşmaydi. Va ana şu anglamaslik oqibatida özlarini ham yöqlik qaʼriga mahkum etadilar.

Spektakl voqealari aktyorlar mahorati bilan maromiga yetkazib öynalgan.

Şayxul Islom rolida Qirğiziston madaniyat aʼloçisi Baxtiyor Hurboyev, Nasrullaxon rolida Qirğiziston madaniyat aʼloçisi Dilşod Qurçiyev,  Olimbek dodxoh rolida Qirğiziston madaniyat aʼloçisi Ilhom Mamatoxunov, Muhammad Alixon rolida Muzaffar Baxtiyorov, Xonpoşşoxon rolida Yorqinoy Şaripova, Qurbonjon bekaç rolida Mubinaxon Tojiyevalar öz obrazlari talqinini mahorat bilan ijro etişdi.

Sahna bezaklari, saroy körinişi, qahramonlar kiyimlari, qurol-yaroğlar barçasi voqea sodir bölgan davrga uyğun ravişda tanlangan. Ijro etilgan kuy va qöşiqlar şoira Nodirabegim va şoir hamda hukmdor Umarxon Amiriy şeʼrlariga bastalangan.

Nodira roli ijroçisi, Qirğiziston Respublikasida xizmat körsatgan artist Samidaxon Xolmatovaga Özbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri buyruğiga asosan, “Madaniyat va saʼat fidokori” kökrak nişoni topşirildi.

Spektakl tomaşabinlar tomonidan qizğin kutib olindi. Tomoşaga taşrif buyurgan Öş şahar vitse meri  Masudaxonim Aydarbekova spektakl ijodkorlarini va teatr jamoasini yangi tarixiy asar bilan tabriklab, özbekistonlik hamkorlar — asar muallifi Şahodat Isaxonova, sahnalaştiruvçi rejissyor Doston Haqberdiyev va baletmeyster Feruza Sarimsoqovalarni madaniy hamkorlikka qöşgan hissalari uçun Öş şahar hokimligi “Taşakkurnoma”lari bilan taqdirladi.

Şundan söng Özbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Teatr va sirk sanʼatini rivojlantiriş boşqarmasi rahbari v.b. Farhod Elmurodov ham spektakl ijodkorlari va teatr jamoasini yangi asar bilan tabriklab, spektaklda Nodira obrazini yuksak mahorat bilan ijro etgan aktrisa Samidaxon Xolmatovaga Özbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri buyruğiga muvofiq “Madaniyat va sanʼat fidokori” kökrak nişonini tantanali ravişda topşirdi.

Tadbirda  “Nuroniy” jamğarmasi  respublika Boşqaruvi raisining birinçi örinbosari, taniqli jurnalist Şarof Ubaydullayev, Muqimiy teatri direktori, Özbekistonda xizmat körsatgan artist Azim Mullaxonov, Özbekistonda xizmat körsatgan artist Turğun Beknazarov, Özbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatşunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti direktori Botirjon Ergaşev, tarixçi va adabiyotşunos olimlar —  Andijon davlat universiteti professorlari Rustam Şamsuddinov, Bahodir Rahmonov, ijodkorlar Nurali Qobul, Sarvar Usmon va Andijon davlat çet tillari instituti dotsenti Maʼrifatxon Qosimova ham iştirok etişib, spektakl haqida öz fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Mazkur premyera ikki qardoşu jondoş qirğiz va özbek xalqlari örtasidagi döstlik, madaniy aloqalar hamda ijodiy hamkorlikning yana bir yorqin namunasiga aylandi.

Şarof UBAYDULLAYEV,

“Toşkent — Öş — Toşkent”.

2026 yil 1 aprel.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan